Azimjon Asqarovning so'nggi manzili O'zbekiston bo'ldi

Toshkent viloyati

Azimjon Asqarov O’zbekistonda, Toshkent viloyatining Yangibozor qishlog’ida qabrga qo’yildi. Janoza 31-iyul kuni yaqin qarindoshlari ishtirokida o’qilgan.

25-iyul kuni Qirg’iziston qamoqxonasida vafot etgan Asqarovning qo'shni davlatda dafn etilishiga doir vasiyati Toshkent va Bishkek o’rtasida sal kam bir haftaga cho’zilgan muzokara ortidan amalga oshdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Azimjon Asqarov vasiyatiga ko'ra O'zbekistonda dafn etildi

Asqarov Qirg'izistonda ko'milgan taqdirda uning qabri qirg’iz millatchilari tajovuziga uchrashi mumkin degan xavotir kuchli edi.

Bunday qo'rqinch Qirg’izistondagi bugungi millatlararo tinchlik o’ta mo’rt, muvaqqat ekanligiga ham ishora beradi.

Ziddiyat yana alanga olsa, bunda nafaqat Qirg'iziston balki O'zbekiston ham ayblanishi mumkin. Toshkent qaltis vaziyatga ko’z yumib kelmoqda, degan tanqidlar tinmaydi.

Buni ham ko'ring Qirg'iziston: O'zbek faoli Azimjon Asqarov qamoqda olamdan o'tdi


2010- yilda Qirg'iziston janubidagi etnik xunrezliklar va militsiyaga qarshi jinoyatda ayblanib qamalgan Azimjon Asqarovning aslida aybsiz ekani BMT, boshqa xalqaro huquq tashkilotlari va ko’plab demokratik davlatlar tomonidan e’tirof etilgan. Ular Qirg’iziston hukumatini Asqarovni zudlik bilan ozod etishga undab kelayotgan edi.

Uning ozod etilishiga chaqirgan davlatlar qatorida O’zbekiston yo’q. Vaholanki, deydi ko'plab o'zbeklar, Asqarov aslida bu millat qadri va huquqlari uchun kurashgan. Toshkent jim turmasin deydiganlar fikricha, O'zbekiston butun o'zbek elatining siyosiy yuzi va timsoli.

O’zbekistonni turg’unlikka cho‘mdirgan oldingi rahbariyat ham, milliy yuksalish haqida bong urayotgan hozirgi hokimiyat ham bu masalada jur’at topmadi.

E’tirozlar kuchayib borar ekan, bu hukumatning oldingisidan farqi nimada degan savol hukmron.

O’zbekiston hukumatining Azimjon Asqarov masalasidagi sukutini ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni buzishdan istihola qilish, Rossiya ta’siridan xavotir kabi iddaolar bilan oqlanayotgani butun bir xalqni, millatni haqsizlikka, unsiz yashashga mahkum etishdek taassurot uyg’otadi.

Marhumning Bishkek va Toshkent uchun ham noqulayligi aynan shunda: u Qirg’izistondagi millatlararo tinchlikning omonatligini eslatib turdi.

Aynan shuning uchun Qirg’iziston hukumati dunyo ahli Azimjon Asqarovning ayblsizligini e’tirof qilib turgan paytda ham o’limiga qadar uni qamoqdan chiqarmadi. O’zbekiston hukumati ham Asqarov masalasida, O’sh qirg‘inlari tufayli qamoqqa tashlangan boshqa aybsiz fuqarolar haqida lom-mim demadi.

Lekin marhumning o'g'li Sherzod Asqarovning aytishicha, oila Tashqi ishlar vazirligining dafn borasida yordam berganidan minnatdor.

Azimjon Asqarovning qabri, Toshkent viloyati