Turkiyadagi qirg‘izistonliklar: Qiyinchiliklarni birga yengamiz

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda tug‘ilib o‘sgan Anora Kayahan Turkiyaning Izmir shahriga kelin bo‘lib tushgan. Bu yerda o‘qituvchilik bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga 2018-yilning dekabrida ochilgan Qirg‘izlarning birdamlik, madaniyat va ta’lim jamiyatiga boshchilik qilyapti, Izmirdagi qirg‘izistonliklarni ana shu jamiyat atrofida birlashtirishga urinyapti.

“Izmirda yashayotganimga yigirma yildan oshdi. Oxirgi 2-3 yilda Qirg‘izistondan ishlash uchun kelayotganlar soni ancha ortdi. Ular turli qiyinchiliklarga duch kelishadi. Birinchidan, mahalliy tilni, urf-odatlarni bilishmaydi. Ishda ham turli muammolar chiqadi. Ularga yordam ko‘rsatish maqsadida shu jamiyatga asos soldik. Turk tili va madaniyatini, oddiy hayotdagi muomala me’yorlarini o‘rgatamiz, biz turkiy xalqlar bo‘lsak-da, madaniyatlarimiz bir-biridan farq qiladi. Qolaversa, bu yerdagi hamyurtlarimiz o‘z huquqlari va majburiyatlarini bilishlarini istaymiz. To‘g‘ri, ularni ishga joylab qo‘yolmasligimiz mumkin, lekin qanday qilib to‘g‘ri ish topishlariga ko‘maklashamiz”, – deydi Anora Kayahan.

Anora opaning aytishicha, Izmirda taxminan 500 qirg‘izistonlik bor, ular bu shaharga ishlash va o‘qish uchun kelgan. Ayni payt jamiyatga 100-150 atrofida qirg‘izistonlik jalb etilgan. Ular muntazam yig‘ilib turishadi, bayramlar va tantanalarni birga o‘tkazishadi, milliy taomlarini pishirib, birgalikda baham ko‘rishadi.

Bundan tashqari, Qirg‘izistonni va qirg‘iz madaniyatini tanitish uchun madaniy tadbirlar tashkil etishadi, qirg‘iz milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ham ishlab chiqarishadi, shaharda tashkil etiladigan ko‘rgazmalarga ana shu mahsulotlarini olib kelishadi. Jamiyat kelgusida turizm sohasida loyihalarni amalga oshirishni va ikki mamlakatga sayohatlar uyushtirishni rejalashtirgan.

Doston Razoq uli – Izmirdagi qirg‘izistonlik talabalar yetakchisi va qirg‘izistonliklar jamiyatining faoli.

“Ko‘pincha ishlayotgan qirg‘izistonliklar muammolarga duch kelishadi. Masalan, ish joyidan pullarini olisholmaydi, chunki ba’zilari norasmiy ishlashadi. Bundan tashqari, viza va yashash uchun ruxsatnoma olishda ham qiyinchiliklarga uchrashadi, yana boshqa muammolar ham bor. Agar bir-ikkita muammo bo‘lganida edi, konsullik yoki elchixonaning aralashuvi bilan hal qilsa bo‘lar edi, muammolar ko‘p bo‘lgani uchun ham shu jamiyatni ochishga ehtiyoj tug‘ildi”, – deydi u.

Qirg‘izistonliklar jamiyati aynan Anora Kayahanning sa’y-harakatlari natijasida ish boshladi, buning uchun u o‘z mablag‘ini ayamadi, jamiyatning sarf-xarajatlarini ham to‘lab kelyapti. Anora opa jamiyat a’zolari muayyan miqdorda badal to‘lab borishlarini istaydi.

“Chunki hayotda har xil vaziyat bo‘lishi mumkin, pul yig‘ib borsak, qiyinchilikka duch kelgan hamyurtlarimizga yordam berishimiz osonroq bo‘ladi, – deydi u. – Bu yerda hatto ko‘chada qolganlar ham uchrab turadi, ularga qo‘ldan kelgancha ko‘mak beramiz”.