"Jurnalistlar dushman emas"

O'zbekistonda matbuot erkinligi uchun kurashning yana bir murakkab pallasi. Bu oy O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va Ommaviy Kommunikatsiyalar Agentligi qator nodavlat ommaviy axborot vositalariga ogohlantirish xatlari yo'llab, ularni noprofessional faoliyatda ayblagan.

"Kun.uz", "Gazeta.uz", "Qalampir.uz", "Daryo.uz" va boshqalar o'z jurnalistlari va materiallarini himoya qilmoqda.

Hukumat mustaqil matbuotga qizil chiziqlarni eslatib, bosimni ushlab turibdi.

27-noyabr kuni agentlik bayonot chiqarib, o'z qadamlarini himoya qildi.

Unda jumladan shunday deyiladi:

"So‘z va OAV erkinligini ta’minlash O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatda axborot sohasini demokratlashtirish, xalq bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, axborot olishni kengaytirish borasida faol sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari aholiga jamoatchilik uchun zarur bo‘lgan axborotni faol va muvaffaqiyatli etkazib bermoqda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni har tomonlama yoritib bormoqda va bunda fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishga yaqindan e’tibor qaratmoqda.

Shunga ko‘ra, AOKA o‘z vakolatlari doirasida bugungi kunda "to‘rtinchi hokimiyat" rolini haqli ravishda bajarishga kirishayotgan ommaviy axborot vositalari manfaatlarini doimo qo‘llab-quvvatlagan va quvvatlashda davom etadi.

Biroq keyingi paytlarda, ayrim ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq va turli messenjerlarda tasdiqlanmagan axborotlarni chop etish kuzatilmoqda, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish faktlari mavjud. Ushbu masala yuzasidan Agentlik tomonidan 2020-yil 10-oktabr, 19-oktabr hamda 11-noyabr kunlari “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi, “Davlat tili haqida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarning tegishli moddalari talablariga mos kelmaydigan faktlarni ko‘rsatgan holda alohida bayonotlar berilgan edi."

Buni ham ko'ring Pandemiya O'zbekiston uchun vijdon sinovi

"Qalampir.uz" asoschisi va direktori Qamariddin Shayxov "Amerika Ovozi" bilan muloqotda deydiki, bugungi jurnalistika bugungi O'zbekistonni aks ettiradi. O'tgan to'rt-besh yilda xalq ishonchini qozongan yangi matbuot naqadar xolis va haqqoniy ma'lumot berish mumkin bo'lsa, shunga harakat qilmoqda.

Davlat esa ularning taraqqiy etib, professionallashishi uchun yordam berish o'rniga, ularni qo'rqitish bilan band.

"Jurnalistlar dushman emas", - deydi Shayxov. Uning fikricha, matbuotni ezish davlatni xalqdan yanayam uzoqlashtiradi.

AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum O'zbekistonda mustaqil matbuotga nisbatan Axborot va Ommaviy Kommunikatsiyalar Agentligi yondashuvini salbiy baholab, hukumatni erkin jurnalistika yo'liga to'siq qo'ymaslikka chaqirmoqda.

O'zbekiston yuksak maqsadlar yo'lida islohotlar boshlagan ekan, deydi u, OAVga bosim bu yo'nalishga mos emas.


O'tgan hafta ichida Toshkentda G'arb davlatlari elchilari va BMT vakili agentlik tashlayotgan qadamlarni qoralab chiqdi.

Bugungi bosimlar ortida kimlar va qanday siyosiy-ijtimoiy omillar turibdi? Prezident Shavkat Mirziyoyev bir tomondan matbuot kuchaysin va olg'a siljisin, deydi. Ikkinchi tomondan esa hukumat matbuot ustidan nazoratni keskinkashtirmoqda. Muddao nima? Intervyuni tomosha qiling.