AQSh va Kanadadagi vatandoshlar O'zbekiston uchun mablag' yig'moqda

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston tibbiy xodimlari koronavirusdan tuzalgan bemorlarni uyiga kuzatmoqda (Koronavirusinfouz)

Joriy haftada Amerika Qo'shma Shtatlari va Kanadadagi o'zbekistonliklar jamiyatlari “Biz O'zbekistonga befarq emasmiz” xayriya fondini tuzdi. Maqsad - COVID-19 pandemiyasi davrida O'zbekiston hukumati va xalqiga yordam qo'lini cho'zish.

Jamg'arma AQSh, Kanada va umuman Amerika qit'asida yashaydigan vatandoshlar tomonidan o'tkaziladigan xayr-ehsonlar hisobidan to'ldiriladi. Vatanga yordam ko'rsatish haqida 8 -aprel kuni AQSh va Kanadadan 28 o'zbekistonlik faol, vatandoshlarning jamiyatlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlarda ishalyotgan o'zbekistonliklar hamda respublika diplomatlari ishtirokida videokonferensiyada kelishib olingan.

Buni ham ko'ring O'zbekistonlik tadbirkor AQShda shifokorlarga issiq ovqat yetkazmoqda

Anjumanni Nyu-Yorkdagi “Mahalla USA” o'zbekistonlik immigrantlar nodavlat tashkiloti o'tkazgan. Yig'inga moderatorlik qilgan Dilshod Zokirov, “Mahalla USA” vitse-prezidentiga ko'ra, jamg'arma hisobiga tushgan mablag' Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan tashkil etilgan “O'zbekiston mehr-shavqat va salomatlik” jamoat fondiga o'tkaziladi.

Zokirovning tushuntirishicha, kelishuvga muvofiq Amerika va Kanada hududlarida to'plangan mablag' O'zbekistondagi shifoxonalarning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, bemorlarning sog'lig'ini tiklash, tibbiy asbob-uskunalar, dori va gigiyenik himoya vositalarini sotib olish, tibbiy kislorodni jamlash va tarqatish stansiyalarni qurish hamda yo'qsillarga oziq-ovqat tarqatish yo'lida sarflanadi.

Vatandoshlar vatanga yordam berishga bel bog'lagan

“Bunday jamg'armaga ayni damda ehtiyoj bor”, - deydi Bahodur Qudratov, o'zbekistonlik vatandoshlarning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida faoliyat yuritayotgan tashkiloti rahbari.

“Biz Amerikadagi o'zbekistonliklar uchun koronavirus pandemiyasi davrida O'zbekistonga yordamni amalga oshirishimiz ayni paytdagi muhim vazifalardan biri”, - deya tushuntirar ekan Qudratov, tashkiloti jamg'armaga ushbu maqsadga erishish yo'lida yordamga tayyorligini bildirdi.

Buni ham ko'ring Koronavirus bilan yuzma-yuz: Nyu-York va Alabamadagi vatandoshlar

Filadelfiyadagi tashkilot ta'sis etgan haftalik radiodastur orqali jamg'arma maqsad va mohiyatini vatandoshlar orasida targ'ib qilishini aytdi.

Chikagodagi O'zbek-Amerika uyushmasi ahbari Olimjon Sharipov Amerikadada yashayotgan har bir vatandoshning O'zbekistonda yaqinlari bor ekan, ular ona yurtdagi vaziyatdan xabardor ekanini aytadi.

Jamg'armaga mablag' GoFundme platformasi orqali yig'ilmoqda. Tashkilotchilar uning sarf-xarajati shaffof bo'ladi deya va'da bermoqda.

O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov tashabbusni quvvatlab, vatandoshlar bilan yakdil ekanini hamda elchixona bu jarayonda yordam berib, hamkorlik qilishini bildirgan.