Xalqaro Mehnat Tashkiloti: O'zbekistonda 2018-yilda 170 ming odam majburan paxta tergan

Xalqaro Mehnat Tashkiloti O'zbekistonda majburiy mehnatning har qanday turiga qarshi kurashda hukumat va fuqaro jamiyati bilan ishlayotganini bayon etib keladi (ILO Uzbekistan)

Yaqingacha O'zbekiston majburiy mehnat va bolalar mehnati keng kuzatiladigan davlatlardan biri deb qayd etilar, vaziyat dahshatli deya baholanar edi. Lekin Xalqaro Mehnat Tashkilotining so'nggi hisobotiga ko'ra, ahvol sezilarli dajarada yaxshilangan. 2018-yilda paxta terimiga zo'rlab olib chiqilganlar 2017-yilgiga qaraganda 48 foizga kamaygan. Ya'ni 170 ming odam hosilni yig'ib olishga majburlangan.

1-aprel kuni Bryusselda taqdim etilgan tahlilnomada Xalqaro Mehnat Tashkiloti paxta terimi uchun haq 85 foizga oshdi va terimchilar maoshni vaqtida va to'liq oldi, deya tasvirlaydi.

O'zbekiston paxta yetishtirish va eksport qilishda dunyoning yetakchi davlatlaridan biri. Lekin "oq oltin" asosan qo'lda teriladi va bu sohada majburiy mehnat chuqur ildiz otgan edi.

2017-yilgacha har yili millionlab odamlar, xususan o'quvchi, talaba, o'qituvchi va sog'liq saqlash muassasalari xodimlari dalaga haydalar va ayanchli sharoitlarda 2-3 kun davomida ishlatilar edi. Chiqmaganlar "jarima" to'lar, ishdan haydalish yoki izza qilinish hollari bilan yuzlashar edi. 2018-yilda ham shunday holatlar haqida shikoyat qilganlar bo'lgan, lekin O'zbekiston hukumatining qayd etishicha, bunday qonunbuzarliklar va huquqbuzarliklar jiddiy tekshirilgan va javobgarlar jazolangan.

Chunki, deya tushuntiradi yuqori lavozimli rasmiylar, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurash - davlat siyosati. Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning ma'muriyati bu borada xalqaro hamjamiyat oldidagi vazifa va majburiyatlarini to'liq tan olib, ularga amal qiladi hamda o'z xalqi mehnatini qadrlaydi, deydi bugun Bryusselda so'zlagan delegatsiya vakillari.

O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Tanzila Norboyeva va Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev o'tgan ikki yilni murakkab, lekin muvaffaqiyatli yo'l deya izohlaydi. Bugun, deydi ular, O'zbekistonda mehnat sharoiti, xususan paxta yetishtirish va uning terimi bilan bog'liq jarayonlarda inson huquqlariga e'tibor oshgan. Bolalar va talabalar majburiy mehnatga jalb etilmaydi. Kattalar orasida ham majburlanganlar kamayib bormoqda, lekin yangi tartib-qoidalarini joylarda targ'ib qilish hamon muammo. Mas'uliyat, javobgarlik va oshkoralik hissini shakllantirish, qonun va huquq amaliyotini ta'minlash uchun vaqt va tinimsiz harakat zarur, deydi ular.

Huquq himoyachilari orasida bugungi yutuqlarni tan oladiganlar ko'p, lekin ayrim faollar nazarida, hukumat xalqaro hamjamiyat ko'zi va maqtovi uchungina chora ko'rib, tub muammolar, xususan mahalliy amaldorlarning buyruqbozligi va korrupsiyaga ko'z yumishda davom etmoqda.

Vashingtonda asoslangan "Paxta kampaniyasi" xalqaro koalitsiyasi ham vaziyatga nisbatan shunga o'xshash pozitsiyada. Uning nigohida ham O'zbekistonda majburiy mehnat bartaraf etildi, deya bong urishga hali erta. Biroq koalitsiya hukumat bilan muloqotda. Guruh Xalqaro Mehnat Tashkilotini xolis axborot berishga chaqirib keladi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti tavsiyalaridan biri: O'zbekiston paxta sanoati xususiylashishi kerak

Jahon bankiga ko'ra, paxta yetishtirishda O'zbekiston hozir 6-o'rinda. Har yili 2,5 million odam paxta teradi, aksariyati xotin-qizlar.

