Breaking News

HRW: Azimjon Asqarov ozod etilsin


Azimjon Asqarov 2010-yildan beri panjara ortida
Azimjon Asqarov 2010-yildan beri panjara ortida

Qirg'izistonda 10 yildan beri panjara ortida o'tirgan faol va jurnalist Azimjon Asqarovning adolatsiz qamalgani tan olinib, ozod etilishi kerak, deya undamoqda inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot, "Human Rights Watch". Masala bu hafta Oliy sud tomonidan qayta ko'riladi.

Asqarov 2010-yilning yozidagi etnik to'qnashuvlar paytida nafrat urug'ini sochganlikda va ichki ishlar xodimiga nisbatan jinoyatda ayblanib sudlangan va umrbod qamoqqa loyiq topilgan. Lekin huquq tashkilotlari va uning advokatlari bu ish uydirma ekanini qayd etib, Qirg'iziston adliya tizimi va hukumatini nohaqlikda ayblab keladi.

69 yoshli Asqarov o'zini begunoh deb biladi. BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi ham ishni ko'rib chiqqan va mahbusni adolatsizlik qurboni deb xulosa qilgan. Asqarov qiynoqlarga solingan, uning hibsga olinishidan tortib, hozirgacha bo'lgan jarayonlar qonun ustuvorligi va inson huquqlari prinsiplariga ziddir, deya bildirgan BMT organi.

Asqarovning sog'ligi panjara ortida nihoyatda og'irlashgani aytiladi. Yurak va nafas bilan bog'liq kasalliklardan aziyat chekayotgan mahbus koronavirusga chalinsa, bardosh berolmasligi aniq, deydi himoyachilar.

Sud oldidan bayonot chiqargan HRWga ko'ra, Asqarov avvalo nohaq qamalgani uchun qo'yib yuborilishi kerak.

Qirg'iziston hukumatiga ko'ra esa, mamlakat sud tizimi mustaqil va rahbariyat masalaga aralasha olmaydi. Bishkekda rasmiylar Asqarov ishi yuzasidan oldindan shunday pozitsiyada, ya'ni sud hukmiga bosh egmoq zarur.

Lekin Asqarovning tarafdorlari fikricha, uning bir umrga qamalishi aynan hukumatdagilarning fitnasi. Ular nazarida, Asqarov etnik nafratlar ortida aslida siyosatchilar va ichki ishlar turgani xususida material to'plagani sabab shunday ahvolga solingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG