Amerikani kim kashf qilgan?

  • Amerika Ovozi

Xristofor Kolumbning Amerikaga ilk tashrifi aks etgan surat

Amerikaliklar 12-oktabr kuni Kolumbus kunini nishonlaydi. 1492-yil 12-oktabrda italiyalik sayyoh Xristofor Kolumb Amerikaga ilk bor qadam qo'ygan. 1937-yildan beri AQShda bu kun milliy bayram hisoblanadi.

Odatda "Kolumb Amerikani kashf etgan", deyishadi. U 1492-1502-yillar oralig'ida mintaqaga uyushtirgan to'rt sayohati davomida Amerikani G'arbiy Yevropaga tanitdi, deyish aslida to'g'riroq bo'ladi. Shuningdek, u g'arbiy yevropaliklarning Amerikaga katta oqim bo’lib ko’chib kelishiga yo'l ochib bergan. Qo'shma Shtatlar, Kanada va Meksikani o'z ichiga olgan bir qancha yangi davlatlarning tashkil etilishida ham uning hissasi bor.

Ammo u Amerikani "kashf etdi" deyish noto'g'ri, chunki u kelganida bu yerda allaqachon odamlar yashar edi.

Amerikaga Kolumbdan oldin kim kelgan?

Xo'sh, aslida birinchi amerikaliklar deb nomlanishga loyiq odamlar kim edi? "Amerika arxeologiyasi” jurnali muharriri Maykl Bavayadan shu savolni so’radik. Uning "Amerika Ovozi" ga aytishicha, Amerikaga ilk odamlar Osiyodan, taxminan, 15000 yil oldin kelgan.

Ular AQShning hozirgi Alyaska shtatini Sibir bilan bog'laydigan Bering bo’g’ozidagi quruqlikdan o'tib kelgan. O'n besh ming yil ilgari okean sathi ancha past bo'lgan va materiklar orasidagi quruqlik yuzlab kilometr kenglikka cho’zilgan.

O’sha davrdagi manzara bugungi Alyaskaning Syuard yarimorolidagi yerga juda o'xshash bo’gan: dov-daraxtlarsiz, quruq tundra. Shunga qaramay, u yerda hayot qaynagan.

AQSh Milliy park xizmati ma'lumotlariga ko'ra, "quruqlik ko'prigi o'simlik va hayvonot dunyosining materiklar orasida tarqalishida muhim rol o'ynagan. Hayvonlarning ko'p turlari - junli mamont, mastodont, yovvoyi mushuk, Arktika tuyasi, jigarrang ayiq, bug’u, qo’yho’kiz va ot shular jumlasidan. Qushlar, baliqlar va dengiz sutemizuvchilari hozirgacha ikki qit’a orasida ko’chib yuradi.

Arxeologlarning ta'kidlashicha, odamlar oziq-ovqat, suv va boshpana qidirib Amerikaga o’tgan.

1970-yillarga qadar ushbu birinchi amerikaliklarning nomi bor edi: Klovis xalqlari. Ular bu nomni Nyu-Meksiko shtatidagi Klovis yaqinida topilgan 11 ming yil avvalgi qadimgi aholi punktidan olgan. Bu xalq, DNK tahliliga ko’ra, Amerikadagi barcha mahalliy aholining qariyb 80 foiziga bevosita ajdod ekani aniqlangan.

Ammo Klovis xalqidan oldin ham bu yerda boshqalar yashagani haqida ma’lumotlar mavjud. AQShning Texas va Virjiniya shtatlarida, Peru va Chilidan janubgacha bo'lgan joylarda ularning qoldiqlari topilgan. Aniq nomi mavjud bo’lmagani bois, ular “Klovisdan oldingi xalqlar” deb ataladi.

Yevropaliklar davri

Klovis va ulardan oldingi xalqlar vaqt o’tib yo’q bo’lib ketgan, ammo deyarli barcha mahalliy amerikaliklarning genetik kodlarida ular mavjud.

Ilk odamlar Amerikaga g'arbiy sohil orqali kelishgan. Sharqdan kelganlar haqida nima deyish mumkin? Kolumb sharqiy sohil orqali Amerikaga qadam qo’ygan ilk yevropalikmi?

Kolumb ilk yevropalikmi?

Yevropaliklar Kolumb suzib kelishidan 500 yil oldin hozirgi Kanadaga tashrif buyurganliklari haqida dalillar mavjud. Ular vikinglar edi. Ularning mavjudligi haqidagi dalillarni Kanadaning Nyufaundlend orolida “l'Anse Aux Meadows” deb nomlangan joydan topish mumkin. Ular yashagan, o't va tuproq bilan qoplangan yog'och inshootlarlardan iborat sakkizta bino qoldiqlari YUNESKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan.

Bugungi kunda bu joy qup-quruq, ammo ming yil oldin daraxtzor bo’lgan va undan vikinglar qayiqlarini ta'mirlab, yomon ob-havo sharoitida qishda tunash uchun foydalangan bo'lishi mumkin. Hudud doimiy yashash joyi bo'lganligi aniq emas, ammo qadimgi skandinavlar bu yerga Kolumbdan ancha oldin kelgani aniq.

Xulosa

Amerikaning kashf etilishiga oid bu tarix bizga nimani o’rgatadi?

Bu narsa Amerikadagi “Ozodlik” haykali, "Menga charchagan, kambag'allaringizni, erkin nafas olishni orzu qilgan qashshoq odamlaringizni yuboring", deb dunyoga da'vat qilishni boshlashidan bir necha ming yillar oldin ham Amerikada allaqachon rang-barang odamlar yashaganini ko’rsatadi.

Darhaqiqat, Shimoliy va Janubiy Amerikada insoniyatga ma’lum tarixdan avvalgi davrlarda ham odamlar umr kechirgan va ular o’sha paytdayoq hozirgidek rang-barang madaniyat va hayot tarzi sohiblari bo’lgan.