Prezident saylovlari yaqinlashar ekan, ko’plab shtatlarda fuqarolar erta ovoz berishga shoshilmoqda. Buni pochta orqali yoki saylov uchastkasida amalga oshirish mumkin. Virjiniya shtatida 18-sentabrdan erta ovoz berish boshlangan. Ular soni bu yil har qachongidan ham ko’p.
Virjiniya shtatining poytaxt Vashington yaqinidagi saylov uchastkasi gavjum.
Saylov kuniga hali bir necha hafta bor, ammo odamlar hozirdan ovoz berishga shoshilmoqda. Saylov hududlarida uzun navbatlar hosil bo’lgan. Odamlar yuziga niqob taqqan, ijtimoiy masofa saqlamoqda. O’rtacha kutish vaqti 45 daqiqa.
“Kamida bir soatcha navbatda turdim. Albatta, kutaman. Amerika demokratiyasi taqdiri hal bo’lyapti”, - deydi Aron ismli saylovchi.
“Bunchalik bo’lishini kutmagandim. Lekin navbat tez siljiyapti. Bugun ishlashim kerak, ammo hozir shu ish muhimroq. Shu bois ovoz beraman”, - deydi Helen ismli yana bir saylovchi.
Ovoz berish uchun kelayotganlar soni rekord darajada ko’p. Feyrfeks saylov okrugi rahbari Geri Skot 24 yillik karyerasi davomida bunaqasini ko’rmaganini aytadi.
“O’tgan saylovda 137 ming muddatdan avval ovoz berilgan edi. Bu yil allaqachon bu raqamdan o’tdik. Hozirgacha 170 ming ovoz berildi. Saylov kunigacha saylovchilarning uchdan ikki qismi allaqachon ovoz berib bo’lishini kutyapmiz”, - deydi u.
Ekspertlarga ko’ra, amerikaliklarning yarmi erta ovoz berishi kutilyapti.
“150 million odam ovoz berishini taxmin qilyapman. Bularning yarmi saylov kunidan avval ovoz beradi. Demak, 75 million odam saylovdan avval ovoz berishi mumkin”, - deydi Florida universiteti tadqiqotchisi Maykl Makdonald.
Bu galgi saylovda erta ovoz beruvchilarning ko’paygani koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq. Odamlar aholi gavjum joylarga borishdan o’zini olib qochmoqda.
“Nima bo’lishi mumkinligidan xavotirdaman. Ovozim o’z vaqtida hisobga olinishini istayman. Bu yil nimanidir o’zgartira olishimdan umidvorman. 2020-yil juda og’ir keldi”, - deydi Laura ismli saylovchi.
Pandemiya tufayli ko’plab shtatlar erta ovoz berishni osonlashtirdi. Istalgan odam pochta orqali ovoz berishi mumkin.
“Ilgari erta ovoz berish juda qiyin bo’lardi. Buning uchun uzrli holatlar juda cheklangan edi. Masalan, talaba yoki harbiy bo’lsangiz, safar qilayotgan bo’lsangiz”, - deydi Skot.
Ovoz berilgandan keyin uni o’zgartirishning imkoni yo’q. Bunday talab minglab saylovchilarni erta ovoz berishdan to’xtatgani yo’q.
“AQShda siyosat juda qutblashgan zamonda yashayapmiz. Ko’pchilik allaqachon bir qarorga kelib bo’lgan. Bir yil oldin Trampga ovoz berish qarorini bergan odamlar bor va ular bugun fikrini o’zgartirganiga ishonmayman. Ko’pchilik kimga ovoz berishni allaqachon hal qilib bo’lgan”, - deydi Maykl Makdonald.
Albatta, so’nggi qarorni 3-noyabr kuni beradigan amerikaliklar ham ko’p. Poyganing so’nggi kunlarida nomzodlar bor e’tiborini ularga qaratadi. Lekin saylov kunigacha erta ovoz berganlarning natijalari e’lon qilinmaydi.
“Erta ovoz berganlar avvaldan hisob-kitob qilinmaydi. Bu ovozlarning qanchasi demokratlarga yoki respublikachilarga berilganini saylov rasmiylari ham bilmaydi. Ya’ni, ovozlar mashinada bo’ladi, lekin ularni sanash erta boshlanmaydi”, - deydi tadqiqotchi Vendi Anderhil.
Ovozlarni sanashni qachon boshlash huquqi har bir shtatning o’ziga berilgan. Ko’plab shtatlar saylovga bir hafta qolganda byulletenlarni ochadi. Saylov o’tgandan keyin ham ko’plab joylarda erta ovozlarni sanash jarayoni bir necha kun vaqt olishi kutilyapti.