Tinchlik ortidan millionlab qochoqlar Afg'onistonga qaytadimi?

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonlik qochoqlarning farzandlari

Afg’onistonda yangi tinchlik bitimiga erishish ehtimoli oshar ekan, millionlab qochoqlar taqdiri hanuz mavhumligicha qolmoqda. Pokistonda shu mavzuda o’tgan konferensiyada qochqinlarni vataniga qaytarish uchun tinchlikning o’zi kifoya qilmasligi aytildi.

O’tgan 40 yildan beri millionlab afg’onlar xorijda sarson.

Ularning 95 foizi qo’shni Eron va Pokistonda. Hech biri bu yerni doimiy vatan qilish niyatida emas. Bu o’lkalarda tug’ilgan uchinchi avlod afg’onlar vatan nimaligini bilmaydi. Mezbon davlatlar esa ularni boqishga resurslar yetishmasligidan noliydi.

“Hamma joyda favqulodda holat. Masalan, bu mintaqada rohinja vaziyati o’rtaga chiqdi. Homiylar va donor hukumatlar eng dolzarb holatlarga diqqat qaratishga urinyapti va natijada qochoqlar e’tibordan chetda qolyapti”, - deydi BMTning qochqinlar bo’yicha Pokistondagi vakili Ruvendrini Menikdivela.

Rohinja musulmonlari Myanmadagi zo’ravonlikdan qochgan.

AQSh va Tolibon Doxada tinchlik sulhini imzolashga yaqin turibdi. Shundan so’ng isyonchi guruh Afg’onistondagi boshqa guruhlar bilan rasmiy muzokara boshlashi kutilyapti.

Agar hammasi rejadagidek amalga oshsa, uzoq yillik urush tugab, qochoqlar o’z vataniga qaytishi uchun imkoniyat tug’ilishi mumkin.

“O’zgarishlardan umidvorman, lekin ehtiyotkorlman. Chunki muammo juda murakkab”, - deydi Afg’onistondagi tinchlik bo’yicha AQSh vakili Zalmay Xalilzod.

Ilgari ikki marta afg’onistonliklar katta miqdorda vataniga qaytgan. Dastlab, Sovet Ittifoqi qulashi ortidan, so’ng Tolibon hukumati ag’darilgandan so’ng. Har ikki holatda ham ular yana xorijda chiqib ketishga majbur bo’lgan.

Afg’onlarni vataniga qaytarish uchun tinchlikning o’zi yetmaydi, deydi BMTning qochoqlar bo’yicha komissari Filippo Grandi.

“Agar tinchlik bo’lsa, iqtisodiyotga, infratuzilmaga va boshqa taraqqiyot sohalariga ulkan sarmoya kiritish kerak bo’ladi”, - dedi BMT vakili.

Iqtisodiy taraqqiyotsiz qochqinlar taqdiri ham, mamlakat kelajagi ham mavhumligicha qolaveradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2020-yil, 18-fevral