Ukrainada bank binosini portlatishni tahdid qilib, xuruj uyushtirishga uringanlikda ayblanayotgan o’zbekistonlik Suhrob Karimov ruhan nosog’lom ekan, deya taxmin qilinmoqda. Rasmiy manbalarga ko'ra, Karimov 3- avgust kuni Kiyevdagi “Leonardo” biznes markazida joylashgan bankka kirib, uni portlatmoqchi ekanini aytib, do'q-po'pisa qilgan.
Politsiya biznes markazdan aholini zudlik bilan evakuatsiya qilgan. Xavfsizlik organlari darhol maxsus amaliyotga kirishgan.
Qayd etilishicha, sumkasida portlovchi modda borligini, istalgan paytda binoni portlatishi mumkinligini aytgan Suhrob Karimov u bilan qolgan bank xodimidan jurnalistlar va televideniye kelishini talab qiladi.
Uning talabi qondiriladi. Ukraina televideniyesining voqea joyidan uzatgan jonli efirida bank xodimlari bilan xotirjam suhbat qilayotgan Karimovni ko’rish mumkin.
Karimov jurnalistlar bilan o’tirgan paytda Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan qo'lga olinadi, hibs sahnasi ham jonli efirda kechadi.
Karimovning sumkasidan portlovchi moddalar topilmagan.
Ukraina Ichki ishlar vaziri o’rinbosari Anton Gerashchenko, O’zbekistondan olingan ma’lumotlariga tayanib, Samarqandda tug’ilgan Suhrob Karimov 10 yoshidan boshlab ruhiy kasallar shifoxonasida ro’yxatda turgani haqida ma’lum qildi.
Ammo uning ta’kidlashicha, 2013- yildan buyun Ukrainada qonuniy yashab kelayotgan Karimov biror marta huquq tartibot idoralari nazoratiga tushmagan.
Ukraina matbuoti yozishicha, Suhrob Karimovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qarab, u ruhan nosog’lom, deya xulosa qilish mumkin. Karimov qoldirgan so’ngi postda jihod e’lon qilishini aytib, barcha prezidentlar va siyosatchilarni o’ldirishga chaqiradi.
Kiyevda yashayotgan o’zbekistonlik jurnalist Narzulla Oxunjonovning aytishicha, Suhrob Karimov bilan bog’liq voqealar soxta terrorchilik sahnasidek taassurot uyg’otadi. Karimovning jurnalistlar bilan muloqotda ko’targan talablari ham ruhiy salomatligi yomonligidan darak beradi, xususan dunyodagi barcha prezidentlarni hibsga olish, favqulodda holatlar joriy etish kabi talablar.
So’ngi paytda Ukrainada odamlarni garovga olish bilan bog’liq terrorchilik hodisalari tez-tez kuzatilmoqda, deya ta'kidlaydi Oxunjonov. Bu esa xurujlar Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun atay uyushtirilayotganiga doir taxminlarni ham yuzaga chiqargan.
Aniqlanishicha, 32 yoshli Suhrob Karimov oilali, bir nafar farzandi bor.
O’zbekiston, jumladan O’zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi bu voqea yuzasidan hozircha biror munosabat bildirmagan.