Uyg'urlar AQShda qanday hayot kechirmoqda?

Your browser doesn’t support HTML5

BMT rasmiylari va huquq faollariga ko'ra, Xitoy uy'gurlarga zulm ko'rsatishda davom etmoqda. Bir milliondan ortiq etnik ozchilik bo'lgan musulmon xalqlar konsentratsion lagerlarda saqlanayotgani aytiladi. Xitoy tazyig'idan qochib AQShdan panoh topganlar oz emas.

Virjiniyaning Feyrfeks shahridagi parkda Shinjon lagerida dahshatli kunlarni boshdan kechirgan oilaning farzandlari o'ynamoqda. Ular bu yerda xohlagan joyiga borishi, uyg'ur tilida erkin gapirishi mumkin. Vatanida bu huquqlar cheklangan edi.

Iroda Koshg'ariy shimoliy Virjiniyada uyg'ur tilida ta'lim beruvchi maktab asoschilaridan biri.

"Oilam uchun, uyg'urlar uchun erkin gapira olayotganimdan baxtiyorman. Ayni paytda nimadir yetishmayotgandek bo'ladi. O'zligingizga, vataningizga bo'lgan sog'inch tufayli o'zingizni butun his qila olmaysiz", - deydi Koshg'ariy.

18 yoshli uyg'ur faoli Erik Jalil va u kabi boshqa yoshlar uchun vatan bugun olisdagi armonga aylangan.

"Eng katta armonim shuki, ortga qaytolmayman. U mening vatanim. Ota-onam o'sgan joyni ko'rishni doim xohlaganman. Uning go'zal joy ekanini ko'p aytishgan", - deydi Erik.

Huquq faoli Umar Qanotning aytishicha, Xitoyning hozirgi siyosati davom etsa, uyg'urlar hech qachon vataniga qayta olmaydi.

"G'arb ekspertlari buni madaniy genotsid, etnik tozalash va insoniyatga qarshi jinoyat deb atamoqda. Mintaqada uyg'urlarga qarshi shu narsa sodir etilyapti", - deydi u.

Amerika uyg'ur qochoqlariga boshpana berdi. AQSh qonunchilari esa Xitoyni qoralab, uyg'urlarni himoya qiluvchi qonun loyihasini tayyorladi.

"Tarbiyalash lagerlarida uch million uyg'ur? Nega dunyo bu haqda gapirmayapti? Biz gapirishimiz kerak", - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

"Xitoyning dinni va dindorlarni tazyiqqa olayotgani haqiqat. Bunga e'tibor bermaslik o'ta yomon ish", - deydi senator Marko Rubio.

Ammo hozircha so'zdan nariga o'tilgani yo'q.

"AQSh ko'p narsa qila olmaydi, chunki Xitoy bilan aloqalarni saqlab turishi kerak, lekin ko'proq ish qilinishini xohlagan bo'lardim", - deydi Erik Jalil.

Yangi vatanda uyg'urlar tinch hayot kechirmoqda. Ammo asl vatanlarini qayta ko'ra olmaslik xavotiri ularning yuragiga og'riq beradi.