Sobiq vitse-prezident Jo Bayden jinoyatchilikka qarshi 1994-yilda qabul qilingan qonunni yoqlagan. Aynan shu qonun qora tanlilarni nishonga olgani aytiladi. Bugun prezidentlik uchun kurashayotgan Baydenning siyosiy o’tmishi qora tanlilar tomonidan savol ostiga olinmoqda.
“Xavotirlanishga haqlisiz, shunday qilishingiz kerak. Sizga aytadiganim shu: meni kuzating, tinglang. Nima qilayotganimga, aytayotganimga qarab hukm chiqaring”, - deydi Bayden.
Demokratik partiya ichki saylovlarida Bayden o’z liderlik tajribasi va respublikachilar bilan ishlay olish salohiyatini ko’z-ko’z qildi.
U qora tanlilar va keksa amerikaliklarning kuchli qo’llab-quvvatlovi bilan partiyaning yetakchi nomzodiga aylandi. Yoshlarning aksariyati esa bepul tibbiy xizmat va ta’lim, ishchilarga ko’proq imtiyoz berish kabi progressiv g’oyalarni olg’a surgan senator Berni Sandersni qo’lladi.
Noyabrda bo’ladigan saylovda Prezident Donald Trampni yengish uchun Bayden muhim saylovchilar guruhlarini o’ziga og’dira olishi kerak.
Ammo irqchilikka qarshi namoyishlarning keng tarqalishi, koronavirus pandemiyasi hamda milionlab ish o’rinlarining boy berilishi ortidan u keskin o’zgarishlar qilish bosimi ostida qolmoqda.
“Bayden uzoq karyeraga ega, 40 yil davomida turli qarashlarda bo’lgan. Ularning ayrimlari bugun progressiv saylovchilar uchun ma’qul emas”, - deydi siyosiy tahlilchi Jon Fortier.
Bayden vitse-prezidentlik uchun o’ziga qora tanli ayolni tanlashi kerak, degan talablar ham yangramoqda.
Ammo progressivlar uchun bu yetarli emas. Ular Baydendan politsiya vakolatlarini cheklashga qaratilgan “Politsiyaga mablag’ni kes” nomli harakatga qo’shilishni so’ramoqda.
Ular, shuningdek, Baydenning Sanders olg’a surgan bepul tibbiy sug’urta hamda iqtisodiy notenglikka qarshi kurash choralarini yoqlashini xohlamoqda.
“Hech narsa qilmaslik yoki muammodan ko’z yumish tanlov emas. Muammoni hal qilish uchun jiddiy siyosiy iroda kerak”, - deydi tahlilchi Akunna Kuk.
Progressivlar Baydendan norozi bo’lishi mumkin, ammo Trampga qarshi barchasi yakdil.
“Kunning oxirida ular baribir Baydenni qo’llab-quvvatlashadi, chunki bundan boshqa yo’l yo’q”, - deydi Fortier.
So’nggi so’rovga ko’ra, Bayden raqibi Trampdan 13 foiz oldinda. Ovoz berganlarning faqat 35 foizi amaldagi prezidentni yoqlashini aytgan. Ammo saylovgacha iqtisodiyot yaxshilansa yoki demokratlarda ichki bo’linish yuz bersa, vaziyat Tramp foydasiga o’zgarishi mumkin.
Eng rang-barang saylovchilar guruhini 30 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi.
“Yoshlarni tashvishga solayotgan masalalar irqqa qarab o’zgarishi mumkin. Sog’liqni saqlash eng muhim masalalardan biri sifatida ko’riladi, ammo yoshlar orasida boshqa muhim mavzular ham bor”, - deydi tahlilchi Abbi Kiesa.
“Bu masalalar muhim, lekin sog’liqni saqlash bo’yicha inqiroz ikki masalaga yoshlar e’tiborini oshirdi”, - deydi yoshlar faoli Jessi Barba.
Yosh saylovchilarning 35 foizi o’zini mustaqil deb hisoblaydi. Ular ovoz berishda partiyaga emas, ko’proq mavzularga e’tibor beradi.
“Kollejlarning hamyonbopligi va talabalar qarzi o’n yillardan beri yoshlarning og’liqli mavzusi. Qarz 1,7 trillion dollarga yetdi. Bu yoshlar uchun juda katta muammo, chunki ular hayotlarini endi boshlaganda og’ir qarz orqaga tortib turadi”, - deydi Jessi Barba.
“Yoshlar bir-biri bilan gaplashyapti, kampaniya olib boryapti; ota-onalariga, oila a’zolariga o’z muammolari haqida gapiryapti. Gapirilishi va yoritilishi lozim bo’lgan mavzularni shu tariqa ko’tarib chiqishyapti”, - deydi Kiesa.
Agar siyosatchilar bu yangi avlod ko’ngliga yo’l topishni istasa, deydi ekspertlar, ularning muammolarini qanday hal qilish haqida o’ylashlari kerak.