So’nggi paytlarda O’zbekistonning turli tumanlarida aholi gaz, chiroq va issiqlik yetishmovchiligidan norozilik bildirayotgani haqida tinimsiz xabarlar kelmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda yo’l to’sib, o’t yoqib norozilik bildirayotgan aholi, chiroqsiz qorong’ida o‘tirgan xonadonlar, oilalar tasvirlangan videolar keng tarqalmoqda. Andijon, Farg’ona viloyatlari va Qoraqalpog’istonda aholi norozilik namoyishi o'tkazib, hukumatdan gaz va chiroq ta’minotini talab qilgan.
Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatning chekka tumanlarida kuzatilayotgan bu noroziliklar ortidan energetik bo’hron muhokama qilingan favqulodda yig’ilish o’tkazgan. U vaziyatni sharmandali baholab, muammolarni bartaraf qilishga chaqirgan.
Tabiiy resurslarga boy, gaz va elektr energiyasini eksport qiluvchu O’zbekistonda energetik taqchillik, ayniqsa, qish mavsumida muntazamlik kasb etgan muammolardan sanaladi.
Bu yilgi inqiroz ko’lami yanada kengroq kuzatildi, hatto poytaxt metrosida ham elektr uzilishlari yuz bergan; televideniyeda siyosiy partiyalar ishtirokida uyushtirilgan debatlar paytida chiroq o’chib qolgan.
Inqirozga yaqinlashgan bu energetik taqchillik mamlakat parlamenti uchun saylov kampaniyasi avjga chiqqan bir fursatda kuzatilmoqda.
Ammo hozirgacha biror siyosiy partiya mavjud energetik bo’hron, norozilik aksiyalari ko’paygani, is gazidan zaharlanib o’lgan fuqarolar soni ortganiga doir bayonot bilan chiqmagan.
Mahalliy faollardan biri Dima Qayum Rishton tumanida yashaydi. U gaz va chiroq yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan aholi muammolari bilan bevosita tanish.
Uning nazarida ayni paytda saylovda qatnashayotgan siyosiy partiyalar muammoga diqqat qaratishi, bu borada o’z pozitsiyasini bildirishi kerak.
“Bu partiyalar o’z debatlarida qishloq ahliga yaratilishi mumkin bo’lgan sharoitlarni aniq ko’rsatishi kerak. Nafaqat qishloqlar, balki shaharlarda ham yashash sharoiti uchun eng zarur bo’lgan gaz, chiroq, ichimlik suvi masalasi eng birinchi o’rinda turishi kerak. Oldi-qochdi, balandparvoz gaplarga xalq ishonmaydi. Birinchi o’rinda qish faslida sharoitlar qanday bo’lishi turishi kerak. Deputat degani bu xalqning vakili degani”, - deydi faol.
Dima Qayumga ko’ra bu yilgi qishning ancha sovuq boshlanishi vaziyatni yanada chigallashtirgan, odamlarda norozilik namoyishiga chiqishdan boshqa chora qolmagan.
“Muammo bir yillik emas, yillar davomida to’planib kelgan. Ammo hozir eng cho’qqisiga chiqmoqda. Juda qattiq sovuq bo’lyapti, kechalari minus o’n, o’n beshgacha boradi. Albatta, bizga gaz, elektr, issiq suv kerak. Mana ijtimoiy tarmoqlarda norozilik aks etgan videolar tarqalyapti, chunki xalq shunga majbur qolmoqda. Men bu narsalar yanada chuqurlashib ketishi mumkinligidan xavotirdaman. Bu muammolar xalq ko’chaga chiqmasdan avval hal etilishi kerak edi”, - degan fikrda Dima Qayum.
Bu yil qish mavsumi, energetik taqchillik muammosi favqulodda holatlar, is gazidan zaharlanib o’layotgan fuqarolar soni ko’paygani bilan ham kuzatilmoqda.
Qish boshidanoq xavfsizlik choralariga rioya etmagan deb ko’rilayotgan, gaz, elektr yo’qligi bois xonadonlarni qo’lbola uskunalar vositasida isitishga qaror qilgan o’nlab fuqarolar is gazidan zaharlanib o’lgani qayd qilindi.
“Hozirgacha kamida 20 dan ortiq odam o’ldi. Samarqand, Xorazm, Qo’qonda. Mana men yashayotgan Rishton tumanida ham ikki nafar go’dak is gazidan vafot etdi. Albatta, birinchi navbatda bu yerda o’zimizning e’tiborsizligimiz, gaz kamligidan turli qo’lbola vositalardan foydalanishga majburligimizdir. Buning oqibatida yoshlar uvol bo‘layotgani, vafot etayotgani, ayniqsa, achinarli. Bu og’riqli dardimiz. Men imkon qadar bu borada odamlarimizni ehtiyot bo’lishga, xavfsizlik chorlarini ko’rishga chaqiraman”, - deydi Dima Qayum.
So’nggi xabarlarga ko’ra, O’zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasi importini yo’lga qo’ygani bois dekabrning ilk kunlarida mamlakatda elektr ta'minoti barqarorlashgan, ammo tabiiy gaz yetishmovchiligi bilan bog’liq muammo davom etmoqda.