AQSh o'rta masofali raketalarni taqiqlovchi tarixiy bitimdan chiqdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Ronald Reygan (o'ngda) va Sovet Ittifoqi yetakchisi Mixail Gorbachyov O'rta va qisqa masofaga uchadigan raketalarni yo'q qilish bo'yicha bitimni imzolamoqda, Oq uy, 1987-yil.

AQSh 2-avgust kuni O'rta va qisqa masofaga uchadigan raketalarni yo'q qilish bo'yicha o'tgan asrda erishilgan tarixiy shartnomadan chiqqanini e'lon qildi. Rossiyaning kelishuv shartlarini buzayotgani haqidagi NATO xulosasi asosida shunday qarorga kelingan.

"Rossiya SSC-8 yoki 9M729 kabi quruqlikdan o'rta masofaga uchadigan raketa tizimlarini yo'q qilish bo'yicha majburiyatlarini to'liq bajara olmadi. Kelishuvning ishdan chiqishiga faqat Rossiya aybdor", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Unga ko'ra, AQSh Rossiya qasddan buzadigan kelishuvlarga sherik bo'lmaydi.

"Rossiyaning bitimga rioya qilmasligi AQShning oliy manfaatlariga pand beradi. Rossiyaning shartnomaga zid raketa tizimlarini yaratishi AQShga va bizning hamkorlarimiz hamda ittifoqchilarimizga to'g'ridan-to'g'ri tahdid", - dedi u.

Ayni paytda AQSh Prezidenti Donald Tramp Sovuq urush davridagi tarixiy bitim o'rniga yangi kelishuv imzolanishidan umidvor.

"Rossiya yadro bitimi bo'yicha nimadir qilmoqchi. Menga farqi yo'q. Ular nimadir qilsa, men ham qilaman", - dedi Tramp.

"Bitimning faoliyatdan to'xtashi oqibatida dunyo yadro urushiga qo'yilgan bebaho to'siqni boy beradi, - dedi BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish. - Bu esa ballistik raketalar solayotgan tahdidni kamaytirmaydi, aksincha, kuchaytiradi".

AQSh rasmiylari bir necha oylardan beri Rossiya raketaga oid kelishuvni buzayotgani haqida shikoyat qilib kelayotgan edi. Kreml esa bitim shartlariga Rossiya to'liq rioya qilayotganini da'vo qiladi.

Prezident Vladimir Putin o'tgan oy mamlakatining bitimdan chiqishi haqidagi qonunga imzo chekdi. Tramp xuddi shunday choraga besh oy avval qo'l urgan edi.

Bu pakt 30 yildan ziyod Yevropa xavfsizligining ustunlaridan biri bo'lgan. U 500 kilometrdan 5500 kilometrgacha bo'lgan yadro raketalarining yaratilishi va o'rnatilishini taqiqlaydi. Yevropa yetakchilari qurol poygasi yana avj olishidan xavfsirab, Vashington va Moskvani kelishuvni saqlab qolishga chaqirmoqda.

Bu safar poygaga osiyoliklar ham qo'shilishi mumkin.

"Agar AQSh kelajakdagi raketa tizimlarini faqat AQSh hududi bo'lgan Guam kabi joylarga qo'ysa ham, Xitoy buni tahdid sifatida ko'rib, bunga javoban yangi raketa tizimlarini yo'lga qo'yishi mumkin", - deydi AQShning Turkmanistondagi sobiq elchisi, Jenevadagi Qurolsizlanish konferesiyasida AQShning doimiy vakili Laura Kennedi.

1987-yilgi kelishuv o'sha paytdagi AQSh prezidenti Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi yetakchisi Mixail Gorbachyov tomonidan imzolangan. 1988-yil iyundan kuchga kirgan shartnoma ikki davlat ixtiyoridagi o'rta masofaga uchadigan raketalarning yo'q qilinishini ta'minlagan edi.