Anqara NBA basketbolchisini terrorchilikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Asli turkiyalik NBA basketbolchisi Enes Kanterni Anqara terrorchi deb e’lon qilgan. Pasportini bekor qilgan. U AQShda quvg’inda bo’lgan diniy arbob Fathulla Gulen bilan aloqadorlikda ayblanadi.

Anqaraga ko’ra, Gulen 2016-yilda Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an hokimiyatini ag’darishga qaratilgan muvaffaqiyatsiz harbiy to’ntarish ortida turgan. Prezidentning uzoq yillik tanqidchisi bo’lgan Kanter hayoti xavf ostida ekanini aytmoqda. Sportchi yotog’i oldida avariya signali uskunasi bilan uxlaydi. Tahdidlarga qaramay, basketbol yulduzi sportdagi faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

Muborak Ramazon oyida turkiyalik basketbol yulduzi Enes Kanter ro’za tutishni kanda qilmadi.

Bu yilgi Ramazon Amerikada NBAning muhim pley-of o’yinlari davriga to’g’ri keldi.

“O’yinlar oldidan iftorlik qilar edim. Oltita sendvich, banan, mevalar yeb, energetik ichimlik ichardim. Jamoadoshlarim hayron qaraganda, ochman, nima qilay, derdim”, - deydi Kanter.

Kanter Milliy Basketbol Assotsiatsiyasida o’ynash orzusiga yetgan. Ayni damda Oregon shtatining “Portland Trail Blazers” jamoasi bilan 18 million dollarlik shartnoma asosida mahoratini namoyish etmoqda.

Biroq Turkiyadagi oilasidan uzilib qolgani muammo bo’lib turibdi. Kanter yaqinlarini besh yildan beri ko’rmagan. Onam ko’rar degan umidda “Twitter”dan tabrik yo’lladi.

“Albatta, oilam bilan aloqa yo’qligi menga ta’sir qiladi. Singlim dekabr oyida turmush qurdi. To’yda qatnasha olmaganim alam qiladi”, - deydi u.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’anning uzoq yillik tanqidchisi Kanter, Anqara nazarida, terrorchi. Pasporti bekor qilingan. AQShdan uni Anqara ixtiyoriga topshirish talab qilinmoqda.

Shu bois Kanter AQSh hududidan tashqariga chiqishga xavfsiraydi.

“Ular meni terrorchi deb ataganida jamoadoshlarim, muxlislar va murabbiylar kulib yuborishdi. Bu Turkiya hukumatining o’ziga xos tabiatini namoyish etadi”, - deydi sportchi.

Turkiya prokuraturasi Kanterni to’rt yil qamoq jazosiga tortishni so’ragan. Sportchi “Twitter”da Erdog’anni diktator deb ataganlikda ayblangan.

“Qilgan aybim inson huquqlari va demokratiyani qo’llab-quvvatlaganim”, - deydi u.

Kanter o’z jamoasining g’arbiy mintaqa finaliga chiqishida muhim rol o’ynadi. O’yin Turkiya uchun ham faxr bo’lishi mumkin edi. Afsuski, Turkiyada o’yin efirga uzatilmadi.

Kanter kelajakda siyosiy karyera qilishi mumkinligini aytadi. Biroq unga qadar inson huquqlari himoyasi uchun kurashishda davom etaman, deydi u.