Tixanovskaya: Lukashenko muzokara qilishga majbur

  • Amerika Ovozi

Svetlana Tixanovskaya Litvadan turib, "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashdi

Belarus muxolifati rahbari Svetlana Tixanovskaya G'arbdan hozircha yordam so'rayotgani yo'q va mamlakatidagi chigal vaziyatga tashqaridan hech kimning aralashishini istamaydi. Tixanovskaya buni "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytdi.

Belarusda 9-avgustdan beri tinimsiz namoyishlar. Mamlakatni 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko oltinchi bor saylanganini aytib, "xalq menga ishonch bildirdi", deya bong urmoqda. Norozi omma deydiki, saylovlar haqqoniylikdan yiroq, jarayon demokratik va adolatli o'tmagan. Lukashenko bu iddaolarni inkor etadi.

Saylov ketidan vaziyat tang ekan, Tixanovskaya farzandlari bilan vatanni tark etdi va ayni damda Litvada.

Minskdagi namoyishlarda talabalar va xotin-qizlar faol. Politsiya ularning ayrimlarini hibsga olgan. 1-sentabr, 2020.

"Amerika Ovozi": 9-avgustdagi saylovda ko'pchilik siz uchun ovoz bergan deb ishonasizmi? Lukashenkodan ustun keldim, deb o'ylaysizmi? Belarus hukumatiga ko'ra, Lukashenko yutgan. Sizda qanday isbot-dalil bor?

Svetlana Tixanovskaya: Ko'chalardagi odamlar Lukashenko yutmaganidan dalolat beradi. Saylovga chiqqanlarning hammasi buning isboti.

"Amerika Ovozi": Lukashenko siz bilan muzokara qilishiga qanchalik ishonasiz? Buning ehtimoli qanchalik?

Svetlana Tixanovskaya: Buning ehtimoli baland, chunki hukumat oldida boshqa yo'l yo'q. Ayni damdagi siyosiy inqirozdan chiqishning yagona yo'li - muzokara.

"Amerika Ovozi": Ayrimlarga ko'ra, sizda na reja bor va na strategiya. Nima bor sizda?

Svetlana Tixanovskaya: Aniq rejamiz bor. Yangidan saylovlar o'tkazish, erkin va oshkora.

"Amerika Ovozi": Lukashenko siz xohlayotgan saylovda qatnasha olardimi?

Svetlana Tixanovskaya: Yo'q. Biz istagan saylov erkin va ochiq bo'ladi va har kim qatnashishi mumkin. Lukashenko bu davlat fuqarosi sifatida jismonan qatnasha oladi, lekin vijdonan olib qaraganda, qatnashishga haqlimi deya so'raymiz.

"Amerika Ovozi": Oxirgi paytda, xususan, dam olish kunlari namoyishlarda xotin-qizlar ko'payganiga guvoh bo'ldik. Ularga nima deyapsiz?

Svetlana Tixanovskaya: Ayollar namoyishlarda, ba'zilar so'zi bilan aytganda, inqilobda bu qadar faol ekanidan faxrlanaman. Xotin-qizlar har kungi hayotda muhim rol o'ynaydi. Demak, ularni ilhomlantira oldik. Erkaklar o'rniga ham biz norozilik bildira oldik. Ayollar erkaklarning yonida, ulardan oldinda turgani ajoyib. Dunyo anchadan beri bunaqa namoyishlarni ko'rmagan edi, nazarimda.

9-avgustdan beri Belarusda tinimsiz namoyishlar. Minskdagi manzara, 30-avgust 2020.

"Amerika Ovozi": Yurtdoshlaringiz vatanda, katta shaharlarda, norozilik namoyishlarida, siz esa Vilnyusda, Litvada. Nega Belarusdan chiqib ketdingiz?

Svetlana Tixanovskaya: Jiddiy sabablari bor. Ular haqida hozir gapira olmayman. Kelajakda, balki hammasini birma-bir hikoya qilib beraman, ammo hozircha bu borada so'zlay olmayman.

"Amerika Ovozi": Bosim o'tkazishdimi yoki tahdid qilishdimi?

Svetlana Tixanovskaya: Uzr, bu borada gapira olmayman.

"Amerika Ovozi": May oyiga qaytib qolsangiz, hozirgi bilganlaringizga tayanib, yana shu yo'ldan borar edingizmi?

Svetlana Tixanovskaya: Bilasizmi, bu borada ko'p o'ylanaman, va shubhasiz, saylov kampaniyasi o'ta stressli davr bo'ldi. Shunday damlar bo'ldi, hammasini bekor qilishga tayyor edim. Davom etish uchun kuchim yetarmikan, degan xayollarga bordim. Lekin qarang, Belarus xalqi uchun bu harakatlar qanchalik muhim. Bu yil Belarus uchun tarixiy davr, kelajak qanday bo'lishini hal qiladi. Biz nihoyat uyg'ondik, huquqimiz uchun kurashga shaymiz. Shunday ekan, voqealar boshiga qaytib qolsam, yana shu yo'ldan borar edim, afsuslanmayman.

"Amerika Ovozi": Rossiya yoki G'arbdagi biror davlat siz, muvofiqlashtiruvchi kengash va Lukashenko orasidagi muzokaralarga qo'shilishini xohlaysizmi, kerakmi bunday aralashish?

Svetlana Tixanovskaya: Mamlakatimizdagi siyosiy inqiroz - o'ta ichki masala. Nima bo'lishini Belarus xalqining o'zi hal qiladi. Bizningcha, o'z muammomizni o'zimiz yechishimiz kerak. Biroq biror kun kelib, bizga boshqa davlatlarning yordami zarur bo'lsa, masalan, muzokaralarni tashkillashtirishda yoki balki vositachilik qilish uchun, o'zimiz ularga murojaat qilishimiz mumkin".