Markaziy Osiyo: Axborot erkinligi har qachongidan ham zarur

Markaziy Osiyoda axborot vositalari va jurnalistlar erkin emas, deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining bu yilgi hisobotida

Fransiyada asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" (Reporters sans frontières, RSF) nohukumat tashkiloti ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar erkinligini himoya qiladi. Mustaqil matbuot va erkin informatsiyani targ'ib qiladi. Uning faoliyati BMT Inson huquqlarining 19-moddasiga asoslangan, ya'ni inson axborotni hech qanday to'siqlarsiz olishi lozim.

RSFning bu yilgi hisobotda (2020 World Press Freedom Index) Markaziy Osiyo axborot ustidan yakkahokimlik hukmron mintaqalardan biri deb qayd etiladi. Tahlilga ko'ra, dunyoning bu qismida ham davlat rahbarlari ommaga zarur informatsiya oqimini cheklab kelmoqda.

Tashkilot, umuman olganda, dunyoda erkinlik darajasi pasayib bormoqda, deya ogohlantiradi, g'arbdan sharqqacha, shimoldan janubgacha.

RSF 180 davlatdagi vaziyatni o'rganib, mamlakatlar reytingini tuzadi. Eng erkini boshida, eng cheklangani oxirida.

Markaziy Osiyoda ijobiy burilishlar bor, deyiladi hisobotda, lekin ular davom etishi uchun islohotlar jadallashishi kerak, xususan O'zbekistonda.

179-o'rindagi Turkmaniston eng yopiq jamiyatlardan biri. Internetga kirish u yerda amri mahol - xavfsizlik organlarining doimiy kuzatuvidasiz.

161-o'rindagi Tojikistonda bloklash davlat siyosati bo'lib, har qanday tanqidiy ovoz bo'g'iladi.

157-o'rindagi Qozog'istonda xorijiy media, qolaversa, "Google" va "Telegram" singari onlayn platformalarga to'siqlar qo'yilgan.

156-o'rindagi O'zbekiston so'nggi yillarda ancha pozitiv qadamlar tashlab, reytingda ildamladi biroq axborot olish va tarqatish tizimi hamon avtoritar ko'rinishga ega, deya tahlil qiladi RSF.

Mintaqada eng erkin davlat - Qirg'iziston. Lekin u yerda ham tanqidiy OAVlarga kiber-hujumlar va siyosiy hamda biznes tahdidlar tinimsiz bo'lib, jurnalistlarning ishlashi tobora qiyinlashib bormoqda.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eskperti Janna Kaveliye (Jeanne Cavelier) deydiki, hozirda Tracker 19 degan tizim ishga solinib, u koronavirus pandemiyasi davridagi jurnalistika, senzura va dezinformatsiya masalalarini o'rganadi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Kaveliye xonim Markaziy Osiyoda bugun eng xavotirli trendlar, ya'ni yo'nalishlar nimada ekanini tushuntirdi.

"Avtoritar davlatlar axborot oqimini to'sish va nazorat qilish uchun ilg'or texnologiyalarni ishga solmoqda. Demak, OAVni cheklash uchun yangi usullar qo'llanilmoqda".

Turkmanistonda internetdan xavfsizlik organlari nazoratisiz foydalana olmaysiz. Qozog'istonda ham to'siqlar ko'paygan. Qirg'izistonda ham ahvol og'irlashib bormoqda. OAVga kiber-hujumlar qilinganida hukumatlar ko'p hollarda tekshirmaydi.

O'zbekiston Axborot va Ommaviy Kommunikatsiyalar Agentligiga ko'ra, mamlakatda media erkinlik har qachongidan ham keng va RSF singari tashkilotlar bu haqiqatni munosib baholamayapti.

"To'g'ri, O'zbekistonda vaziyat rahbar yangilanganidan beri ancha yaxshilandi", - deydi Janna Kaveliye.

Jurnalistlar qamoqdan ozod etildi, lekin hali reabilitatsiya qilingani yo'q. Ya'ni RSF va boshqa huquq tashkilotlari nazarida bu jurnalistlar so'z va matbuot erkinligi uchun kurashib, asossiz panjara ortiga tashlangan va qamoqdan chiqib ham oqlanmagan. Ularning faoliyati tiklanmagan.

"Uzoq yillar turgan bloklar olib tashlandi. Qator axborot vositalari registratsiya qilindi, akkreditatsiya jarayoni oydinlashdi. TV kanallarda jonli efir va siyosiy muhokamalar uchun yo'l ochildi. Ayrim jurnalistlar nozik masalalarni yorita olmoqda, xususan korrupsiya va majburiy mehnat", - deya sanab o'tadi RSF vakili.

"Shu bois ham O'zbekiston xalqaro reytingda to'rt pog'ona ko'tarildi, ijobiy tarafga. Lekin hukumatda eng tepada o'tirganlarni tanqid qilish hamon mumkin emas. Shuningdek, qonunchilikda OAV bilan bog'liq qator cheklovlar olib tashlanmadi. Zimdan kuzatish, tahdidlar, senzura, ichki senzura - bu muammolar hamon mavjud. Qolaversa, ayrim chet el jurnalistlari ham akkreditatsiyadan o'tishga qiynalmoqda".

Hozirgi murakkab davrda, koronavirus bilan kurash ketayotgan, favqulodda choralar hukmron pallada hukumatlar axborot erkinligini ta'minlash uchun qanday yo'l tutishi kerak?

"Hukumatlar bir narsani aslo unutmasligi lozim: jurnalistikasiz, biror global va katta masalani hal qila olmaysiz. Insoniyat matbuotsiz bunga qodir emas. Xitoyda ko'rganimizdek, axborot cheklanganida buning oqibatlari butun dunyoga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Aynan axborotga qo'yilgan to'siq sabab biz hozir shunchalik azob chekayapmiz. Shunday ekan, koronavirus haqida biror axborotni yashirmang va aholining erkin axborot olish huquqini hurmat qiling. Odamlarga ishonchli, erkin yig'ilgan va uzatilgan informatsiya zarur. Va bu informatsiya bir tomonlama emas, serqirra va xilma-xil bo'lishi kerak", - deya javob beradi Kaveliye xonim.