Nyu-Yorkda O'zbekistonning turistik salohiyatini namoyish etuvchi yorliqlar o'zbekistonlik haydovchilar orasida tarqatildi. Shu orqali Amerikadagi o'zbekistonlik faollar O'zbekiston konsulligi bilan hamkorlikda mamlakat va uning turistik shaharlarini amerikaliklar orasida targ'ib qilmoqchi.
Nyu-York shahri. Bu yerga ko'chib kelayotgan o'zbekistonlik immigrantlar orasida kirakashlik qilib ro'zg'or tebratadiganlar juda ko'p. Ular so'nggi yillarda, asosan, Uber, Lyft kabi mobil ilova vositasida xizmat ko'rsatadigan transport kompaniyalari bilan ishlaydi.
Yaqinda ana shunday yakka tartibda yo'lovchi tashuvchi 40 dan ortiq o'zbekistonlik Bruklin tumanidagi Kalver Vauks parki yonida yig'ildi. Maqsad - tarixiy vatanlarini Amerikada tanitish tashabbusini qo'llash.
Tashabbus Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklarning "Vatandosh" O'zbek-Amerika Federatsiyasidan chiqqan va uni O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi hamda O'zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi dastaklagan.
“Mazkur tadbir mamlakatning boy tarixi, qadriyatlari, muqaddas qadamjolari to'g'risidagi ma'lumotlarni AQSh aholisiga yetkazishda yangi bosqich bo'lib xizmat qiladi, degan umiddamiz. Tadbir doirasida O'zbekiston qadimiy shaharlari Samarqand, Buxoro, Xiva aks ettirilgan stikerlar yurtdoshlarimiz boshqarayotgan avtomobillarga, Uber taksi mashinalariga o'rnatildi. Bundan tashqari ushbu taksi mashinalari haydovchilariga O'zbekistonga sayohat qil shiori ostida tayyorlangan broshyuralar ularning mijozlari orasida tarqatish uchun yetkazib berildi. Mart oyida shu kabi tadbirlar AQShning Kaliforniya, Pensilvaniya, Vashington va Illinoys shtatlarida ham amalga oshirildi”, - deydi konsul Kamol Ikramov.
“Men konsulligimiz qilayotgan bu ishdan juda ham xursandman. Chunki dunyo O'zbekistonni tanishini xohlayman”, - deydi o’zbekistonlik Alisher Hasanov.
15 yil oldin Amerikaga ko'chib kelgan toshkentlik Alisher Hasanov ham, grin karta yutib kelganiga 1,5 yil bo'lgan samarqanlik Faxriddin Safarov ham har kuni o'nlab yo'lovchilarni manziliga yetkazadi, mahalliy aholi bilan muloqotda bo'ladi. Ularning aytishicha, aksariyat yo'lovchilari O'zbekistonni bilmaydi.
“Amerikaliklar sayohatni yaxshi ko'radigan xalq. Lekin informatsiya kam bo'lgani uchun uncha ko'pchilik bormaydi. Mana endi shu tufayli ko'rib juda qiziqadi. Qayerdansiz deb so'raydi. Aytaman, o'rta osiyolikman, o'zbekistonlikman deyman. Bular ko'pincha adashtiradi, Pokistonmi, Afg'onistonmi deydi. Men aytaman, yo'q ozgina teparoqda. O'rta Osiyoda deyman. Aytaman, men Toshkent, Samarqand, Buxoro deyman, ular bilmaydi”, - deydi Hasanov.
“Mana bu narsani ilib qo'yganim uchun ko'p so'rashadi qayerdansan deb. O'zbekistondanman deyman. Keyin ko'p o'ylanib qolishadi. “Aziya”danman deyman. Shundan so'ng kartaga qaraydi. Xaritada ko'rib turib yaxshi-yaxshi deb qoladi hammasi”, - deydi Faxriddin Safarov.
Aholisi soni 33 milliondan oshiq O'zbekiston chetdan boradigan har bir sayyohni o'z iqtisodiyoti uchun sarmoya sifatida ko’radi. Mamlakatdagi hozirgi rahbariyat sayyohlar oqimini oshirish vazifasini xorijdagi elchixonalar oldiga ko'ndalang qilib qo'ygani ham sir emas. Demak, turistik mavsumni tashkillashtirish endi siyosiy masalaga aylantirilgan.
“Birinchi bo'lib O'zbekistonning yuzi sizlar. Bularning keltirayotgan sarmoyasi, puli kimgadir pensiya, kimgadir stipendiya bo'ladi. Savob ishga qo'l urgan bo'lamiz hammamiz. Shuning uchun bularni rasmiyatchilik emas, vatanparvarlik nuqtai nazaridan qilsalaringiz foydadan xoli bo'lmaydi” – deydi O'zbekiston konsulligi xodimi Qahramon Dalimov.
Nyu-Yorkda yashaydigan o'zbekistonlik faol Dilshod Zokirov bu kabi tashabbuslar hukumatning xorijdagi vatandoshlarga munosabati o'zgarganiga javoban yuz berayotganini aytadi.
“Odatda, men O'zbekistondanman desangiz, “I know Pakistan” deydi, ya'ni Pokistonni bilaman deydi. O'shanda biz qo'shimcha kuch sarflab O'zbekiston haqida gapirishimizga to'g'ri keladi. Bu bir xil paytda “Uber”da, “Lyft”da ishlaydigan haydovchilarning jig'iga tegadigan narsa, chunki sizning vataningizni amerikaliklar bilmasa o'ylayman har qanday haydovchiga salbiy ta'sir qiladi. Shu sababdan birinchidan (maqsad) O'zbekiston nomini ko'rsatish”, - deydi u.
Nyu-York ko'chalarida o'tkazgan so'rovimiz ham O'zbekistonni ko'pchilik bilmasligini ko'rsatdi. Lekin biladiganlar ham yo'q emas.
“Men O'zbekiston degan mamlakatni bilaman. U sobiq SSSRning bir bo'lagi. Samarqand haqida eshitganman. U tarixiy shahar. U boy o'tmishga ega. Afsuski, u yerda bo'lmaganman. Umid qilaman, kelajakda borarman. Men ushbu mamlakat haqida o'qiganman, yangiliklar orqali taniganman”, - deydi Alesandro ismli nyu-yorklik.
“O'zbekiston haqida, ha, bilaman. Samarqand haqida eshitmaganman. Buxoroni bilaman. Asli Yamaykadanman, britancha ta'limni olganman. Bizga geografiyani yaxshi o'rgatishgan”, - deydi Jozef ismli yana bir amerikalik.
Nyu-Yorkda o'tkazilgan tadbir oxirida vatandoshlar o'z mashinalari bilan inglizcha “I love Uz” yozuvini hosil qilib vatanga bo'lgan mehrlarini ham bayon qildi.
“Fursatdan foydalanib, o'z ona yurtidan yiroqda yashayotganliklariga qaramasdan, vatanparvarlik tuyg'usi qalbida jo'sh urayotgan, yurtimizning ravnaqi uchun o'z hissasini qo'shayotgan vatandoshlarimizga o'z minnatdorchiligimni bildiraman”, - dedi O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsuli Kamol Ikramov.
Tashkilotchilar tarqatgan jami ikki ming stiker va broshuralarda reklama qilingan O'zbekiston amerikaliklarni naqadar o'ziga tortishini endi bu yilgi sayyohlik mavsumi ko'rsatadi.