Kaliforniya shtatida viza firibgarligi fosh etildi. AQShda doimiy yashash huquqini va’da qilgan shaxs Xitoy va boshqa mamlakat investorlarini chuv tushirgan.
Xorij sarmoyasini kiritishga qaratilgan “EB-5” vizasi uchun Tomas Xenderson 200 dan ziyod sarmoyadordan 110 million dollardan ziyod mablag’ jalb qilgan. Xenderson shtatda 2000 dan ziyod yangi ish o’rinlarini xavf ostiga qo’ygani aytilmoqda. Firibgar 20-avgust kuni hibsga olindi.
70 yoshli Xendersonga Keksing Xu va Kuper Li sheriklik qilgan. Guruh xorijiy investorlarni firibgarlik vositasida jalb etish, sarmoyaning qanday sarflanishi haqida noto’g’ri ma’lumot berish, Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga soxta hujjat taqdim etishda ayblanmoqda.
Xendersonning sheriklaridan Li ham qamoqqa olingan. Biroq Xitoyda Shanxay ofisini yurituvchi Xu ozodlikda qolmoqda.
Xendersonning advokatidan ma’lumot olishning imkoni topilmadi. Biroq Xenderson ayblovlarni inkor etgani ma’lum.
Xenderson o’tgan yili firibgarlik ishi uchun 1,4 million dollardan ziyod jarima to’lashga rozi bo’lgan edi.
2011-yilda Xenderson “EB-5” viza dasturi asosida xorijiy investorlarni jalb qilishga qaratilgan San-Fransisko markazini tashkil etgan edi.
1990-yilda Kongress tomonidan joriy etilgan “EB-5” vizasi AQSh iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash va yangi ish o’rinlarini yaratishga qaratilgan. Unga ko’ra, AQSh bizneslariga 500 mingdan 900 ming dollargacha sarmoya kiritib, kamida 10 ish o’rni ochgan xorij fuqarosiga grin karta taqdim etiladi.
Ayblovda Xenderson va Xu 2011-2016-yillar oralig’ida asosan Xitoy fuqarolaridan 110 million dollardan ziyod mablag’ni aldov yo’li bilan jalb etgani aytiladi. Investorlar orasida Hindiston va Vyetnam fuqarolari ham bor.
Sarmoya AQShda yangi bizneslar va 2000 dan ziyod ish o’rinlarini yaratishga xizmat qilishi nazarda tutilgan edi. Loyihalar og’ir kasalliklar klinikalari, omborxonalar va aloqa xizmatlarini o’z ichiga olishi kerak edi.
Ayblovda ko’rsatilishicha, jinoiy guruh pullarni tijoriy binolar, sut mahsulotlari yetishtiradigan fabrika, sosiska sexlari va hujjatlarda qayd etilmagan boshqa mulklarga sarflagan.