Breaking News

Qirg'iziston: O'zbek faoli Azimjon Asqarov qamoqda olamdan o'tdi


2010-yilda qamalgan Azimjon Asqarov 70 yoshda edi
2010-yilda qamalgan Azimjon Asqarov 70 yoshda edi

Qirgʻizistonda 2010-yilning iyun oyidagi qonli voqealar ketidan umrbod qamoqqa mahkum etilgan huquq faoli Azimjon Asqarov 25-iyul kuni vafot etdi. U 70 yoshda edi.

Azimjon Asqarov Qirg'iziston qamoqxonasida jon berdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:01 0:00

Jazoni ijro etish davlat xizmatiga ko'ra, Azimjon Asqarovga zotiljam tashxisi qoʻyilgan. Muassasa tarqatgan maʼlumotda qayd etilishicha, mahbus davolanishdan bosh tortgan.

“Asqarovning jasadi Respublika sud-tibbiy ekspertiza markaziga joʻnatildi. Ekspertiza oʻtkazilgandan keyin nimadan vafot etgani haqida aniq maʼlumot beriladi”, - deb yoziladi idoraning maʼlumotida.

24-iyulda Asqarovni “Tez yordam” xizmati tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida 47-qamoqxonaga olib borgan.

Ammo bunga qadar Jazoni ijro etish davlat xizmati Asqarovning sogʻligi yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad qilib kelgan edi. “Ozodlik” radiosining qirgʻiz xizmatiga ham Asqarov shifokorlar nazoratida, harorat koʻtarilmagan va nafas olishi ham meʼyorda ekanini bildirishgan.

Lekin Azimjon Asqarovni himoya qilib kelgan “Bir dunyo - Qirgʻiziston” huquqni himoya qilish tashkiloti va boshqa manbalar uning sogʻligidan tashvish bildirib, uni darhol ozod qilishni talab qilishgan. “Amerika Ovozi” ham bu masalani oʻrganish maqsadida marhum huquq himoyachisiga advokatlik qilgan Vakeryan Vaxitov bilan, Asqarovning turmush oʻrtogʻi bilan suhbatlashgan edi.

22-iyul kuni Azimjon Asqarovning advokati Valeryan Vaxitov uning holidan xabar olgani koloniyaga borib kelgan. Vaxitov Asqarovning ahvoli ogʻir ekani, mustaqil yura olmayotgani, uchrashuvga ham uni koloniyaning qorovullari suyab olib kelganini va ovqatlana olmagani sabab unga glyukoza berilayotganini aytgan edi.

Jurnalist va huquq himoyachisi sifatida tanilgan Asqarovning turmush oʻrtogʻi Hadicha Asqarova 24-iyul kuni “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Asqarovning sogʻligi anchadan beri yaxshi emasligini, ammo oila mahbus bilan pandemiya sabab anchadan beri koʻrisha olmayotganini aytgan edi.

Vaxitov — “Bir dunyo - Qirgʻiziston” huquqni himoya qilish tashkilotining bosh advokati. Oʻn yildan beri Asqarovni himoya qilib kelgan.

Advokat "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Asqarovga chiqarilgan hukm noqonuniy va adolatsiz deb hisoblashini aytgan.

“Asqarov orqali Oʻsh voqealari yuzasidan sudlangan barcha odamlarning taqdirini koʻrish mumkin. Bu jazolovchi sud tizimimizdagi kamchiliklar. Agarda Oliy sud bu ishga nuqta qoʻygan, uni hukm qilgan deb aytsak, men advokat sifatida oʻz fikrimni aytganman va buni aytishga haqqim bor. Azimjon Asqarovning qamalishi - adolatsizlik”, - degan edi Vaxitov.

Jalolobod viloyatining Bozorqoʻrgʻon tuman sudi Asqarovni 2010-yilgi etnik xunrezliklar paytida ommaviy tartibsizlik uyushtirish va odam oʻldirishga aybdor deb topgan. Oʻsha yilning 15-sentabrida umrbod qamoqqa hukm qilingan. Chuy viloyat sudi 2017-yilning 24-yanvarida bu hukmni oʻz kuchida qoldirgan. Apellyatsiya tartibida yana bir necha bor murojaat qilindi, lekin hukm o'zgarmadi.

“Azimjon Asqarov juda bilimdon, hurmatli va begʻaraz huquq himoyachisi boʻlgan. Bunday odamlar hech qachon taslim boʻlmaydi. Yaqinda u 70 yoshga kiradi, ammo haligacha uning sergʻayratligidan hayratlanaman. U qamoqda ham odamlarga huquqiy maslahatlar berib yordam qiladi”, - deb aytgan edi advokat “Amerika Ovozi”ga.

Azimjon Asqarov kim edi?

Millati oʻzbek boʻlgan Azimjon Asqarov Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida “Vozdux” huquqni himoya qilish tashkilotini boshqargan. U militsiya tarafidan amalga oshirilgan qiynoqlar boʻyicha surishtiruvlar o'tkazib tanilgan. Fuqaro huquqlarini himoya qilib, xalqaro matbuotga maqolalar yozib turgan.

Uni 2010-yilning 15-iyunida Qirgʻiziston janubidagi millatlararo qonli toʻqnashuvlar vaqtida qoʻlga olishgan. Asqarovga “Оmmaviy tartibsizliklarni uyushtirish”, “Millatlararo nizo qoʻzgʻash” va “Odam oʻldirishda ishtirok etish” moddalari boʻyicha ayb qoʻyilgan. Sud 2010-yilning soʻngida Azimjon Asqarovni umrbod ozodlikdan mahrum qilish boʻyicha hukm chiqargan. Huquq himoyachisi oʻziga qoʻyilgan ayblarni tan olmagan.

Asqarov oʻzining aslida huquq himoyachisi sifatida maʼlumot toʻplagani uchun nishonga olinganini aytib kelgan edi.

Mahbus 2015-yili AQSh Davlat departamenti tomonidan inson huquqlari himoyachilariga atalgan nufuzli mukofot bilan taqdirlangan.

U qamoqxonada “Men baxtliman” deb nomlangan kitob yozib, unda oʻz fikr va kechinmalarini aks ettirgan.

BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi 2016-yili Asqarov qiynoqqa solingan, huquq himoyachisiga nisbatan sud tergovlari adolatsiz oʻtgan, deya xulosa qilgan. Qoʻmita Qirgʻiziston hukumatini Asqarovni darhol ozod qilishni talab qilgan. Boshqa xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari ham shu vaqtga qadar Asqarovga erkinlik bering, deya undan keldi.

Asqarovning tarafdorlari fikricha, uning bir umrga qamalishi aynan hukumatdagilarning fitnasi. Ular nazarida, Asqarov etnik nafratlar ortida aslida siyosatchilar va ichki ishlar turgani xususida material toʻplagani sabab shunday ahvolga solingan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG