Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatiga qarashli Aravon tumanida 20-sentabr kuni parlament saylovi uchun oʻtkazilayotgan targʻibot paytida ommaviy mushtlashuv yuz berdi.
Mahalliy jurnalistlarning yozishicha, 12 kishining jarohat olgani aytilayotgan mushtlashuv ikki raqobatchi partiya - «Mekenim Qirgʻiziston» va «Birimdik» partiyalarining tarafdorlari oʻrtasida yuzaga kelgan.
Jabrlanganlar orasida «Birimdik» partiyasidan parlament sayloviga nomzod boʻlgan Shukrillo Fayzullayevning ikki ukasi, «Mekenim Qirgʻiziston» partiyasining Yusupova qishloq hukumatidagi shtab yetakchisi hamda uning oʻgʻli bor.
Hozirda mushtlashuvda qatnashgan 10 nafar fuqaro qoʻlga olinib, soʻroq bermoqda. Kasalxonada davolanayotgan 12 kishi esa yaqin orada soʻroqqa olinadi. Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmatidan xabar qilinishicha, mushtlashuvni keltirib chiqarganlarga nisbatan qattiq chora koʻriladi.
Qirgʻiziston Bosh vaziri Qubatbek Boronov Ichki ishlar vazirligiga mazkur voqea boʻyicha qisqa muddat ichida tergov olib borishni topshirdi. Bosh vazirning talabi ortidan jamoat tartibini taʼminlashda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun militsiyaning polkovnigi, Aravon tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi ishdan olindi. Shuningdek, ichki ishlar boʻlimining ayrim xodimlariga hayfsan berildi.
Mojaro 20-sentabrda Aravon tumanida «Mekenim Qirgʻiziston» partiyasining nomzodi, parlament deputati Ilxom Mannonov ishtirokidagi targʻibot uchrashuvi vaqtida yuz bergan.
Oʻsh viloyat militsiyasining matbuot kotibi Jenish Ashirbayev «Ozodlik»ka janjal saylovoldi targʻibotini oʻtkazayotgan «Mekenim Qirgʻiziston» partiyasining nomzodi boshqa partiya nomzodini “yomonlab qoʻygani” ortidan yuz berganini bildirgan.
«Mekenim Qirgʻiziston» partiyasi esa Feysbuk sahifasida rasmiy bildiruv tarqatib, janjalni nomaʼlum guruh ataylab keltirib chiqarganini aytgan.
Parlament deputatligiga nomzod Ilxom Mannonov faoliyatini oddiy uchastka militsiyasi xodimi sifatida boshlab, soʻng turli yillarda Oʻzgan, Aravon, Novqat tuman ichki ishlar boʻlimlarini boshqargan. Sobiq prezident Almazbek Atambayev asos solgan Qirgʻiziston sotsial-demokratlar partiyasidan 2015-yili parlamentga deputat boʻlib saylangan. Bu galgi saylovda esa «Mekenim Qirgʻiziston» partiyasi bilan ishtirok etmoqda.
«Birimdik» partiyasi bilan parlament sayloviga qatnashayotgan Shukrullo Fayzullayev esa Aravon tumanining Yusupov qishloq hukumati yetakchisi. Hozircha militsiya va partiyalar mojaro Mannonov bilan Fayzullayevning tarafdorlari oʻrtasida chiqqanini tasdiqlamadi ham, inkor ham qilmadi.
Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi Baqit Seyitov Aravondagi voqeani millatlararo masala sifatida baholamaslik kerakligini bildirdi.
“Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati yozishicha, Baqit Seyitov Jogorku Kenesh deputatligiga nomzod qatori ikki partiyaga kirgan ikki kishi bir millatning vakillari. Shu sababdan Aravondagi voqeani millatlararo nizo qoʻzg'ash yoki boshqa shu kabi masalalarga bogʻlash toʻgʻri emasligini aytgan.
Media ekspert Abdumoʻmin Mamaraimov bu kabi voqealar avvalgi saylovlar vaqtida ham boʻlib kelganini, ammo hech qanday xulosa chiqarilmagani evaziga “qonunni buzsa boʻlaveradi” degan tushunchalar paydo boʻlayotganini aytdi.
Uning “Ozodlik” qirgʻiz xizmatiga aytishicha, Aravondagi voqea vaziyat tinch sezilganiga qaramay, kutilmagan salbiy holatga oʻzgarib ketish ehtimoli mavjudligini koʻrsatib qoʻygan.
Jurnalist Mahmudjon Qozoqboyev esa bu yilgi saylov Belarusda yuz berayotgan voqealar va koronavirus pandemiyasi taʼsirida avvalgilardan farq qilishi mumkin deb hisoblaydi.
“Albatta, saylovdan keyingi noroziliklar toʻlqini ham yuzaga kelishi ehtimol. Busiz boʻlmaydi. Chunki bizda jamiyatimiz ancha faol. Shuning uchun avvalgiga qaraganda ham saylov kurashlari ancha qizgʻin boʻlishi mumkin deb oʻylayman”, - deydi jurnalist.
Huquq himoyachisi Izzatilla Raxmatillayev esa haqiqiy, adolatli saylov boʻlishiga ishonmaydi.
“Jamiyat buzilgan. Real saylov boʻlishiga ishonmayman. Eslab koʻring, Aqayevning «Algʻa», Bakiyevning «Aq-jol», Atambayevning KSDP partiyalarida kuzatilganidek, bugun ham kim hokimiyat tepasida boʻlsa, hamma shuning “musiqa”siga raqs tushyapti”, - deydi u.
Qirgʻizistonning ombudsmani Toqon Mamitov Aravonda yuz bergan voqea boʻyicha rasmiy saytida bayonot tarqatdi. Unda ombudsman saylov qonunlariga koʻra, mahalliy hukumat, huquq-tartibot organlari siyosiy partiyalarning yigʻinlarida xavfsizlikni taʼminlab berishga masʼul ekanini taʼkidlagan.
Bayonotda Aravon tumanida huquq-tartibot organlari joyida tezkor choralarni koʻrib, voqeaning oldini olishi mumkin boʻlgani aytiladi.
Ombudsman mazkur voqea chuqur oʻrganilib, aybdorlar jazoga tortilishi lozimligini va saylovda partiyalar halol raqobat qilishi kerakligini qoʻshimcha qilgan.
Qirgʻizistonda navbatdagi parlament saylovi 4-oktabrda boʻlib oʻtadi. Markaziy saylov komissiyasi 16 partiyani roʻyxatdan oʻtkazgan. Saylovda ishtirok etayotgan nomzod partiyalarning 4-sentabrda boshlangan targʻibot ishlari saylovga bir kun qolganda toʻxtatiladi.