AQSh bosh qomusiga kitirilgan 19-o’zgartirish ayollarga ovoz berish huquqini bergan. Nyu-Yorkda mana shu huquq uchun kurash tarixi ko’rgazmada.
Nyu-York Tarixiy jamiyati tashkil etgan galereyada ikki asrlik tarix, bosqichma-bosqich namoyish etiladi. Suratlar, chizmalar, videolar, maktublar, nutqlar, esdaliklardan parchalar. Amerika xotin-qizlarining o’tmishi.
Hammasi 1820-yilda boshlangan, deydi Valeri Peyli.
“Ayollar bu davlatda axloq va vijdon bobida namuna bo’lgan. Jamiyatda adolat uchun kurash olib borgan. Quldorchilik, tub aholiga nisbatan zulm, nimaiki muammolar bo’lsa, ularga qarshi gapirib, odamlarni ogohlikka undagan”, - deydi Peyli.
Bir asr o’tib, 1920-yilda konstitutsiya o’zgartirildi. Xotin-qizlar ham ovoz berish huquqiga ega bo’ldi.
Lekin bu qonun hamma ayollarni nazarda tutmagan. Oq tanli ayollargina saylovga chiqa olgan. Qora tanlilar esa 1965-yilga kelibgina, Kongress tomonidan bu huquqqa loyiq deb topilgan. 19-asrda kurash boshlaganlar bu jarayon uzoq va mashaqqatli kechishini bilgan.
Qizig’i, bu kurashda qora tanli ayollar boshidan faol bo’lgan, tinimsiz hissa qo’shgan. Namoyishlar, mitinglarda qatnashgan. Nutqlarni yozgan, oq tanli ayollar bilan bir safda yurgan.
“Bu kurashda hamma yakdil bo’lmagan. Ayollar turli sinf vakillari bo’lgani uchun bahs-munozara avj olgan va kurash ta’siri sezilgani sari bu debatlar ham yanada qiziq, Amerika xotin-qizlari orasida siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy muloqot shakllangan. Nafaqat oq va qoralar, balki lotin amerikaliklar ham bo’lgan”, - deydi tadqiqotchi Pamela Voker.
1970-yillarda ayollar harakati jinsiy tengsizlikka qarshi kurashni yanada siyosiylashtirgan.
Ishda erkaklar ega imkoniyatlar, huquqlar va imtiyozlarga bizga ham berilsin, degan talab kuchaygan. Bola ko’rish borasida ham ayollar o’zi qaror qila olsin, degan talab bugun ham tinmagan, masalan abort huquqi yuzasidan.
“2017-yilda xotin-qizlar Vashingtonda namoyishga chiqqanida faqat o’zlari uchun emas, butun jamiyat va butun insoniyat manfaatlari haqida gapirdi. Siz faqat ayol emassiz, fuqarosiz, biror soha egasisiz, biror etnik va diniy guruh vakilisiz”, - deydi Ketlin Viznir, ekspert.
Amerika ayollari orasida Prezident Donald Trampning siyosatiga va shaxsiyatiga qarshilik kuchli. Ular prezidentni ayollarni kamsitishda, ularga jinsiy obyekt sifatida qarab, jiddiy qabul qilmaslikda, shuningdek, irqchilikda ayblaydi. Ayollar iqlim kelajagidan xavotirda. Ayollar qurol nazoratini kuchaytirish tarafdori. Ular immigratsion islohotlar istaydi. Mamlakat dunyoga ochiq bo’lsin, deydi. Ayollar insonparvarlikni targ’ib qiladi. Texnologik va innovatsion taraqqiyot tarafida. Hukumatga bu borada eslatib turishadi.
Eng muhimi – xotin-qizlar adolat tomonida.
“Xotin-qizlar azaldan o’zini tabiiyki, jamiyatning to’laqonli a’zosi deb bilgan.
Shunday ekan, qonun buni aks ettirsin deya talab qilgan. Hozir ham shu”, - deydi Vizner.