Qirgʻizistonda 4-oktabrda oʻtgan parlament saylovining natijalaridan norozi boʻlgan 12 partiya faollari dushanba kuni Bishkekda namoyishga chiqqan va kuch bilan tarqatilgan. “Ata Meken” partiyasining nomzodi, deputat Janar Aqayev jarohat olib, kasalxonaga yetkazilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Muxolifatchilarga ko'ra, saylov jarayonlarida ovoz sotib olish, maʼmuriy resursdan foydalanish, saylovchilarga bosim oʻtkazish kabi bir qator qonun buzarliklar boʻlgan.
Miting ishtirokchilar saylov natijalarini tan olmasligini va u qaytadan oʻtishi, shuningdek, oldingi uch oʻrinni egallagan partiya keyingi saylovda ishtirok etmasligini talab qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norozilik namoyishining video lavhalaridan “Jeenbekov ketsin! Matraimov qamalsin!” degan chaqiriqlarni ham eshitish mumkin.
Miting ishtirokchilariga dastlabki natijalarga koʻra, Jogorku Keneshga oʻtish ehtimoli bor boʻlgan “Butun Qirgʻiziston” va “Mekenchil” partiyalarining liderlari Adaxan Madumarov hamda Qamchibek Tashiyev ham kelib qoʻshilgan. Ular saylovda gʻolib boʻlganiga qaramay, saylov “adolatsiz” oʻtdi deb aytmoqda.
Mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov esa 5-oktabrda parlament saylovini monitoring qilgan xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashgan. Uchrashuvda xorijlik kuzatuvchilar guruhi saylov ayrim kamchiliklarga qaramay, shaffof va adolatli oʻtganini taʼkidlagan.
Oʻz navbatida Jeenbekov saylov qonunlari oldindan maʼlum boʻlganini, barcha partiyalarga targʻibot olib borish uchun birdek sharoitlar yaratib berilganini aytib oʻtgan.
Shunga qaramay kuzatuvchilar saylov davomida respublika boʻyicha odamlarni guruhi bilan tashib kelish, yuz niqoblariga maxsus belgilarni qoʻyish, ovoz sotib olish kabi qoida buzarliklarni qayd etgan.
252 saylov uchastkasidagi saylov jarayonini kuzatgan “Umumiy ish” jamoat fondining mustaqil kuzatuvchilari texnik nosozliklar va roʻyxatdan oʻzlarini topolmagani uchun ovoz berolmay qolgan saylovchilar haqida maʼlum qilgan.
Oʻshlik jurnalist Umida Mirzaboyeva esa saylov uchastkasiga ovoz berish maqsadida borganda, uning nomidan kimdir ovoz berib qoʻygani aniqlanganini aytadi.
“Qorasuv tumaniga qarashli Gʻoziyev oʻrta maktabidagi saylov uchastkasiga ovoz berishga bordim. Sanitar talablarini nazorat qilganlar kuzatuvida, karantin qoidalariga rioya qilgan holda saylov xonasiga kirdim. Maxsus apparat yordamida barmogʻimni biometrik maʼlumoti orqali raqamimni olib roʻyxatdan oʻtmoqchi boʻldim. Ne koʻz bilan koʻrayki, meni familiyam toʻgʻrisida boshqa odamni pasport seriyasi turibdi. Bu degani meni oʻrnimga boshqa odam roʻyxatdan oʻtib, saylov byulletenini olganu oʻzi xohlagan partiyasiga ovozini berib chiqqan. Bu yerda adashmovchilik boʻlganmi yoki pulga ovoz sotib olmoqchi boʻlganlar oʻyinimi? Surishtirishni boshlasam, operatorlar adashib yozib qoʻyishibdi, deya bir-birlariga aybni agʻdarib, boʻyniga olishni istashmadi. Oqibatda menga ham boshqa bittasining nomidan saylashimni va shovqin koʻtarmay, vahima qilmay chiqib ketishimni iltimos qilishdi. Men esa ovoz berishdan bosh tortdim. Bu men guvohi boʻlgan voqea edi. Bundan tashqari qancha odamlar oʻz ovozlarini pulga sotishdi. Partiyalar ochiqdan ochiq uyma-uy yurib, pul taklif qilishdi. Hattoki, xonadonlarga kirib odam boshiga 2000 somdan bergan holatlar ham kuzatildi. Bu bilan saylovning adolatli, xolis boʻldi deyish mumkinmi?”, — deydi mahalliy jurnalist.
Inson huquqlari himoyachisi Izzatillo Rahmatillayev 2000-yildan beri Qirgʻizistondan tashqari Ukraina va Gruziyada oʻtgan saylovlarda kuzatuvchi qatori qatnashib kelgan. Bu yilgi saylovda esa oddiy saylovchi qatori ishtirok etgan boʻlsa ham, mamlakatdagi saylovlar 20 yildan beri oʻzgarmay kelayotganini aytadi. Uning fikriga koʻra saylovlardagi adolatsizliklar, ovozni sotish kabi holatlarda oddiy saylovchilarning aybi yoʻq.
“Men uchun bu saylov har safargi saylovlardan farq qilmadi. Faqatgina oldin ovoz olish uchun ishlatilgan “karusel” usuli №2 formaga aylantirildi. Birinchisida saylovchilar bir qayta-qayta ovoz berishgan boʻlsa, №2 forma usulida saylovchilarning ovoz berish hududlari partiyalarga kerakli boʻlgan boshqa uchastkalarga almashtirildi. Saylov adolatsiz oʻtgan boʻlsa, bunda aybning bari oʻtgan saylovdagi deputatlarning oʻzida. Parlamentda qonun qabul qilgan deputatlar, ijrochi hukumatning oʻzi jamiyatni shunday narsalarga oʻrgatib qoʻydi”, — deydi Rahmatillayev.
Uning qoʻshimcha qilishicha, saylov qonuniy oʻtdi hisob va ayni paytda norozilik namoyishiga chiqayotgan partiyalar mitinglar oʻtkazishning oʻrniga saylovda amalga oshirilgan qoidabuzarlik faktlarini toʻplab, ularni sudga berishi hamda ishni sud orqali hal qilishi kerak.
Oʻshlik jurnalist Idris Isaqov esa oʻzining feysbuk sahifasida 6-oktabrda Oʻsh shahrida tinchlik mitingi oʻtkazishga chaqirgan.
“Kecha saylov emas, savdo boʻldi. Hozir gʻolib sanalayotgan uch partiya ovozlarini oʻzaro boʻlishib olgani ochiq koʻrinib turibdi. Bunday nopoklikka yoʻl bermaslik kerak. Ertaga barchangizni tinchlik mitingiga chaqiraman”, — deb yozgan jurnalist.
Saylovda rosa 16 partiya ishtirok etgan. Dastlabki hisoblarga koʻra parlamentga “hukumatga qarashli” ekani aytilayotgan “Birimdik”, korrupsiyaga aloqador deb hisoblanayotgan Qirgʻiziston janubidagi eng nufuzli Matraimovlar oilasiga aloqador “Mekenim Qirgʻiziston”, “Qirgʻiziston” hamda “Butun Qirgʻiziston” partiyalari oʻtgan. Shuningdek, parlamentga “Mekenchil” partiyasi ham oʻtishi mumkin.
Qirgʻiziston Markaziy saylov komissiyasi mazkur saylovning oxirgi natijalarini 20 kun oraligʻida eʼlon qilishini bildirmoqda.