Prezident Donald Tramp o'tgan yili "Twitter" orqali "savdo urushlari yaxshi narsa va ularni yutish oson", deb aytgan edi. Ammo 300 milliard dollarlik Xitoy mollariga qo'shimcha 10 foizlik tarif qo'yishini e'lon qilgach, birjadagi narxlar keskin tushib ketdi. Iqtisodchilar esa global turg'unlik boshlanayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Kuzatuvchilarga ko'ra, tez orada iqtisodlarda qisqarish boshlanishi mumkin. Avgust oyida AQSh fond birjalari yilning eng katta yo'qotishiga uchradi. Bularning markazida Prezident Donald Trampning Xitoy bilan savdo urushi turibdi.
Savdo bo'yicha prezident vakili Piter Navarroning "ABC" kanaliga aytishicha, xavotirga o'rin yo'q.
"2020-yil va undan keyin ham kuchli iqtisodiyotga ega bo'lamiz. Qanday qilib deysizmi? Agar Kongress partiyabozlikdan voz kechsa, AQSh-Meksika-Kanada savdo kelishuvini o'tkazamiz. Bu mubolag'asiz tarixdagi eng katta savdo bitimi bo'ladi. Bizga yuz minglab yangi ish o'rni beradi", - deydi u.
Demokrat senator va prezidentlik uchun nomzod Kirsten Jillibrendga ko'ra, bu savdo bitimi yaxshi kelishuv emas.
"2-NAFTA kelishuvi falokat. U Meksikadagi dori kompaniyalari uchun sovg'a. Bizdagi ish o'rinlariga zarar yetkazadi. Prezident Tramp yomon savdo bitimlari bo'lmaydi, degandi. U nafaqat shunday qilyapti, balki Xitoy bilan savdo urushi ham boshladi. Bu esa dehqonlarga zarar", - deydi u.
Tramp 300 milliard dollarlik Xitoy mollariga 10 foiz boj solish haqida tahdid qilgach, Xitoy Savdo vazirligi mamlakat firmalarini Amerika qishloq xo'jaligi mahsulotlarini sotib olmaslikka chaqirdi.
"Prezident 1-sentabrdan tarifga tortiladigan tovarlarni tilga oldi. Ularning yarmiga 10 foizlik boj solinadi. Prezident mahorat bilan qilayotgan ishlardan biri shuki, u biznes jamiyati, ischilar hamda boshqalar bilan yaxshi til topisha oladi", - deydi Navarro.
"Prezident qilayotgan ishlar oilalar yuzlashadigan kundalik mayda-chuyda narsalar haqida emas. Ular ish joylaridan xavotirda. Sog'liqni saqlash xizmatlaridan ayrilib qolishdan xavotirda. Bolalariga yetkazib bera olmaslikdan tashvishda", - deydi Jillibrend.
"AQSh bugun dunyodagi eng jozibali iqtisodiyot", - deydi Prezident Tramp.
Moliyaviy og'irlik Xitoy zimmasiga tushishi haqida tinimsiz aytib kelgan Tramp kutilmaganda yangi boj tariflari dekabr oyi oxirigacha qoldirilishi haqida e'lon qildi.
Savdo urushi AQShning inson huquqlari va demokratiyaga oid an'anaviy mavqeyiga ham putur yetkazayotgani aytiladi. Gonkongda davom etayotgan namoyishlarga AQSh shu paytgacha jiddiy munosabat bildirmagan.