Qatarda Tolibon-AQSh muloqoti o'tdi, Afg'onistonda siyosiy tarqoqlik

  • Amerika Ovozi

Qamoqdan ozod etilgan toliblar, Kobul, 11-aprel, 2020.

Tolibon Qatarda AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod va General Skott Miller bilan uchrashgan. General Miller AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondonidir.

Tolibonga ko'ra, Dohadagi muloqotda Qatar diplomatlari ham qatnashgan. Asosiy mavzu - o'zaro kelishuv amaliyotidagi muammolar. Tolibon tomoni Amerika shartlarni bajarmayapti deya noligan, xususan, mahbuslarni ozod etish borasida.

Lekin Afg'oniston markaziy hukumatiga ko'ra, qamoqdagi toliblarni erkinlikka chiqarish ustida harakat ketmoqda va bu ahddan qaytilmagan. Prezident Ashraf G'anining idorasi har bir taraf tinchlik yo'lida sidqidilgan qadam tashlab, afg'on xalqi manfaatlari yo'lida ishlashi kerak, deya qayd etgan.

Shu kunlarda 20 nafar tolib qo'yib yuborilgan. Tolibon ham qo'lidagi odamlarning ayrimlarini ozod etgan. Lekin tomonlar ular kimlar ekanini tasdiqlamayapti.

Prezident idorasi va toliblar orasida ishonch juda past. Buning ustiga, deya eslatadi tahlilchilar, agar Prezident G'ani va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdulla kelishib olmas ekan va har ikkisi davlat rahbaridek ishlashda davom etar ekan, bu tarqoqlik Tolibon bilan endi boshlanayotgan muloqotni yo'qqa chiqarishi mumkin. Tinchlik har doimgidek ushalmas orzu bo'lib qolaveradi, deya ogohlantirmoqda afg'on sharhlovchilar.