Breaking News

O'zbekiston deputatlari: Vatandoshlar uchun o'lganida emas, tirikligida qayg'uraylik


Nodira Qodirova iste’fodagi general, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zosi, deputat Shirin Unal uyida ishlagan
Nodira Qodirova iste’fodagi general, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zosi, deputat Shirin Unal uyida ishlagan

Oliy Majlis deputatlari O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining fuqarolar huquqini ular o’lganida emas, hayotligida himoya qilishga chaqirmoqda. Vazirlikka qilingan murojaat Istanbulda shubhali o’lim topgan Nodira Qodirova ishi yuzasidan adolat talab qilinayotgan norozilik kampaniyasi ortidan kuzatilmoqda.

Turkiya prokuraturasi 23 yoshli Nodira Qodirova iste’fodagi sobiq general, hukumatdagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida o’z joniga qasd qilganini ma’lum qilgan edi.

Deputatlar Rasul Kusherbayev va Bekzod Artikovlar tomonidan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qilingan murojaatga ko’ra, Qodirova o’limiga doir vaziyat xorijdagi fuqarolar huquqini himoyalashdagi sustkashliklarni yaqqol ko’rsatgan.

Deputatlar fikricha, Turkiyada jamoatchilik bu fojiali o’lim yuzasidan adolat talab qilayotgan bir paytda, Tashqi ishlar vazirligi vaziyat nazoratdaligi haqidagi xabar bilan cheklangan, vazirlik musofirchilikda ishlayotgan fuqarolarning huquqini ular o’lganida emas, avvalo hayotligida himoya qilishi kerak.

23 yoshli o’zbekistonlik o’tgan oy oxirida o'lgan.

Turkiya huquq-tartibot idoralariga ko’ra, Turkiya parlamenti deputati Shirin Unalning uyida boquvchilik qilgan 23 yoshli Nodira Qodirova o’z joniga qasd qilgan, deputatga tegishli to’pponchadan o’zini otib o’ldirgan.

Bu bayonot ortidan Qodirovaning jasadi zudlik bilan O’zbekistonga jo’natildi va dafn qilindi.

Ammo keyinchalik Qodirovaning akasi matbuotda politsiyaning bu xulosasini, shuningdek, Shirin Unalning ham ko’rsatmalarini shubha ostiga oldi, singlisi jinsiy tajovuz qurboni bo’lganiga doir da’vo bilan chiqdi.

Deputatning uyida yuz bergan, jinsiy zo’ravonlik gumon qilinayotgan bu voqea matbuotda yoritilishi ortidan Turkiya jamoatchiligida Nodira Qodirovaning o’limi yuzasidan adolatli tergov talab qilingan kampaniya boshlandi, turk deputatlari bu ish yuzasidan Adliya vazirligidan hisobot talab qilib chiqishdi.

Nodira Qodirovaning shubhali o’limi yuzasidan norozilik O’zbekiston jamoatchiligiga, ijtimoiy tarmoqlarga ham ko’chdi. Bir guruh faollar hodisa yuzasidan adolatli tergov, aybdorlarga jazo talab qilishmoqda.

Xorijda yashayotgan o’zbekistonlik jurnalist Ulug’bek Haydarov Nodira Qodirova o’limi bilan bog’liq vaziyatni kuzatib kelayotgan faollardan biri.

Uning ta’kidlashicha, Turkiyada jinsiy tajovuzga uchrayotgan o’zbek ayollari ko’p, Qodirova bilan bog’liq fojia aynan bu ishda hukmron partiya vakili ishtiroki uchun ham keng muhokamaga chiqdi:

“Turkiyada juda ko’p o’zbek ayollari ishlaydi, ularning nomusiga tajovuz avval ham juda ko’p bo’lgan, buni Turkiyaga borganimizda ham ko’p eshitganmiz. Bu safar bu tajovuzga hukmron partiya vakili aralashgani uchun shov-shuvga sabab bo’lyapti. Turkiyada partiyalar o’rtasidagi ziddiyat kuchli, albatta muxoliflar bunday imkoniyatdan foydalanishadi. Va bunday talabning ko’tarilayotgani juda to’g’ri, chunki men ham bu yerda qotillik bo’lgan deb hisoblayman. Mayitni O’zbekistonga olib borib tekshirishganida ikki marta yuragidan otilgani aniqlangan”, - deydi Ulug’bek Haydarov.

Asli jizzaxlik bo’lgan Nodira Qodirova to'rt yil atrofida Turkiyada yashagan. So’nggi bir yil davomida deputat Shirin Unalning uyida boquvchi sifatida ishlab kelayotgan bo’lgan.

Nodira Qodirova Turkiyada ishlayotgan minglab o’zbek ayollaridan biri, bu yerga ish izlab kelgan 300 mingga yaqin o’zbekistonliklarning deyarli yarmini ayollar tashkil etishi aytiladi.

Bu ayollarning ko’pchiligi jinsiy zo’ravonlik bilan to’qnashadi, Turkiyada ishlayotgan o’zbek ayollari “Amerika Ovozi” ga ham bu haqda aytishgan.

Ulug’bek Haydarovga ko’ra, rasmiy Toshkent xorijga ish izlab ketayotgan o’zbek ayollarining vaziyatidan yaxshi xabardor, ammo hozirgacha ular himoyasi uchun biror so’z aytishga jur’at topmagan.

“O’zbekiston hukumati xorijdagi ayollar mahkum vaziyatni juda yaxshi biladi. Bu ayollarga yordam berish kerak, qo’llab-quvvatlash kerak, ammo shu paytgacha rasmiy Toshkent, Karimov davrida ham, hozir ham, tashqaridagi ayollarimiz himoyasi uchun bir og’iz so’z aytgani yo’q. Turkiyada bu birinchi voqea emas, qancha ayol o’ldirildi, zo’rlikka uchradi, baland qavatlardan tashlab yuborildi. Agar ijtimoiy tarmoqlarga qarasangiz, bugun ham bunday zo’ravonlikka uchrayotgan ayollar ko’p, lekin Mirziyoyev hukumati hozirgacha bularga befarq, bu juda og’ir. Davlat indamagach, boshqalar ham bu ayollarning o’zi shunaqa ekan deb o’ylaydi, jamiyat ham shunga qarab shakllanmoqda”, - deydi Haydarov.

Nodira Qodirova o’limi bilan bog’liq holat yuzasidan Tashqi ishlar vazirligiga so’rovnoma yuborgan Oliy Majlis deputatlariga ko’ra, vazirlikning bu boradagi javobi jamoatchilikka ochiqlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG