Parlament saylovlari arafasidagi Qozog’istonda demokratiya, siyosiy mahbuslarni ozod etish va tazyiqlarni to’xtatish talabi yangramoqda.
10-yanvarga belgilangan parlament saylovlari uchun olti partiya ro’yxatga olingan. G’oliblikka asosiy da’vogar - sobiq prezident Nursulton Nazarboyev yetakchiligidagi “Nur Otan” partiyasi.
Parlamentdagi o'rinlar uchun kurashayotgan partiyalar qatorida muxolif guruhlar ham bor, ammo tanqidchilar ro’yxatdan o’tkazilgan partiyalarning barchasi hukumatga moyil siyosiy doiralar ekanligi va real oppozitsiya jarayondan chetlatilganini ta’kidlamoqda.
O’tgan hafta Almatida huquq himoyachilari norozilik aksiyasi o’tkazdi.
Adolatli saylovlar, siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish, siyosiy taqiblarni to’xtatish, “Chol, ket!” (hokimiyatda qolayotgan Nursulton Nazarboyevga ishora) shiorlari bilan kuzatilgan namoyishda yuzdan oshiq kishi qatnashgan.
Shahar hokimiyati ruxsati bilan o’tgan bu tadbirda hech kim hibsga olinmagan. Bu miting so’nggi yillarda hukumat rasman ruxsat bergan sanoqli aksiyalardan biri.
Buni ham ko'ring Nazarboyevning Qozog'istoni - "Yevrosiyo yuragi": yangi kitobAksiyadagi talablardan qat’i nazar, partiyalar ro'yxatida o’zgarishlar kutilmaydi. 10-noyabrdan targ'ibot kampaniyasi boshlangan.
Sobiq prezident, Davlat xavfsizlik kengashi rahbari lavozimida qolayotgan Nursulton Nazarboyevning “Nur Otan” partiyasi asos solinganidan buyon hukumat partiyasi maqomini saqlab kelyapti. Partiyaga Nazarboyev rais.
Qozoq faollari deydiki, kutilayotgan saylovlar mamlakatda biror o’zgarish qilmaydi. Raqobat yo’q, deydi ular, saylovdan maqsad - Nazarboyev yetakchiligidagi siyosiy qudratni saqlab qolish.
O’zbekistondagi kabi Qozog'iston parlamenti ham bir nechta siyosiy partiyadan iborat. Partiyalar saylovlarda ishtirok etib, o'z dastur va nomzodlarini taqdim etadi, ammo hukumatga nisbatan haqiqiy muxoliflikdan uzoqda.
Oppozitsiya O’zbekistonda ham, Qozog’istonda ham siyosiy maydondan chetlatilgan. Qozog’istonda ayrim muxolif partiyalar ekstremist tashkilot sifatida e’lon qilingan. Faollarining ko’pchiligi xorijda, quvg’unlikda faoliyat yuritadi.
Bu faollarning ayrimlari saylovni boykot qilishga chaqirayotgan bo’lsa, boshqalari aholini “Nur Otan”ga emas, boshqa partiyalarga ovoz berishga chaqirmoqda.
Siyosiy kurashdan chetda qolgan muxolifatning bir qismi o’zaro ittifoq tuzib, adolatsiz saylovlarni boykot qilishga, ommaviy norozilik namoyishlariga hozirlik ko’rayotgani ham kuzatiladi.
Buni ham ko'ring Tokayevning Qozog'istoni Nazarboyev chizgan chiziqdaQozoq muxolifati faollaridan Aydos Sodiq:
“Biz bu adolatsiz, tanlovsiz saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqdamiz. Bu saylov emas, shunchaki avvaldan mavjud soxtalikning davomi, amaldagi hukumatni iqtidorda saqlab qolish uchun “Nur Otan” va uning filiallari ishtirokida o’tkazilayotgan siyosiy o’yin. Biz, saylovlarni boykot qilish, adolatsizlikka qarshi turish uchun bir nechta muxolif partiyalar bilan birlashdik. Maqsadimiz saylovgacha mamlakatda bir nechta yirik norozilik aksiyalari o’tkazish, shu orqali xalq muxolafatsiz o’tayotgan saylovlarga nisbatan keskin qarshi ekanligini ko’rsatish”.
Qozog’istonda hukumatga qarshi va siyosiy o’zgarishlar talab qiluvchi harakatlar so’ngi paytda ancha faollashgan.
Avvallari bu kabi norozilik chiqishlari hukumat tomonidan ayovsiz bostirilgan, ishtirokchilar muntazam ravishda hibsga olingan bo’lsa, Almatida kuzatilgan oxirgi aksiya hokimiyat fuqarolarning namoyish o’tkazish huquqini tan ola boshlaganidan ham darak beradi.
Faollarining ta’kidlashicha, hukumat aholi noroziligi jiddiy kuchayib borayotganidan yaxshi xabardor. Buni rasmiy ruxsatisiz ham yuzlab odamlar norozilik namoyishlarida ishtirok etib kelayotganlaridan ko’rish mumkin.
Qozog’iston rahbari Qosim-Jomart Tokayev Nazarboyevning siyosiy vorisi deb ko'riladi.
Qozog’istonni 30 yilga yaqin boshqargan Nazarboyev o'tgan yili o’z o’rniga Tokayevni vaqtincha tayinladi.
Keyin esa Tokayevning nomzodi “Nur-Otan” partiyasi tomonidan yakdillik bilan quvvatlandi. Qozog’iston prezidentligi uchun navbatdan tashqari o’tkazilgan saylovlarda Tokayev katta ustunlik bilan g’alaba qozondi.