Dunyo va AQSh bo’ylab COVID-19 keng tarqalib borar ekan, amerikaliklar nazarida mamlakat yuzlashib turgan eng katta tahdid hozir koronavirus pandemiyasidir.
“Pyu” tadqiqot markazi o’tkazgan so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 79 foizi yuqumli infeksiyalarni eng katta tahdid deb atagan. Terrorizm va yadro qurollarining tarqalishi (73 foiz) va kiberxurujlar (72 foiz) keyingi o’rinlarni band etgan.
Telefon orqali mart oyi davomida 1000 amerikalik ishtirokida o’tkazilgan so’rovning ko’rsatishicha, 13-mart kuni mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinishi ortidan koronavirusni eng katta tahdid deb biluvchilar sonida o’sish kuzatilgan.
14-aprel holatiga ko’ra, AQShda virusga chalinganlar soni 590 mingdan oshdi. O’lim holati esa 25 mingga yaqinlashgan.
12-aprel kuni yuqumli kasalliklar bo’yicha yetakchi mutaxassis Antoni Fauchining aytishicha, agar keskin choralar ertaroq ko’rilganda, virusning keng tarqalishini kamaytirish mumkin edi.
“Qarshi choralar ertaroq boshlanganda va bu jarayon davom etganda, ko’proq inson hayoti saqlanib qolishi mumkin edi, deb aytish mantiqiy jihatdan to’g’ri. Hech kim buni inkor eta olmaydi. Ammo bunday qaror berish jarayoni murakkab”, - dedi u.
Fauchining aytishicha, ba’zi shtatlar kelasi oydan odatdagi hayot tarziga qaytishni boshlashi mumkin, ammo mamlakatda cheklovlar erta bekor qilinsa, virusning qayta ko’payishi xavfi yuqori.
AQSh Prezidenti Donald Tramp o’tgan oy mamlakatda favqulodda holat e’lon qilganda kasallanganlar soni 1700 atrofida edi. Muxolif demokratlar bosimi ostida Tramp keskin choralar ko’rishga majbur bo’ldi.
“Biz bu tahdidni yengamiz”, - degan edi u o’sha paytda.
Favqulodda holat e’lon qilinishi ortidan koronavirusga qarshi kurash maqsadida milliardlab dollar ishlatish imkoniyati paydo bo’ldi, ammo kurash kech boshlangani uchun virus yuqtirganlar soni keskin oshib ketdi.
So’rovda qatnashgan amerikaliklarning 60 foizi global iqtisodiyot tahdid ostida ekanini aytgan. Bunday fikrdagilar soni favqulodda holat e’lon qilinishidan avval 48 foiz bo’lgan.
Xavotir, ayniqsa, kam daromadli va ta’lim darajasi past bo’lgan amerikaliklar orasida yuqori ekani aniqlangan.
13-aprel kuni Trampning “Twitter” orqali yozishicha, uning ma’muriyati iqtisodiyot va sayohatga qo’yilgan cheklovlarni qachon yengillatish masalasida gubernatorlar bilan yaqindan ishlamoqda.
“Gubernatorlar bilan bamaslahat va boshqalarning fikrini inobatga olib qabul qilinadigan mening qarorim tez orada e’lon qilinadi”, - dedi u.
Tramp pandemiya davrida Xitoy va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti kabi davlat va tashkilotlarni tanqid qilgan bo’lsa-da, amerikaliklarning aksariyati koronavirusga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni yoqlashini bildirgan.
So’rov ishtirokchilarining 86 foizi yuqumli kasalliklarning tarqalishiga qarshi kurashda boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishni juda muhim deb hisoblagan. 97 foizi uchun esa bu qaysidir darajada muhim.