Tojikistonda navbatdagi "sahnalashtirilgan" saylov

Tojikistonda 11-oktabr kuni mamlakat prezidentligi uchun navbatdagi saylov oʻtkazilmoqda. Unda mamlakatdagi yetti siyosiy partiyaning beshtasi koʻrsatgan besh nafar nomzod bellashadi. Ammo tahlilchilar fikricha, saylovda kim koʻp ovoz toʻplab, prezidentlik kursisini egallashi allaqachon maʼlum.

Prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun Demokratik partiya tomonidan koʻrsatilgan nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olinmagan. Muxolif Sotsial-demokratlar partiyasi saylovda qatnashishdan bosh tortgan. Oldingi saylovlarda hukmron partiyaga eng kuchli raqib boʻlgan “Islom uygʻonish partiyasi” faoliyati 2015-yilda man etilgan. Partiya raisi Muhiddin Kabiriy xorijdan boshpana topgan. Partiyaning baʼzi yetakchilari qamoqqa olingan.

Saylovda Tojikiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan amaldagi Prezident Emomali Rahmon nomzodi koʻrsatildi. 68 yoshli Rahmon beshinchi marta prezidentlik kursisi uchun “kurashmoqda”.

U mamlakatni 28 yildan beri boshqarib kelmoqda. Tojikiston konstitutsiyasi boʻyicha, ikki marta 7 yillik muddatga da’vogarlik qilishi mumkin edi. Ammo 2016-yili konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirishlar “Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosi” unvoniga ega boʻlgan Rahmonga cheklanmagan miqdorda prezidentlik uchun nomzodini qoʻyish imkoniyatini bergan.

Amaldagi prezidentga raqib sifatida saylovda bellashayotgan nomzodlardan biri Agrar partiyasi raisi Rustam Latifzoda 60 yoshda. U prezidentlik kursisi uchun birinchi marta bellashmoqda.

Saylovoldi dasturiga qishloq xoʻjaligidan unumli foydalanish evaziga mehnat muhojirligini kamaytirish, qoʻshni davlatlar bilan chegara bahslarini odamlarni boshqa mintaqalarga koʻchirish yoʻli bilan hal qilish, Tojikistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi va mamlakatda koʻpxotinlilikka ijozat berish kabi masalalarni kiritgan.

Sotsialistik partiya raisi 69 yoshli Abduhalim Gʻafforzoda uchinchi marta prezidentlik uchun bellashmoqda. 2006 va 2013-yillarda ham prezidentlik uchun nomzodini qoʻygan. Ammo har ikki saylovda ham uch foizdan kam ovoz olgan.

Oʻtgan saylovda banklar faoliyatini soddalashtirish, soliq tizimini isloh qilish, ona va bolalarga moddiy yordam koʻrsatishni vaʼda qilgan edi. Bu safar ham shu va shu kabi masalalar, jumladan, besh nafardan ortiq farzandli onalarga nafaqa toʻlash, kam taʼminlanganlarga bepul uy berish va poytaxt atrofida Dushanbe viloyatini tashkil etib, metro qurish rejalarini saylovoldi dasturiga kiritgan.

Iqtisodiy islohotlar partiyasi raisi 57 yoshli Rustam Rahmatzoda prezidentlik saylovida ilk bor ishtirok etmoqda. U oʻz dasturida iqtisodiy qonunlarga oʻzgartirishlar kiritish, iqlim oʻzgarishining qishloq xoʻjaligi va mamlakat iqtisodiyotiga taʼsirini hisobga olib, islohotlar oʻtkazish masalalariga eʼtibor qaratmoqda.

Kommunistlar partiyasi raisi Meroj Abdulloyev eng yoshi ulugʻ nomzod. 72 yoshda. Uning saylovoldi dasturi mohiyatan sovet tuzumi davridagi kommunistlar qarashlariga yaqin. Jumladan, mamlakatda xususiy mulkka ham ijozat berilishi barobarida davlat mulkiga ustunlik berilishi tarafdori ekanligini yashirmaydi. Uning fikricha, iqtisodiyot davlat tomonidan nazorat qilinishi kerak.

Tojikistonning ham parlament, ham prezidentlik saylovlari xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilinib kelinadi.

YXHT kuzatuvchilari fikricha, Tojikistonda hukmron partiya saylovlarda gʻolib chiqish uchun maʼmuriy imkoniyatlaridan keng foydalanadi. Shuning uchun ham, 11-oktabr kuni oʻtkaziladigan saylovda amaldagi prezident Emomali Rahmon yirik ustunlik bilan gʻolib boʻlishi aniq.

