AQShda chet ellik jurnalistlar vizasiga cheklov qo'yilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Chet ellik muxbirlarning Qo'shma Shtatlarda qancha vaqt yashashi va ishlashini cheklash bo’yicha yangi takliflar olg’a surilmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, bu Amerikadagi xorijlik jurnalistlar ishini qiyinlashtiradi.

Ichki xavfsizlik vazirligining taklifiga ko'ra, chet ellik jurnalistlarning AQShda besh yilgacha qolishiga imkon beradigan I vizasi muddati 240 kunga tushiriladi. Xalqaro muxbirlar muddati tugayotgan vizani kamida bir marta yangilashlari mumkin, ammo uni bundan ko’proq uzaytirish mumkin yoki mumkin emasligi hozircha noma’lum.

Shu kungacha amalda bo’lgan tartibga ko’ra, chet el jurnalistlari ish joyini o’zgartirmasa, yashash muddatini uzaytirish uchun ariza berishlari shart emas.

Vazirlikka ko’ra, besh yillik viza egalarini kuzatib borish qiyinligi bois yangi tartib joriy qilinmoqda. Bu o'zgarishlar xalqaro talaba vizalari uchun ham taalluqli. Maqsad firibgarlikka qarshi kurashish hamda milliy xavfsizlikni yaxshilash, deydi immigratsiya bo’yicha rasmiylar.

Prezidentlikka saylangan Jo Bayden saylov kampaniyasi paytida AQShdagi muhim sektorlar muhojirlarga bog’liq ekanini va hozirgi ma'muriyat davrida joriy qilingan ko'plab cheklovlarni bekor qilishini aytgan edi.

Nyu-Yorkda joylashgan Xorijiy matbuot assotsiatsiyasi (FPA) va boshqa OAVga aloqador guruhlarning ta'kidlashicha, jurnalistlarga qo’yilayotgan cheklov AQShdagi voqealarni xorijda yoritishni qiyinlashtiradi va boshqa davlatlar ham o’z navbatida AQShlik jurnalistlarga to’siqlar qo’yishi mumkin.

Yetti oylik viza chet ellik jurnalistlarga AQShda yaxshi joylashish imkonini bermaydi, deydi “The Guardian” gazetasi muxbiri Uilyams.

“Siz 240 kunlik muddatga kvartirani ijaraga ololmaysiz. 240 kun uchun turmush o'rtog'ingiz va bolalaringizni birga olib kelolmaysiz”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Professional jurnalistlar xalqaro hamjamiyati raisi Den Kubiske ham shunday fikrda.

"Siz turli xil reportajlar tayyorlashingiz kerak, chunki Amerika juda xilma-xil, - deydi u. - Amerika shunchalik ulkanki, qayerga borsangiz, rang-baranglikni ko’rasiz. Qisqa muddatda siz Amerika voqealarini aniq tasvirlab bera oladigan reportajlar qila olmaysiz".

Uilyamsning aytishicha, har yili beriladigan jurnalist vizalari soni - taxminan 11000 kishi - bunday cheklovni asoslash uchun yetarli darajada katta emas. Immigratsion tizimdagi "firibgarlik va suiiste'mol qilishlar"ga ishora qiluvchi dalillar yo'q, deydi u.

Ichki Xavfsizlik vazirligi ushbu takliflar "milliy xavfsizlikni kuchaytirishga" qaratilganligini aytdi. Shuningdek, vazirlikka ko’ra, jurnalistlar AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmatlariga muddatni uzaytirish uchun to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilishi yoki mamlakatni tark etib, chegaraga kirish uchun qayta ariza berishlari mumkin. I vizasi uchun to'lov 160 dollar.

Xorijiy matbuot muxbirlari assotsiatsiyasining direktori va Kolumbiya jurnalistika maktabi tadqiqotchisi Tanos Dimadisning ta'kidlashicha, taklif qilingan qoida AQShda doimiy ishlovchi xorijiy muxbirlarga emas, balki faqat ma'lum bir topshiriq bo'yicha yoki ma'lum bir voqeani yoritish uchungina kelgan xorijiy jurnalistlarga tegishli bo'lishi kerak.

Jurnalistlar o'zlarining ish beruvchilarini o'zgartirganliklari to'g'risida rasmiy idoralarga xabar bermasa, viza qoidalari suiiste’mol qilinishi mumkin, ammo chet ellik muxbirlar tahdid tug'dirmaydi; chunki ular kelib chiqishi, professional jurnalistlik maqomi va qaysi ommaviy axborot vositasi homiyligida kelgani to'g'risida batafsil ma’lumotlar taqdim etadi, deydi u.

Dimadis AQShda 10 yildan beri yashaydi. Bu muddatning bir qismi I vizasi asosida bo'lgan.

“AQShda xorijiy muxbir bo'lish yarim stavka ish emas. Bu qiyin ish, ayniqsa, uzoqroqdan kelgan, boshqa madaniyat va professional falsafaga mansub bo’lgan xorijiy jurnalistlar uchun”, - deydi Dimadis.

Uning so'zlariga ko'ra, jurnalistlar tanish-bilish orttirish, bu yerdagi ish tartibi bilan tanishish hamda axborot manbalari ishonchini qozonishi uchun 240 kun kamlik qiladi.

Bunday cheklovlar xorijdagi AQSh jurnalistlari uchun ham muammolar tug’dirishi mumkin.

Jurnalistlar allaqachon AQSh va Xitoy o’rtasida kelishmovchiliklar qurboni bo’lmoqda.

Mart oyida AQSh davlat ommaviy axborot vositalari uchun ishlaydigan xitoylik jurnalistlarning Amerikadagi soni 100 kishidan oshmasligi bo’yicha cheklov qo'ydi. Ikki oy o'tgach, Vashington ularning yashash muddatini 90 kunga tushirdi. Bu muddatni uzaytirish mumkin.

Xitoy ham bunga munosib javob qaytarmoqda, deydi Kubiske.

Pekin yil boshida “Wall Street Journal”, “Washington Post” va “New York Times” gazetalari uchun ishlaydigan jurnalistlardan akkreditatsiya hujjatlarini topshirishni talab qildi va chet el nashrlariga qo’shimcha cheklovlar qo'ydi.

"Biz chet ellik jurnalistlarga nima qilsak, ular kelayotgan amerikalik jurnalistlarga ham xohlaganlarini qiladi", - deydi Uilyams.

Kubiskening aytishicha, hujjatlarni tez-tez yangilash talabi AQSh hukumatiga ma'muriyatni tanqid qiluvchi jurnalistlardan qasos olish imkonini berishi mumkin.

"Agar ma'muriyat biror muxbirning ishini yoqtirmasa, u holda yangilanish uchun ariza berish va uni yangilash o'rtasidagi vaqt oralig'ida muxbirni mamlakatdan chiqarib yuborish bilan tahdid qilishlari mumkin", - deydi Kubiske.