Ijtimoiy tarmoqlar ayol siyosatchilar uchun keskin sinov

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka intilayotgan demokrat senator Elizabet Vorren ijtimoiy tarmoqlarda eng faol nomzodlardan

Vashingtondagi nufuzli tahlil markazi olib borgan izlanishlar natijasiga ko'ra, Amerikada siyosatchi ayollar va siyosiy lavozimlarga intilayotgan xotin-qizlar an'anaviy axborot vositalarini chetlab o'tib, ijtimoiy tarmoqlarga asosiy informatsion va targ'ibot maydoni sifatida qaramoqda. Ular nazarida, ijtimoiy tarmoqlarning ta'siri beqiyos.

Uilson markazi tadqiqotchisi Lusina Di Meko tahlilicha, liderlar va lider bo'lishni xohlaganlar odamlar bilan bevosita bog'lanishni ma'qul ko'radi. Ular jamoatchilik bilan norasmiy tarzda yaqinlashishni istaydi.

Bu yondashuv nafaqat Amerika balki boshqa davlatlarda ham ko'zga tashlanadi. Uilson markazi 33 mamlakatdagi jarayonlarni o'rgangan. "Twitter" va "Facebook" ayniqsa keng qo'llaniladi va targ'ibot vositalari sifatida samarali deb qaraladi.

"Facebook"ning global muloqotlar bo'yicha eksperti Kristal Patterson deydiki, OAV siyosatchilar uchun elak va ular shu bois ham uni chetlab o'tishni xohlaydi.

"Ijtimoiy tarmoqda o'zingiz xohlagan narsani xohlagan tarzda bayon etasiz. OAVda esa sizni tahrir qilishadi, gaplaringizni to'liq ishlatishmaydi, kontekst o'zgaradi va siz bularning birortasini nazorat qila olmaysiz", - deydi Patterson.

Respublikachi siyosatchilar bilan ishlaydigan Rebekka Shullerning kuzatishicha, ayollar ijtimoiy tarmoqlardan effektiv foydalanmoqda. Tasvirlar, so'zlar va shiorlarni ishlatishda ular erkaklarga qaraganda kuchliroq, deydi Shuller. Yaqingacha hech kim tanimagan ayol aniq va lo'nda gaplari, ta'sirchan video va suratlari bilan ommani ergashtira oladi. Uzoq yillardan beri faol bo'lgan erkaklar esa ijtimoiy tarmoqlarda emas yoki sahifalarini o'zlari yuritmaydi.

Masalan, Nyu-Yorkdan Kongressga saylangan Aleksandra Okasio-Kortez qonunchiga aylanganiga bir yil ham bo'lmadi. Bugun "Twitter"da eng ko'p odamni o'ziga qarata olgan siyosatchilardan biri.

Lekin e'tibor har doim ham foyda emas. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo'lish nafaqat vaqt va kuch talab qiladi, balki u yerda ishonchni ushlab turish ham amri mahol.

Ayollarni bosim ostiga oladiganlar ko'p. Xotin-qizlarga nisbatan haqorat, fitna va soxta materiallarning chegarasi yo'q, deydi mutaxassislar.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo'lishni istagan har bir siyosatchi yoki nomzod ular bilan ishlash yuzasidan mukammal strategiyaga ega bo'lmasa, qoqiladi, deydi bu masalani o'rganib chiqqan olimlar. Kommunikatsiyaga usta komandalar tuzish kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda faolligi bilan tanilgan demokrat qonunchilar

Siyosiy konsultant Jenna Golden deydiki, ijtimoiy tarmoqlarga hissiyot bilan yondashish noto'g'ri. Ijtimoiy tarmoqlardagi gaplarga qarab faoliyatni susaytirish, o'zini chetga olish yoki kamroq va pastroq gapira boshlash xato, deydi u.

"Bu mening pozitsiyam, mana mening asosim, mana mening taklifim va g'oyalarim, deya tushuntirish va kurashish kerak", - deydi Golden.

Ayollarga nisbatan virtual jinsiy tahdidlar, ularning ustidan kulish, ko'rinishini masxara qilish, shaxsiy hayotini savolga tutish - ijtimoiy tarmoqlarda keng kuzatiladigan holatlar. Shu bois ham siyosat bilan mashg'ul xotin-qizlar qattiqroq kurashishi kerak bo'ladi. Erkaklarga qaraganda ko'proq matonat, sabr-qanoat va g'ayrat kerak ularga, deydi maslahatchilar.

"Twitter" va "Facebook" haqorat va kamsitilishning oldini olish uchun turli choralarni ishga solishiga qaramay odamlarni ruhan ezuvchi shaxsiy hujumlarni bartaraf etish juda qiyin. Mana shunday chig'iriqdan o'ta olingani uchun ham, deydi siyosatdonlar, 2018-yilda Kongressga misli ko'rilmagan sonda ko'p ayollar saylandi.

Bugun ular o'z siyosiy tashabbuslari va maqsadlarini ham aynan ijtimoiy tarmoqlarda targ'ib qilmoqda.