AQSh-Rossiya: Poyga va tahdid davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh suvosti kemasi. Jorjiya shtati, 6-fevral, 2013.

AQSh Davlat departamenti o’tgan haftada Rossiya va Xitoy tahdidlariga qarshi Vashington suvosti kemalarini yadroviy qurol bilan ta’minlashni ko’rib chiqayotganini ma’lum qilgan.

O’z navbatida, Rossiya ham AQShning yadroviy hujumlariga qarshi yadroviy hujum bilan javob berishini bildirdi.

Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 29-aprel kuni bayonot berdi.

Eskpertlarga ko’ra, Vashington nazarda tutayotgan yadroviy kallakchali raketalar qudrati AQSh tomonidan Ikkinchi Jahon urushi yakunida Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlarini vayronaga aylantirgan qurolga teng.

AQSh Davlat departamenti qudrati quyi darajali bo’lgan bunday qurollanishni yadroviy urushga yo’l qo’ymaslik harakati bilan izohlagan. Departamentga ko’ra, Rossiya yadroviy qurollanishni kuchaytirishni rejalamoqda.

Kreml Vashington ayblovini inkor etmoqda. Moskva ehtimoliy yadroviy hujum bilan bosim o’tkazayotgan AQShni tanqid qilgan.

“AQSh suvosti kemalaridan ballistik raketalar vositasida amalga oshiriladigan har qanday hujum, uning qudrati darajasidan qat’i nazar, yadroviy xuruj deb hisoblanadi”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova.

Rossiya harbiy doktrinasiga muvofiq, bunday hujumga yadroviy hujum bilan javob beriladi, deydi u.

Rossiya 2010-yilda AQSh bilan Strategik qurollanishni qisqartirish va cheklash to’g’risida imzolangan bitim muddatini uzaytirishni ko’rib chiqayotganini bildirgan. Bitim 2021-yilga qadar amal qiladi.

Oq uy qurollanishni nazorat qilish bo’yicha Xitoy ishtirokida yangi bitim tuzish taklifini bildirgan. Biroq Moskvaga ko’ra, taklif “maqsadga muvofiq emas”.