Saylov AQShga 11 milliard dollarga tushmoqda

  • Amerika Ovozi

2020-yilgi saylov AQShga 11 milliard dollarga tushishi kutilmoqda. Saylov kampaniyalarini moliyalashtirishni tahlil qiluvchi nufuzli markazning ma’lum qilishicha, joriy yil saylovi AQSh tarixidagi “eng qimmat” saylovga aylanadi.

Tadqiqot markazining 1-oktabr kuni e’lon qilgan hisobotiga ko'ra, 2020-yilda AQShda o’tadigan prezidentlik va Kongress saylovlari uchun 10,8 milliard dollar sarflanadi. Inflyatsiya darajasini hisobga olganda, bu yilgi saylovlar qiymati 2016-yilgi saylovlar qiymatidan 50 foiz ko’proq bo’ladi.

Markaz bashorati shu paytga qadar sarflangan moliya hamda saylovga qadar so’nggi oyda kutilayotgan xarajatlar hisob-kitobidan kelib chiqqan. Shu paytga qadar demokratlar ham prezidentlik, ham Kongress saylovlari uchun respublikachilardan ancha ko’p pul sarflagan. Jami xarajatlarning 54 foizi demokratlar, 39 foizi respublikachilar tomonidan amalga oshirilgan.

“2018-yilgi oraliq saylovlar qiymati rekord darajaga yetgan edi. 2020-yilgi saylovlar qiymati esa misli ko’rilmagan darajada yuqori bo’ladi”, - deydi markaz ijrochi direktori Sheyla Krumxols.

Oq uy uchun amaldagi prezident Donald Tramp va sobiq vitse-prezident Jo Bayden o’rtasidagi kurash 5,2 milliard dollarga tushadi. Bu 2016-yilgi prezidentlik saylovi xarajatlaridan ikki barobar ko’p. Qayd etilgan 10,8 milliard dollar moliyaning qolgan qismi Kongress uchun kechajak saylovga sarflanmoqda.

Markazning ma’lum qilishicha, prezidentlikka va Kongressga nomzodlar shu paytga qadar jami 7,2 milliard dollar sarflagan. Kongressga nomzodlar uchinchi chorak xarajatlari bo’yicha hisobotini taqdim etgach, joriy ko’rsatkich yanada o’sishi kutilmoqda.

Hisobotda saylov kampaniyasi uchun qo’shimcha mablag’ zarur bo’lishi ehtimoli ham inobatga olingan. U holda, xarajatlar taxmin qilinganidan-da yuqori bo’lishi mumkin.