Tojikiston: Sirdaryoga quyilayotgan kanalizatsiya suvi

Your browser doesn’t support HTML5

Sirdaryo sohilida joylashgan Guliston (sobiq Qayroqqum) shahri Tojikistonning eng goʻzal makonlaridan biri. Shahar “Tojik dengizi”(oldingi “Xalqlar doʻstligi” suv ombori) sohilida joylashgan. Ammo 1992-yildan beri shahar kanalizatsiyasi ishdan chiqqanligi sababli barcha chiqindilar quyiga, Sirdaryoga qarab oqadi. Masʼullar bu muammo haqida biladi, ammo chorak asrdan oshibdiki, muammo bartaraf etilmay qolmoqda.

Guliston sobiq Sovet Ittifoqi paytida obod etilgan sanoat shaharlaridan. Odamlar asosan, koʻp qavatli uylarda yashaydi. Bu yerda mintaqadagi eng yirik gilam toʻqish kombinati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Oʻtgan asrning oʻrtalarida shaharning janubiy-sharqiy tomonidan oʻtgan Sirdaryoning yoʻli toʻsilib, “Xalqlar doʻstligi” suv ombori va shu nomli gidroelektr stansiyasi quriladi. 2016-yili “Tojik dengizi” nomi berilgan bu suv ombori Tojikistonda eng kattas boʻlib, yigʻilgan suv umumiy hajmi 4,16 km kubga teng boʻlib, undan 2,6 km kubini sugʻorish maqsadida ishlatish mumkin. Bu suv omborini qurishdan asosiy maqsad Fargʻona vodiysi, asosan, Oʻzbekistonning Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari yerlarini sugʻorish boʻlgan. Joriy yilda ham Sardoba toʻgʻoni ochilib ketishi ortidan Oʻzbekiston “Tojik dengizi”dan qoʻshimcha suv olishga qaror qildi. Oʻzbekiston Vazirlar mahkamasining joriy yil 18-iyulda eʼlon qilingan qaroriga koʻra, buning uchun 147 000 AQSh dollari miqdorida mablagʻ ham ajratilgan.

Guliston shahrining oʻzida hozir 20 ming nafarga yaqin, jamoat va posyolkalarni qoʻshib hisoblaganda 40 mingdan ortiq odam yashaydi. Shahar bir kecha kunduzda 5 ming kub suv oladi. Shahar kanalizatsiyasi oʻtgan asrning 80 yillarida qurilgan. Oradan 12 yil oʻtib, kanalizatsiya ishdan chiqqan. Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda fuqarolar urushi yillari kanalizatsiya quvurlari oʻgʻirlangan yoki yashirin sotib yuborilgan.

Guliston shahar ekologiya idorasi masʼullarining aytishicha, atrof-muhitni asrash talablariga rioya qilinmaganligi uchun shaharning suv va kanalizatsiya xoʻjaligi har yili jarimaga tortiladi. Ammo shunga qaramay, muammo uzoq yillardan beri bartaraf etilmay qolmoqda.

Guliston shahar suv va kanalizatsiya xoʻjaligi raisining oʻrinbosari Zinatsho Shexovning aytishicha, haqiqatdan ham holat tashvishlanarli.

«Shaharda kanalizatsiya bilan bogʻliq holat haqiqatdan ham juda tashvishlanarli. Bu muammo eski muammo. Sobiq ittifoq tarqab ketganidan keyin mamlakatda fuqarolar urushi yillari chiqindilar yigʻilib, undan yuqoriga tortib tashlaydigan uskuna buzilgan, orada quvurlar yoʻq. Shaharning uch joyidagi maxsus uskunalarning har uchalasi ham ishdan chiqqan. Bu muammoni respublika miqyosida ham hamma biladi. Shaharga bir kecha kunduzda 5 ming kub suv beriladi, shundan 1 ming kubi ishlatilsa, qolgan 4 ming kubi kanalizatsiyaga quyiladi. Toʻrtta kollektor hammasi shu daryo sohili tomon quyiladi. Boshqa biror yerga ketmaydi», - deydi Shexov.

Shaharning sobiq raisi Matluba Sattoriyon Gulistonning 1-raqamli muammosi kanalizatsiya ekanligini aytgan edi. Aslida bu shaharning kanalizatsiyasi sohillarini Sirdaryo suvi yuvadigan Konibodom, Bobojon Gʻafurov, Asht, Xoʻjand, Jabbor Rasulov, Spitamen kabi yana bir necha shahar va tumanlar uchun ham xatarli. Shuningdek, Guliston va Xoʻjand shaharlarida bir necha choʻmilish mintaqalari (plyaj) mavjud. Qolaversa, daryoning quyi oqimidagi isteʼmolchilarga, jumladan, Oʻzbekistonga borayotgan suvning sifati ham alohida oʻrganishni talab etadi.

2018-yili Sugʻd viloyat raisi Rajabboy Ahmadzoda muammoni uzogʻi bilan uch yil ichida hal qilish kerakligini taʼkidlagan edi...

Guliston shahar masʼullarining aytishicha, loyiha tuzib chiqilgan, smeta ham qilingan. Ammo muammo birgina shahar miqyosida hal boʻlmaydi. Sababi, birinchidan, loyiha mablagʻi katta, ikkinchidan, yangi loyihaga koʻra, chiqindi quvurlar orqali boshqa tuman hududidagi boʻsh maydonga tortib tashlanishi lozim. Yaʼni, muammo toʻliq hal etilishi uchun pul va yer muammosi hal boʻlishi kerak. Yer ajratilishi esa, Tojikiston qonunchiligiga koʻra, qoʻshni tuman maʼmuriyatining roziligi va respublika Yer qoʻmitasi qarori bilan amalga oshiriladi.

Guliston shahar suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya xoʻjaligi raisi Yoqubjon Mahmadaliyevning aytishicha, ular muammoni bartaraf etish uchun viloyat, respublika miqyosidagi tegishli idoralarga qayta-qayta xat qilishgan. Xalqaro tashkilotlarga ham murojaat etishgan. Jumladan, Ogʻo Xon Fondi (AKF) va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (EBRD) vakillari tashrif buyurib, muammoni oʻrganishgan va imkon darajasida yordam qilishga vaʼda ham berishgan. Ammo muammo haligacha oʻz yechimini topgani yoʻq. Yaqin yillarda topishi ham nomaʼlum.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, muammo faqat pulda emas. Xohish, yana ham aniqrogʻi, irodaning yetishmasligida. Tojikistonda oxirgi 20-25 yil davomida davlat xazinasi hisobidan katta-katta inshootlar ham qurib bitirildi. Turli ommaviy tadbir va bayramlar tashkil etish uchun ham koʻplab mablagʻlar sarflanadi. Ammo shahar kanalizatsiyasi kabi muammolarga panja orasidan qarab kelinadi. Chunki bu yerga mablagʻ sarflash hech kimga shon-shuhrat keltirmaydi, deydi kuzatuvchilar.