Breaking News

Mirziyoyev: Matbuot bilan muloqot qilmagan rahbarning kelajagi yo’q


Matbuot uchun yopiqligicha qolayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev amaldorlarni OAV bilan muloqotdan qochishning oqibatlari haqida ogohlantirmoqda.

“O’zbekiston ochiq, oldingidek yopib qo’yishga ilojimiz yo’q. Internet yopilmaydi”, - dedi Mirziyoyev O’qituvchilar kuni munosabati bilan o’tkazilgan tantanali marosimda.

Prezidentning bu bayonotidan bir necha kun oldin Toshkentda Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan anjuman tashkil qilingan. Jurnalistlar va blogerlar qo’rqmaslikka, ichki senzuradan xalos bo’lishga chaqirilgan edi.

Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash jamoat fondi rahbari Komil Allamjonov bu konferensiyadagi chiqishida uzoq vaqt “koma”da bo’lgan o’zbek matbuoti faqat davlat rahbarining ko’ngli uchun ishlab kelgani, 2016-yildan so’ng uyg’ona boshlaganini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, muammolar hamon mavjud, jurnalistlar, blogerlardan qo’rquv yo’qolmagan, ayrim doiradagi shaxslar, davlat idoralarining jurnalistlarga bosimi, tahdidi hamon uchrab turibdi.

Allamjonov matbuotdagi so’nggi o’zgarishlar Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan bog’liqligini, yaqinda prezident topshirig’i bilan jurnalistlar ishiga to’sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi yangi qonun ishlab chiqilishini ham aytgan.

Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan Toshkentda xalqaro ekspertlar ishtirokida konferensiya tashkil qilinishi, