Afg’onistonlik qizlar O’zbekistonda tibbiyot sohasida o'qimoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’oniston va O’zbekiston o’rtasidagi ilmiy, madaniy-ma’rifiy hamkorlik doirasida joriy yilning 25-noyabr kuni bir guruh afg’onistonlik yoshlar O’zbekistonga tahsil olish uchun yuborildi. Ular Surxondaryo viloyatida joylashgan Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazida tahsil olmoqda.

Mazkur yoshlarning 18 nafari tabbiyot sohasining oliy hamshiralik yo’nalishida o’qimoqda. Ular Afg’onistondagi turli millatlar va viloyatlar orasidan saralab olingan.

Afg’on qizlarining xorijda tahsil olishini yoqlamaydigan oilalar ham mavjud. Lekin Paktiyo viloyatidan kelgan Lima Tutoxil ota-onasi uni qo’llab-quvvatlayotganini aytadi.

“Yaratilgan sharoit yaxshi, lekin mavjud imkondan qanchalik darajada foydalanish bu, talabalarga bog’liq”,- deydi u.

“Bu yerda tinchmiz, o’qishlarimiz yaxshi. Afg’onistondagi urush va portlash ruhiyatimizga yomon ta’sir qilardi, yaxshi o’qiy olmasdik”, - deydi Marziya Muhammadiy ismli yana bir talaba.

Safiya Ahmadiy mashhur va tarixiy Bomiyon viloyatidan O’zbekistonga o’qish uchun kelgan qizlardan biri. “O’zbeklar mehmondo’st xalq ekan”, - deydi u.

“Yoshlar orasidan xorijga tahsilga chiqishga qiziqish kuchli. Ular xorijiy davlatda o’qisak imliy saviyamiz oshadi degan fikrda”,- deydi Safiya Ahmadiy.

Baxtovar Ahmadiy tibbiyot bo’limida o’qishni bolalikdan orzu qilgan. U Afg’onistonda ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati qoniqarli emasligini aytadi. Uzoq joylarda ayol shifokorlar yo’q darajada.

“To’rt yillik tahsilimizni tugatib, afg’onistonlik ayollarga yordam berishni maqsad qilganmiz”, - deydi Baxtovar Ahmadiy.

“Biz yashayotgan hududda ayollarga yordam beradigan, tibbiyot sohasida o’qiganlar yo’q edi. Shu uchun tibbiyot yo’nalishida o’qib ularga yordam berishni tanladim”, - deydi Shoista Fayziy.

Bu yoshlar bugungi kunda o’zbek tilini o’rganish bilan mashg’ul. Markaz o’qituvchisi Saboat Urunova yoshlarning bilimga qiziqishi yaxshi ekanini bildiradi.

“Til o’rganish uchun birinchi kundan so’zlashuvdan boshladik. Savol-javob metodi asosida so’z o’rganyapmiz. Yoshlarimiz ishonchimizni oqlaydi degan umiddaman, chunki ularda harakat va intilish bor”,- o’qituvchi Saboat Urunova.

Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro’ziyevga ko’ra, bu gal 147 nafar afg’onistonlik yoshlar markazga o’qishga kirgan, ularning 44 nafari qizlar. 119 nafari o’zbek tili, 18 nafari oliy hamshiralik va 10 tasi temiryo’l yo’nalishida tahsil olmoqda.

“Afg’onistonda hamshiralar va oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari yetishmovchiligini hisobga olib, juda ko’p murojaatlar bo’ldi. Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi va tegishli idoralar bilan kelishilgan holda ushbu markazda tibbiyot yo’nalishida ilk o’qishlar boshlandi”, - deydi Oybek Ro’ziyev.

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi 2017-yil noyabrida tashkil qilingan, 2018 yilidan talaba qabul qila boshlagan. Hozirgi kunda 172 nafar yoshlar ushbu markazda tahsil olmoqda.