O’zbekiston hamon avtoritar boshqaruvdagi davlatlar safida

Toshkent, 22-dekabr, 2019

Xalqaro hisobotga ko’ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning uch yillik boshqaruvi hali demokratik o‘zgarishlar taqdim etmadi, qolaversa mamlakatda iqtisodiy erkinlik ta’minlanmagan, korrupsiya miqyosi esa kengligicha qolmoqda.

O’zbekiston demokratik ko’rsatkichlarda dunyodagi 167 davlat ichida 157- o’rinda. Ashaddiy avtoritar tuzumlar hukmron bo’lgan 10 talikda; Qirg’iziston, Qozog’istondan keyingi o’rinda.

Britaniyadagi "The Economist Intelligence Unit" tadqiqot guruhi tomonidan e’lon qilingan hisobot O’zbekistonda yaqinda o’tgan parlament saylovlarini ham inobatga oladi.

Erkin saylovlar har qanday davlatda demokratik boshqaruvning asosiy ko’rsatkichi ekanligi inobatga olinsa, xalqaro tashkilot mamlakatda o’tgan parlament saylovlarini O’zbekistondagi ijobiy o’zgarishlar sirasiga qo’shmagan ko‘rinadi.

Aksincha, saylovlarning bu tariqa o’tishi yaqin yillarda mamlakatda demokratik o’zgarishlar kutilmayotganidan darak beruvchi ishora sifatida baholangan.

"The Economist Intelligence Unit" tahlilicha, sobiq ittifoq, Markaziy Osiyo davlatlarida saqlanib qolayotgan avtoritar boshqaruv uslubi siyosiy muxolifat paydo bo’lishiga yoki kuchayishiga yo’l bermaydi. Shu bois ham bu davlatlarda, jumladan O’zbekistonda ham, demokratik o’zgarishlar ehtimoli juda zaif.

O’zbekistondagi parlament saylovlarini kuzatgan YXHT missiyasi ham saylovlar siyosiy muxolafatsiz o’tganiga diqqat qaratgan edi. Xalqaro tashkilotlar bahosidan qat’i nazar, O’zbekiston hukumati, xususan Markaziy saylov komissiyasi demokratik tamoyillar asosida o’tganini e’lon qilgan.

Irlandiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek faollaridan biri Abdujalil Boymatov xalqaro reytinglarni o’rganib keladi.

U demokratik ko‘rsatkichlar bo’yicha O’zbekiston qayd etilgan o’rinni adolatli, xolis deb hisoblaydi:

“O’zbekistondagi parlament saylovlari YXHT kuzatdi, ammo shuni ta’kidlash kerakki, xalqaro kuzatuvchilar tarkibi turli kasbdagi odamlardan, xususan siyosatchilardan ham iborat, shunga muvofiq ularning saylovga nisbatan bahosi bir qadar mulozamatli bo’ladi. Xalqaro tashkilotlar esa hukumatlardan mustaqil, mulozamatga emas, aniq tadqiqotlarga tayanishadi, jumladan demokratik indeks ko’rsatkichlari ham. 10 ballik tizimda O’zbekistonga 2 ball berilmoqda, bu haqiqiy vaziyatni ifodalaydigan ko’rsatkich, chunki mamlakatda hech qanday demokratiya yo’q. Shu o’rinda bir narsani aytish kerak, demokaratiya bu boshqaruv usuli, bu usul qo’llanilishi uchun esa avvalo mamlakatda erkinlik bo’lishi kerak. Beshta sohadagi asosiy erkinlar, ya’ni so’z erkinligi, norozilik, namoyishlar o‘tkazish, harakatlanish erkinligi, e’tiqod erkinligi, tashkilotlarga uyishish erkinligi, iqtisodiy erkinliklar. Biz shu erkinliklarga erishganimizdan keyingina erkin demokratik saylovlarga, demokratik boshqaruv joriy etilishiga erishishimiz mumkin. O’zbekiston hali sohalardagi erkinliklar darajasi bo’yicha o’ta qoloq davlat. Masalan, "Freedom House" so’nggi hisobotida O’zbekistondagi siyosiy erkinlik darajasini 100 dan 9 ko’rsatkichda qayd etdi. Bu Karimov davridagi 3 ballik ko’rsatkichdan yaxshidir, ammo 100 balli tizimdan 9 ballga baholanishi bu hamon mamlakatda siyosiy erkinlik yo’qligini anglatadi ”, - deydi Abdijalil Boymatov.

O’zbekiston demokratik tamoyillar, so’z va e’tiqod erkinligiga doir xalqaro reytinglarda azaldan eng salbiy ko’rsatkichlarni qayd etib kelgan, hukumat bu vaziyatga nisbatan befarqlik namoyon etib kelgan.

Mamlakatda hokimiyat almashar ekan, O’zbekistonni xalqaro reytinglarni o’rnini yaxshilashga e’tibor berila boshlandi. Prezident Mirziyoyev bu borada alohida qarar qabul qildi, davlat idoralariga tegishli vazifalar ham yukladi.

Ammo xalqaro tashkilotlarni demokartik ko’rsatkichlar, siyosiy erkinliklarga doir hozirgacha bo’lgan mavjud hisobotlarida mamlakat o’rni keskin o’zgarish yuz tutmadi.

Abdujalil Boymatovga ko’ra, mamlakatdagi parlament saylovlari erkin, adolatli, siyosiy muxolifat ishtirokida o’tgan taqdirda, O’zbekistonni siyosiy erkinliklarda doir ko’rsatkichi bir qadar yaxshilanganini kuzatish mumkin bo’lardi.

“Albatta muxolifatni ro’yxatga olinishi, saylovlarda qatnashishi siyosiy erkinlik ko’rsatkichi ancha yaxshilardi. Masalan Qozog’istonda bu ko’rsatkich bizga nisbatan yuqori, o’nlab siyosiy partiyalar ro’yxatga olingan Qirg’izistonning ko’rsatkichi esa barcha qo’shnilardan ancha balandda, 37 ball atrofida. Ya’ni hech bo’lmaganda yarim erkinlik darajasiga ko’tarilgan. Albatta, bu yerda o’zbek muxolafatining o’zi ham boshi berk ko’chaga kirib qolganini ta’kidlab o’tish kerak”, - deydi Boymatov.

O’zbekiston rasmiy idoralari hozircha "The Economist Intelligence Unit" tomonidan chop qilingan demokratik ko’rsatkichlarga doir hisobotga nisbatan biror munosabat bildirmagan.

Demokratik indekslarga doir ko’rsatkichlardan tashqari nufuzli "The Economist' nashri, shuningdek, "Transparency International" tashkiloti tomonidan e’lon qilingan iqtisodiy, siyosiy erkinliklar, korrupsiyaga qarshi kurashga doir hisobotlarda ham O’zbekistondagi vaziyatda jiddiy siljishlar kuzatilmagani qayd qilinadi.

Prezident Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan mamlakat rivojlanish strategiyasi dasturida O’zbekistonni 2030- yilga qadar dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shish rejasi belgilangan.