O'zbekiston milliy puli qadrsizlanishda davom etmoqda, buyog'i nima bo'ladi?

Shiddat bilan qadrsizlanishda davom etayotgan o’zbek so’mining qiymati 1 AQSh dollari uchun 9500 so’mga yaqinlashgan. So’m qadrsizlanib, dollar bahosi, narx-navolar oshishi aholi o’rtasida munozara qilinayotgan asosiy mavzuga aylangan. So’nggi vaziyat yuzasidan matbuot konferensiyasi uyushtirgan Markaziy bank valyuta bozoriga oid tebranishlarning yil oxirigacha minimal chegaradan oshmasligi kutilayotgani haqida bayonot bergan.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston Markaziy banki: Valyuta bozoriga oid tebranishlar nimaga yetaklaydi?

So’m, so’nggi ikki oy ichida, bir AQSh dollari uchun 8 ming so’mlik ko’rsatkichdan 9500 so’mga yaqinlashgan. Milliy valyutani shiddat bilan qadrsizlanishi jamoatchilik munozarasidagi asosiy mavzuga aylangani kuzatiladi.

Bu munozaralar ortidan 20 avgust kuni Markaziy bank jurnalistlar uchun matbuot anjumani uyushtirgan.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ta’kidlashicha, valyuta bozoriga doir vaziyat, so’m kursiga doir tebranishlar doirasi kutilgan chegaradan oshmaydi, har holda yil oxirigacha.

“Biz emissiya, qo’shimcha pul chiqarib, inflatsiya yoki kursni bosish uchun sharoit yaratayotganimiz yo’q. Buni qilmaymiz ham. Maqsadimiz valyuta bozorini bozor tamoyillari asosida talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllanib borishi. Biz aminmizki, kutilayotgan muhit, kutilayotgan iqtisodiy sharoit bizning valyuta kursimizni yilning oxirigacha shu belgilangan, ma’lum bir kichik tebranishlar doirasida shakllanishiga iqtisodiy zamin yaratilgan, bunday iqtisodiy zamin mavjud”,- deya bildirgan Nurmuratov.

Avvalroq Markaziy bank valyuta kursiga doir vaziyat ichki va tashqi omillarga bog’liqligi haqida bayonot bergan edi.

Mustaqil ekspertlar milliy valyutaning shiddat bilan qadrsizlanishda davom etayotganini tashqi omillar bilan emas aynan ichki omillar, jumladan mamlakat eksport imkoniyati importga nisbatan oqsayotgani, iqtisodiy ko’rsatkichlarning umumiy yig’indisi minusda qolayotgani bilan izohlashadi.

Iqtisodchi, mustaqil ekspert Saparboy Jubayevga ko’ra, Markaziy bankning yil oxirigacha bo’lgan tebranishlarga doir bayonoti taxmin, o’zgarish iqtisodiy ko’rsatkichga bog’liq qoladi.

“Markaziy bank raisi bundan ortiq bayonot qulishga qodir ham emas, chunki o’zgarishga ta’sir ko’rsatadigan tashkilot emas. Bu narsa asosan O’zbekistonning eksport va import salohiyatidan kelib chiqadi. To’g’ri valyutaga ehtiyoj ortgan taqdirda bank ayirboshlash kursini ushlab turish uchun davlat rezervidan berib turishi mumkin biroz vaqt. Ammo valyuta bozori erkin qo’yiladigan bo’lsa, hozirgi vaziyatda dollar o’sishda davom etadi. Shuning uchun ham bunday prognozlar uch yillar avvalgi vaziyatda ishlashi mumkin edi. Masalan o’sha paytda davlat kursi 4200 atrofida ushlab turilgan bo’lsa, real bozor kursi 8100 oshiq edi. Hozirgi vaziyatda ham real kurs mavjud deyish qiyin, chunki bozor va Markaziy bank kursi o’rtasida farq saqlanib qolyapti”, - deydi ekspert.

O’zbekistonda so’mning qadrsizlanishi so’nggi paytda jiddiy tezlashdi, ikki oy muqaddam 8000dan oshiq baholangan bir AQSh dollari ayni paytga kelib 9500 atrofida.

Markaziy bank 20-avgustdan boshlab, tijorat banklari erkin valyuta sotuvini yo’lga qo’yishi haqida bayonot bergan, ammo hozircha bu jarayon qanday ishlashi yoki valyuta bozoriga qanday ta’sir ko’rsatishini aytish qiyin.

Saparboy Jubayev banklarning valyuta sotish tizimida o’zgarish bo’lishini qiyin baholaydi. Mavjud cheklovlar saqlanib qolishi ehtimoli yaqin.

“Men so’mni dollarga almashtirish maqsadida ikkita bankka kirib chiqdim, ularning javobi faqat Viza kartochkalariga o’tkazib beramiz qabilasida bo’ldi. Hozir Viza kartasini olish bilan ham muammolar mavjud, bir oycha kutib turishingiz kerak, deb aytishdi. Shu bilan chiqdim, bozor va rasmiy kurs o’rtasida esa farq mavjud. Masalan, Xalq bankida qo’yilgan oxirgi kurs 9061 edi, ammo bozorda dollar 9400 dan sotilayotgan edi”, - deydi Jubayev.

Milliy so’m qadrsizlanishi ortidan deyarli barcha tovarlar, hatto import bo’lmagan mollar narxi ham ko’tarila boshlagan.

“Men anjir olmoqchi edim, narx avvalgidek emas, sotuvchiga nega desam, dollar oshyapti deydi. Budjet korxonalarini maoshlari ham oshirilgan edi shu oydan, bu ham ma’lum ta’sirga ega, chunki qo’shimcha pul massasi paydo bo’ladi. Albatta, davlat birinchi navbatda budjet tashkiloti xodimlarini muhofazalashga urinadi, lekin boshqalarning o’zlari bir amallashlari kerak. Chunki bu rostdan qiyinchilik tug’diradi, deyarli hamma narsani, birinchi navbatda import tovarlarni bahosi ko’tariladi”, - deydi Jubayev.

Milliy valyuta qadrsizlanishi ortidan jamoatchilikda yana o’zbek so’mining denominatsiya qilinishi haqida gaplar tarqagan, ammo Markaziy bank raisi Nurmuratov bu ehtimolni keskin rad qilgan.