Yaqinda AQShning Texas va Ogayo shtatlarida sodir etilgan otishmalar 30 dan ziyod odamning umriga zomin bo’ldi. Ayni damda mamlakat siyosiy doiralarida qurol-yarog’ nazoratiga doir bahs-munozaralar avjiga chiqqan. Kongress a’zolari avgust ta’tilida ekan, demokratlardan prezidentlikka da’vogarlar keskin choralar qo’llashga chaqirmoqda. Prezident Donald Tramp qurol xaridorlarini jiddiy tekshiruvdan o’tkazish lozimligini aytmoqda.
30 dan ziyod o’limga sabab bo’lgan otishmalar qurbonlaridan biri Ogayo shtatida dafn etildi.
Ayova shtatida demokratlardan prezidentlikka da’vogarlar Prezident Donald Trampni tanqid ostiga oldi.
“Tramp AQSh prezidenti vakolatidan foydalanib mamlakat aholisini bir-biridan ajratishga urinmoqda”, - deydi nomzodlardan biri Kamala Harris.
Tramp bo’lib o’tgan otishmalarni keskin qoraladi. Biroq demokratlar Oq uyning immigrantlarga qarshi bosimini adovatlarga sabab deb biladi. Pezident qurol xaridorlarini jiddiy tekshiruvdan o’tkazmoqchi.
“Biz ruhiy kasallarning qurolga egalik qilishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi Tramp.
Respublikachilarning Senatdagi lideri Mitch Makkonel Kentukki shtatida namoyishchilarga qarshi javob berib, Demokratlarning iddaolaridan hech qanday naf yo’q, dedi.
“Har bir otishma ortidan amaliy chora ko’rish o’rniga vaziyatga siyosiy tus berish vasvasasi boshlanib ketdi. Prezident menga qo’ng’iroq qilib, amaliy natijani talab qilmoqda”, - dedi u.
Siyosiy nufuzga ega Milliy Qurol Assotsiatsiyasiga ko’ra, xaridorlarni kengaytirilgan tekshiruvga tutishdan naf yo’q.
Demokratlardan prezidentlikka da’vogar Kori Buker 9-avgust kuni Ayovada xalqni oq tanli irqchilar terrorizmiga qarshi kurashga chaqirdi. U o’z qarashlariga 11-avgust kuni yana bir bor urg’u berdi.
“Muammo shundaki, Oq uyda barcha resurs va kuchlarni muammoni hal etishga safarbar qiladigan odam yo’q. Aksincha, u yerda ayirmachilikka hissa qo’shayotgan odam o’tiribdi”, - dedi Buker.
Otishmalar va irqchilik mavzusi saylovoldi kampaniyasini yanada qizitmoqda.