AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha elchisi Sem Braunbek dunyo bo’ylab diniy erkinliklarning bugungi ahvoli haqida jurnalistlar bilan videomuloqot o’tkazdi.
Uning aytishicha, din va e'tiqod erkinligi huquqidan foydalanganligi uchun nohaq qamalganlar dunyoda hanuz ko'p. Ularning COVID-19 virusi keng tarqalishi mumkin bo’lgan gavjum hibsxonalarda saqlanishi aytiladi. Dunyo bo’ylab pandemiya kuchaygan bir paytda Sem Braunbek hukumatlarni diniy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi.
Diniy erkinliklar bo’yicha rasmiyning aytishicha, Xitoy hukumati tibetlik buddistlar, uyg'ur musulmonlar va nasroniylarni o'zboshimchalik bilan hibsga olishda davom etmoqda.
Eronda, deydi Braunbek, rejim pandemiya paytida bir qancha mahbuslarni ozod qilgan bo'lsa-da, ko'plab Eron nasroniylari va boshqa diniy ozchiliklar o'z e'tiqodlari uchun qamoqda qolmoqda.
Pokistonda 29 dan ortiq inson kufrga qarshi qonunlar bo'yicha javobgarlikka tortilgan. Biz ularni ozod qilishga chaqirishda davom etamiz, dedi AQSh rasmiysi.
Rossiyada esa diniy e’tiqodi bois qamoqqa tashlanganlar soni 250 dan oshiq ekani aytiladi. O'ttiz ikki nafar Iyegova guvohlari qamoqqa olingan yoki sudgacha qamoqda saqlanmoqda.
“Bittasini ozod qildik. Biz ularning barchasi ozod qilinishini so'raymiz”, - dedi Braunbek.
Rasmiy Saudiya Arabistonida o'z e'tiqodi uchun qamoqqa tashlangan bloger Raif Badaviy hayotidan ham xavotir bildirdi.
Braunbekka ko’ra, Markaziy Osiyo mintaqasida ham diniy erkinlik bo’yicha vaziyat yaxshi emas.
Tojikistonda olti kishi, shu jumladan, Iyegova shohidlari, musulmonlar va nasroniylar o'z e'tiqodlari uchun qamoqda saqlanayotgani ma’lum.
Turkmanistonda esa 10 nafarIyegova shohidi qamoqqa tashlangan.
“Umid qilamanki, bizning mujdamizni boshqalar ham eshitadi. Ba’zi diniy mahbuslarning ozod qilinishida kichik bo’lsa-da yutuqlarga guvoh bo'ldik. Biz bundan ham ko'proq bo’lishini umid qilamiz. Hukumatlardan ularning g'ayriinsoniy sharoitlarda saqlanmasligini, zudlik bilan ozod qilinishini so'raymiz” – dedi Braunbek.