Konteynerlardan uysizlar uchun boshpana qurilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Los-Anjeles shahrida 60 mingdan ortiq uysiz odam bor. Yordam tashkilotlari ular uchun arzon turar joylar barpo etish niyatida.

Los-Anjelesdagi Exo parki bugun ko’proq vaqtinchalik odamlar yashaydigan lagerga o’xshaydi.

Ko’chma hojatxona, dush, oshxona va hatto kichik kutubxona ham bor.

“Ko’pchilikning ovqat va suv olishga ham qurbi yetmaydi. Biz shu ishda yordam beramiz. Hammasi bepul. Shu kunlar muhtoj odamlar soni ko’paydi”, - deydi Enjel ismli ko’ngilli.

“Odamlar telefonlarini quvvatlashi uchun yordam beryapmiz. Koronavirus paytida telefonni quvvatlash mumkin bo’lgan joylar kamaydi”, - deydi yana bir ko’ngilli.

Faollarning aytishicha, pandemiya boshlangandan beri Los-Anjelesda uysiz odamlar soni ortgan.

“Ko’p tashvish va depressiyaga tushdim. Shu bois bu yerga kelib qoldim. Muammolarimni hanuz hal qila olmayapman. Qanday hal qilishni bilmayapman”, - deydi uysizlardan biri.

Bu kabi insonlarga yordam berish uchun shaharning Ko’rgazmalar markazida minglab o’rinli vaqtinchalik boshpana barpo etish rejalanmoqda.

Yuk tashish konteynerlaridan arzon uy-joy qurishni taklif etayotganlar ham bor.

“Ko’chma konteynerlardan qurilgan bu inshootda sakkizda to’rt xonali xonadon bor. Ularning beshtasida oilalar, qolganida boshqa odamlar yashayapti. Har birida to’rttadan odam”, - deydi “FlyawayHomes” tashkiloti rahbari Maykl Parks.

Loyiha to’rt million dollarga tushdi. Bu yerda hozir 30 kishi yashaydi.

Quruvchilarning aytishicha, konteynerlar bilan ishlash oson. Rejalash, dizayn va hujjat ishlari ham odatdagi uylarga qaraganda ancha tez bitadi.

“Hozirgi xarajat bilan bitta xonadon 550 ming dollarga tushyapti. To’liq loyihani qurib bitkazish 3-5 yil vaqt oladi. Tezroq va arzonroq qurish yo’llarini qidiryapmiz”, - deydi “People Concern” tashkiloti rahbari Jon Maseri.

Uysizlar bu yerda yashash uchun davlatdan oladigan yordam pulining 30 foizini to’laydi. Ularga kerakli sharoitlar yaratib beriladi.

“Kir yuvish joyi, uchrashuvlar uchun xona bor. Konservalangan oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa xizmatlar ham bor”, - deydi Maseri.

Ayni paytda Los-Anjelesda bunday uylardan bir nechtasi qurilmoqda. Ular 500 nafar uysizni boshpana bilan ta’minlaydi. O’n minglab uysizlar uchun bu dengizdan bir tomchi, ammo ular sonini kamaytirish sari tashlangan to’g’ri qadam.