O'zbekiston hukumati va mahalliy huquq tashkilotlari bilan muloqot olib borayotgan ikki xalqaro organga ko'ra, Toshkent ular bilan xo'jako'rsinga gaplashayotgani yo'q. O'zgarish qilishga intilayotganlar ko'p, xususan mansabdorlar orasida, deydi "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti eksperti Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow). Norvegiya Xelsinki qo'mitasining Markaziy Osiyodagi vakili Marius Fossum fikricha esa hozir - hamkorlikning ilk bosqichi. Bu organlar qanday yordam bera oladi? O'zbekiston nima istaydi? Mamlakat faqat hukumat emas, deydi bu mutaxassislar, fuqaro jamiyati xalq dardini aks ettiruvchi tizim sifatida oyoqqa turishi kerak.
'Amerika Ovozi" bilan Toshkentdagi muzokaralar orasida gaplashgan Fossum va Sverdlov Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya va boshqa vazirliklar bilan aloqada, shuningdek, Ombudsman idorasi, islohotlarni targ'ib qiluvchi "Taraqqiyot strategiyasi" markazi hamda "Yuksalish" milliy harakati bilan rishtalar o'rnatgan.
"Qay jihatdan yordam bera olsak, beramiz. Islohotlar samara berishini xohlaymiz", - deydi Fossum.
Uning qayd etishicha, fuqaro jamiyati va matbuot erkinligi kengaymasa, hozirgi jarayonlar ish bermaydi. Sverdlov tahlilicha, hukumat buni tushunadi.
O'zbekiston bu xalqaro tashkilotlar bilan o'z imijini yaxshilash uchungina gaplashayotgan yoki hamkorlik qilayotgan bo'lsa-chi?
"Uchrashuv va muloqotlardan bilamanki, hukumatda o'zgarishlar sari sidqidildan harakat qilayotgan juda ko'p, turli yoshdagi, turli lavozimlardagi", - deydi HRW vakili.
Huquq tashkilotlarining asosiy vazifasi adolat targiboti, hukumat yoki davlat imijini mustahkamlash emas, deya eslatadi u.
"Hukumat o'z nufuzi oshishini, mamlakatda ko'proq sarmoya va sayyoh kelishini istaydi, bu aniq. Lekin biz bilan buning uchungina muzokara olib borayotgani yo'q. Biz - tanqidiy ovozmiz. Biz xatolarni ko'rsatamiz. Tuzatish uchun tavsiyalar beramiz. Huquqbuzarlik holatlarini fosh etamiz. Xalqaro majburiyatlarni eslatib turamiz. Xalqaro qadriyatlarga urg'u beramiz," deydi Sverdlov.
Fossum ham huquq tashkilotlari va hukumat orasida konstruktiv yondashuvga asoslangan hamkorlik zarurligiga urg'u beradi. Harakatlarni susaytirmaslik kerak.
"Hukumat fuqaro jamiyati va matbuotga yo'lni kattaroq ochaverishi, erkinlikka yo'l berishi va shu yo'ldan borsa, mamlakat real tarzda taraqqiy etishini anglashi zarur", - deydi Norvegiya huquq tashkiloti vakili.
Bu ekspertlar O'zbekiston qamoqxonalarida siyosiy sabablar, ya'ni muxolif qarashlari uchun qamalgan minglab odamlar bor, deya ta'kidlab turibdi.
'Mahbuslarni ozod etish jarayoni davom etmoqda. O'zbekiston nafaqat xalqaro balki mahalliy bosimga ham javob bermoqda", - deydi Sverdlov.
Chiqayotganlarning arzi tinglanishi, ular normal hayotga qaytishi uchun sharoit yaratib berilishi zarur, deya undamoqda bu mutaxassislar. Oson bo'lmaydi, lekin islohotlar jarayoni mahbuslar reabilitatsiyasini ham ko'zda tutishi kerak.
"Hukumat bilan bu borada gaplashayapmiz", - deydi Sverdlov. "Eng qiyin ishlar oldinda".