AQShda soxta nikoh gumoni bilan 50 kishi hibsda

  • Amerika Ovozi

AQShda soxta nikoh bilan immigratsiyaga doir qonunlarni qo’pol buzganlikda ayblanib, 50 kishi hibsga olingan.

Ayblov hujjatlariga ko’ra, jinoyat sxemasi Texas shtatida yo’lga qo’yilib, Vyetnam fuqarolari va shtatdagi shaxslar o’rtasida amalga oshirilgan.

Da'vo qilinishicha, vyetnamliklar soxta nikoh tuzish yo’li bilan AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini olish uchun Eshli Yen Nguyen boshqargan tashkilotga 50 ming dollardan 70 ming dollargacha pul to’lagan.

To’langan pulning ma’lum qismi tashkilot til biriktirgan amerikaliklarga berilib, nikoh hujjatlari va shartlari kelishib olingan, deyiladi hujjatlarda. Ularga ko'ra, tashkilot ana shunday yo’l bilan jinoyat sxemasiga ko’proq AQSh fuqaroligiga ega shaxslarni jalb qilishga uringan.

Tashkilot immigratsiya hujjatlarini ham soxta ma’lumotlar bilan tayyorlab berishni o’z zimmasiga olgan. Qalbaki nikoh fotoalbomi, soliq, kommunal xizmatlar va bandlik bilan bog’liq soxta hujjatlarni ilova qilgan.

Umumiy 96 nafar kishiga qarshi e’lon qilingan ayblov nikoh, maktublar, immigratsiya bo’yicha firibgarlik, qasamyod ortidan yolg’on ko’rsatma berish va soxta guvohlik berish kabi jinoyatlarni o’z ichiga oladi.

“Soxta nikoh ishi jiddiy jinoyat. AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati milliy xavfsizlik va immigratsiya tizimining to’laqonli ishlashini ta’minlashda sadoqat bilan kurashishda davom etadi”, - deydi xizmatning Xyuston shahri bo’limi rahbari Toni Brayson.

Prokurorlarga ko’ra, qalbaki nikohga kirgan tomonlar hech qachon birga yashamagan va yashash istagi ham bo’lmagan. Ular nikoh hujjatiga imzo chekishdan avval qisqa muddat yuzma-yuz ko’rishgan xolos.

AQSh fuqarosining turmush o’rtog’iga mamlakatda doimiy yashash va ishlash huquqini so’rab qilgan murojaatini ko’rib chiqish uzoq vaqt oladigan jarayon. Fuqarolik va immigratsiya xizmati er-xotin nomiga rasmiylashtirilgan umumiy mulk yoki ijara shartnomasi, umumiy egalik qilinadigan moliya, nikoh haqiqiyligi haqida guvohlarning ko’rsatmalari kabi hujjatlarni talab qiladi.

Shuningdek, fuqaro va uning turmush o’rtog’idan ko’plab anketa va ilovalar taqdim etish so’raladi. Har ikki tomon immigratsiya xodimlari bilan suhbatdan o’tadi. Er va xotin noto’g’ri ma’lumot berganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantiriladi.