Do’stumga marshallik taklif qilinmoqda

Afg’onistonda o'tgan yilgi prezident saylovi natijalari yuzasidan tortishuv hamon barham topmagan. Uning bir tomonida o’zbek generali Abdul Rashid Do’stum turibdi. U siyosiy arbob Abdulla Abdulla tarafida.

O’tgan yil sentabrida o’tgan saylovda, Mustaqil saylov komissiyasiga ko'ra, amaldagi prezident Ashraf G’ani yutgan. Lekin raqibi Abdulla Abdulla buni tan olmaydi. Uningcha, soxta ovozlar berilgan.

Ikkala nomzod ham o'zini g'olib deb biladi. G’ani va Abdulla bir kunda qasamyod qilgan. Qasamyod marosimidan oldin boshlangan muzokaralar davom etmoqda va samarasiz.

Abdulla va G’ani siyosiy kelishuv asosida yangi hukumat tuzmoqchi. Abdullani quvvatlab kelayotgan general Do’stumga marshallik darajasi taklif qilingan. Ya'ni Abdulla shuni va'da qilmoqda va bu kelishuvda aks etishi kerak.

Ushbu “Siyosiy kelishuv” matni internetga chiqishi bilan mashmasha yanada qizib, tarafkashlik kuchaydi.

AQSh qancha harakat qilmasin, Abdulla va G'ani orasida vositachilik qilolmadi

Marhum marshal Muhammad Qosim Fahimning o’g’li Adib Fahim Abdulladan yuz o'girgan, Do’stumga qilingan taklifga qarshi.

Do’stum rahbarligidagi “Milliy Junbish” partiyasi so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanch deydiki, Fahimning oilasi aslida Do’stumning marshalga aylanishini olqishlaydi.

G’ani va uning komandasi bu borada hech narsa demayapti.

Do’stumni zulmda ayblaydigan siyosatchilar e’tiroz bildirmoqda.

Generalni jinsiy aziyat chektirganlikda qoralab kelayotgan Ahmad Ishchining o’g’li Bektosh Ishchi Prezident G’aniga ochiq xat yozib, Do’stumga taklif qilingan martabani rad qilishini so’ramoqda.

Biroq Afg'oniston siyosiy hayoti bilan yaqindan tanish ziyolilar general chetga surilmaydi va u muhim rol o'ynashda davom etadi degan fikrda.

Do’stumga berilgan va'da amalga oshsa, u Afg’oniston ta’rixida birinchi o’zbek marshali bo'ladi.