Pandemiya dunyo bo'ylab millionlab odamlarni ishdan, tirikchilikdan va turar joydan ayirdi va ayirishda davom etmoqda. Amerika hukumati aholiga bu borada yordam berib kelmoqda lekin ko'makning muddati cheklangan. Qonunchilar uni qancha paytga uzaytirish yuzasidan yakdil emas. Virjiniya shtatida, masalan, minglab oilalar davlat yordamisiz hozirgacha ko'chada qolgan bo'lar edi. Odamlar minnatdor, lekin kelajak mavhum. Koronavirus tarqalishda davom etib, iqtisodiy vaziyat yaxshilanmas ekan, ko'plar uchun uydan ayrilish ehtimoli hamon baland.
Sudanlik muhojir, hozirda AQSh fuqarosi Sami Burma uch joyda ishlab, oyiga 6000 dollar topar edi. Hozir ishsiz va daromadsiz.
"Ijara pulini to'rt oydan beri to'lay olganim yo'q. Hozir ishsizligim uchun yordam puli olaman xolos. Bolalar uchun har ehtimolga qarshi ozgina pul turishi kerak", - deydi Sami.
“Uyimizdan ayrilsak, qayerda yashaymiz deb qo'rqaman. Ijara qimmat. Yana farzand kutayapmiz", - deydi rafiqasi Laylo.
Sami davlatdan haftasida 758 dollar oladi. Ishsiz ekani uchun yordam. Yegulik va boshqa eng zarur talablarga yetadi, ammo ijarani qoplamaydi. U yashaydigan majmua davlat nazarida yordamga munosib joy emas.
“Aholiga boshpana uchun to'lash maqsadida ajratilgan moliiyaviy ko'mak biz turgan yerga taalluqli emas ekan", - deya tushuntiradi Sami.
"Bell Partners" kompaniyasi bu imoratga egalik qiladi. Kompaniya pandemiya davrida jarimani bekor qildi va ijarani kechroq to'lashga ruxsat berdi. Lekin hozirga kelib, bu yordamning ham muddati bitdi.
Sami ko'chishdan bosh tortgani uchun sudga chaqirildi.
Sudya uning ishsizligini tushundi va ozgina vaqt berdi.
“Virjiniya shtatida bu kabi hollarda aholiga yordam beradigan dastur bor", - deydi Meri Horner, bu masala bilan shug'ullanadigan tashkilot rahbari.
"Koronavirus sabab ishdan ayrilib, uy uchun to'lolmay qo'lsangiz, sud sizga yana 60 kun o'sha yerda yashashi uchun ruxsat beradi. Qonun bu insonlar tarafida".
Mahalliy hukumat qarab turmaydi, deydi rasmiylar.
"Odamlarning majburan chiqarilishi yoki uysiz qolishi davlatga qimmatga tushadi. Hozirgi joyda yashashlari arzonroq", - deydi Melodi So.
Ayni damda Amerika bo'ylab taxminan 28 million ijarachi va 16 million uy egasi shu kabi murakkab ahvolda, deya bildiradi "Amherst Capital" ko'chmas mulk firmasi.
Virjiniya shtatida bir milliondan ziyod xonadon favqulodda yordamga muhtoj, deydi demokrat senator Mark Vorner. Ijarachilar asosan past maoshli ishlarda mehnat qiladigan odamlar.
Sami Burmaniki singari oilalarga madad ko'rsatayotgan nohukumat jamg'armalar bor. Masalan, afrikalik muhojirlar tashkiloti.
“Ishsiz qolganlardan ijara talab qilishga hech kimning haqqi yo'q. Tirikchiligi yo'q odamga bunday talab qo'yish adolatsizlik", - deydi Bert Bayu.
Sami qarzi ham oshib ketganini aytadi, kredit kartalarini to'lash kerak.
"Uber" taksisini haydab pul topay desa, bir xonali uyiga koronavirus olib kelishdan qo'rqadi. Lekin u tinimsiz ish qidiryapti.
“Qaniydi, biror joydan imkon topsam. Hozircha omadim kelmayapti. Miyamda faqat shu - ish topishim kerak. Kechayu kunduz shuni o'ylayman", - deydi Sami.