1992-yilda O'zbekiston eksportining 90 foizi paxta edi, 2016-yilda 3,4 foizni tashkil etgan. 1992-yilda yalpi milliy daromadning 10 foizi paxtaga to'g'ri kelar edi, 2016-yilda 1,8 foizga tushgan. Mutaxassislar so'nggi ikki yilda bu ko'rsatkichlar o'zgarganini aytsa-da, aniq raqamlar berilmaydi.

Xalqaro Mehnat Tashkilotining asosiy tavsiyalaridan biri - paxta sanoatini markazlashgan va buyruqbozlikka asoslangan tizimdan chiqarib, xususiylashtirish.

O'zbekiston rasmiylari va Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakillari, Bryussel, 1-aprel, 2019

Kudbiyev va Norboyevaning tushuntirishicha, O'zbekiston endilikda klaster tizimiga, ya'ni paxtani yetishtirish, yig'ib olish, qayta ishlash va eksport qilishni bir tartibli xususiy sistemaga solish amaliyotiga o'tmoqda.

Hukumat rejasi shuki, paxta sanoatining 50 foizi bu yil oxirigacha shunday tizimga o'tishi kerak. Xalqaro Mehnat Tashkilotini buni quvvatlamoqda. Tanqidiy fikrdagilar esa bu jarayon hukumat tasavvur qilganidan bir necha karra murakkabroq, deya ogohlantiradi.

AQSh va BMT O'zbekiston hukumatining majburiy menhatga qarshi choralarini quvvatlab, islohotlar jadallashaveradi, degan umidda. Qo'shma Shtatlar Mehnat vazirligi yaqinda O'zbekiston paxtasini "qora ro'yxat"dan chiqardi, ya'ni bu mahsulot endi majburiy yoki bolalar mehnati mahsuli emas, deya e'lon qildi. Bu bilan Amerika xususiy sanoatiga O'zbekiston tomon yana bir yo'l ochildi. Endi AQSh bizneslari respublika paxtasi bilan bog'liq ishlarga qo'l ura oladi. Oldin bu cheklangan edi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti O'zbekistondagi ahvolni qanchalik xolis baholamoqda? Agentlik mutaxassislari va rasmiylari tahlilnoma muntazam kuzatuv va muloqot, mustaqil tekshiruv va obyektiv usullar orqali tayyorlangan, deya javob beradi. Hisobotdagi har bir xulosa uchun Xalqaro Mehnat Tashkiloti javobgar, deyiladi hujjatda.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) taskilotining Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eksperti Stiv Sverdlov tahlilnomani ishonchli deb biladi va O'zbekiston hukumatini BMT agentligining tavsiyalarini amalga oshirishga undamoqda. O'zbekistonda odamlar erkin uyushib, huquq faollari o'z tashkilotlarini tuzib, bemalol faoliyat yurita olishlari lozim, deydi Sverdlov.

Sobiq siyosiy mahbus, 11 yil qamoqda o'tirib chiqqan A'zam Farmonov paxta terimini monitoring qilgan huquq faollaridan biri. Uning fikricha, O'zbekistonda majburiy mehnat endi sistematik muammo emas, biroq mahalliy hokimiyatlar darajasida kurash sust. Shuningdek, deya tushuntirdi Farmonov Bryusseldagi anjumanda, O'zbekistonga yangi avlod huquq himoyachilari kerak. Tajribali faollar saflari kengayishi uchun jonbozlik ko'rsatib, jamoatchilik orasida aktivistlar nufuzini va ularga nisbatan ishonchni oshirishlari zarur.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili Yonas Astrup deydiki, Farmonov singari faollar bilan hamkorlik davom etadi va kengayadi. Muhimi, bunday sheriklikning samarasi sezilsin.