Tolibon tinchlik sulhiga rozi ekani haqidagi xabarlarni rad etdi

  • Amerika Ovozi

Tolibon xuruji yuz bergan hudud, Parvan viloyati, Afg'oniston, 2019-yil, 17-sentabr

Tolibon Afg’onistonda urushni to’xtatish niyatida ekani haqida tarqalgan xabarlarni “asossiz va soxta” deb atadi. Avvalroq AQSh bilan tinchlik bitimini imzolash uchun guruh vaqtinchalik sulh tuzishga tayyor, degan xabar paydo bo’lgan edi.

Bu bayonot o’tgan hafta 14 afg’on askarining o’limiga sabab bo’lgan bir qator xurujlar ortidan e’lon qilindi.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulloh Mujohidga ko’ra, zo’ravonlikni kamaytirish bo’yicha AQSh talabi ayni paytda yuqori darajadagi rahbariyat tomonidan ko’rib chiqilmoqda.

“Vaziyatning haqiqati shuki, Islom amirligi (Tolibon) sulh e’lon qilish niyatida emas”, - dedi Mujohid.

U OAVda tarqalgan xabarlarni “razil dushman propagandasi” deya rad etdi.

29-dekabr kuni Afg’oniston va ba’zi xorij ommaviy axborot vositalari Tolibon boshqaruv kengashi AQSh bilan tinchlik muloqotini yanada kengaytirish maqsadida bir hafta hujumlarni to’xtatishga qaror bergani haqida xabar tarqatgan edi.

“AQSh zo’ravonlik hajmi va kuchini kamaytirishni iltimos qildi va hozir Islom amirligi shu mavzu atrofida muhokamalarni olib bormoqda”, - deya qo’shimcha qildi Mujohid.

Qayta boshlangan hujumlar

Shimoliy Juzjon viloyatida kechasi yuz bergan xurujda Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining 14 xodimi halok bo’lgan.

Viloyat hokimligi so’zlovchisi Abdul Maruf Azarning aytishicha, hujum tongga yaqin Fayzobod tumanida sodir bo’lgan.

Besh askar yaralangan, yana ikkitasi bedarak yo’qolgan. Azarning qo’shimcha qilishicha, to’qnashuvda Tolibonning yetti vakili ham o’ldirilgan.

Tolibon hujum natijasida katta miqdorda o’q-dori va qurol-aslaha qo’lga kiritilganini da’vo qildi.

Xuruj yuz bergan tuman Juzjon viloyatini qo’shni Balx viloyati bilan bog’laydigan asosiy yo’lda joylashgan. So’nggi kunlarda Tolibon Balx viloyatida ham bir qator hujumlarni amalga oshirdi.

O'tgan bir hafta mobaynida mamlakat bo'ylab yuz bergan xurujlarda 60 dan ortiq hukumat kuchlari halok bo'lgan, yuzlab odam yaralangan.

Vashington shu oy boshida Tolibon bilan bir yildan beri davom etayotgan tinchlik muloqotini yana to’xtatib qo’ydi. Bunga guruhning zo’ravon xurujlarni kuchaytirgani sabab bo’ldi.

Tolibon esa Kobul bilan muloqotga kirishishdan oldin xalqaro kuchlarni Afg’onistondan butunlay olib chiqish bo’yicha AQSh bilan kelishuvga erishishni talab qilmoqda. AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya 18 yildan beri Afg’onistonda urush olib boradi.

Tramp ma’muriyati askarlarning chiqarilishi “shartlar asosida” bo’lishini ta’kidlab, bu narsa Tolibon-afg’on muloqotining qanday ketishiga bog’liqligini aytmoqda.

Ayni paytda Afg’onistonda 12 ming amerikalik askar bor. NATO xavfsizlik kuchlari soni esa sakkiz mingdan oshadi.