Tahlilchilar fikricha, 11-oktaabr kuni amaldagi prezidentga raqib sifatida qatnashayotgan har toʻrt nomzoddan birortasi haqiqiy raqib boʻla olmaydi.

Haqiqiy raqiblar esa, saylovda ishtirok etmayapti. Chunki amaldagi prezidentga kuchli raqib boʻlish ehtimoli boʻlgan nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan to’siqqa uchraydi. Jumladan, 2013-yili mamlakat siyosiy maydonida faol boʻlgan sobiq Islom uygʻonish partiyasi va Sotsial-demokratlar partiyasi tomonidan tavsiya etilgan Oynixol Bobonazarova nomzodi rasman ro’yxatga olinmagan edi. Bu yili Demokratik partiya vakili Saidjafar Usmonzoda nomzodi rad etildi.

“Ozodlik” radiosi tojik xizmati bilan suhbatda taniqli tojik muxolifati, “Vatandor” harakati boshligʻi Dodojon Atovulloyev mustaqil Tojikiston tarixida faqatgina ikki saylovni eʼtirof etishini bildirdi.

“Men faqat ikki ozod va shaffof saylovni bilaman. Birinchisi 1991-yil saylovi. Unda 10 nafar nomzod ishtirok etgan edi. Ikkinchisi 1994-yilgi saylov. Haqiqiy raqobat boʻlgan edi. Unda Emomali Rahmon va Abdumalik Abdullojonov ishtirok etgan. Tojikistonda oʻtkazilgan boshqa barcha saylovlar sahnalashtirilgan, natijalari oldindan maʼlum”, - deydi Atovulloyev.

Tojikistonda faoliyati taqiqlangan “Milliy kelishuv” tashkilotining rahbari, hukumatning xorijdan panoh topgan muxoliflari yetakchisi, sobiq “Islom uygʻonish partiyasi” raisi Muhiddin Kabiriy navbatdagi prezidentlik saylovini “gʻayridemokratik va noqonuniy deb bilaman” deya taʼkidladi. Uning fikricha, bu saylovda amaldagi prezident gʻolib chiqadi va bu oldindan aniq. Barcha ishlar nomigagina, yolgʻondan oʻtkaziladi.

Dodojon Atovulloyevning fikricha, Tojikistondagi siyosat, mamlakatda saylovlar shunday achinarli darajaga tushib qolishida muxolif kuchlarning, hatto xorijdagi muxolifatning ham hissasi bor.

Tojikistonning amaldagi rahbari Emomali Rahmon

Kabiriy esa, Tojikiston siyosiy maydonidagi bu holatlar uchun, nafaqat muxolifat, balki har bir fuqaro ham maʼlum darajada sababchi ekanligini taʼkidlaydi.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, mamlakatda barcha kuch va imkoniyatlar bir partiya qoʻlida yigʻilishiga oddiy xalq ham, muxolifat kuchlar ham aybdor. Muxolifatning eng katta kamchiligi, asosiy maqsadi qolib, oʻzaro kurashlarga kirishib ketganida.

Yaʼni, ular yoʻq kursini talashish bilan band. Masalan, “Vatandor” harakati boshligʻi Dodojon Atovulloyev “agar Tojikiston hukumati va sobiq “Islom uygʻonish partiyasi”dan birini, yaʼni ikki dushmanimdan birini tanlash lozim boʻlsa, hukumatni tanlayman”, deydi. Bunday bayonotlar amaldagi hukumatga juda qoʻl keladi. Ayni paytda oddiy xalqni ham sobiq “Islom uygʻonish partiyasi” yetakchilariga ergashmaslikka chorlaydi.

Tahlilchi Shokir Hakimovning aytishicha, amaldagi hukumatning kuchli raqibi yoʻqligining asosiy sababi muxolifat oʻzaro birlasha olmasligida. Xoʻsh, nega birlasha olmaydi? Aslida buning sabablari ham maʼlum.

“Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, hukumat muxolifat birlashmasligini istaydi va buning uchun ishlaydi, zaruriy choralarni koʻrib keladi. Ikkinchidan, muxolifat yetakchilari orasida ham mahalliychilik bor. Yana boshqa sababi, alohida shaxslarning ambitsiyasi, ularning manfaatlari toʻqnashuvi va hatto qarashlaridagi tafovutlar ham sabab boʻlmoqda”, - deydi Hakimov.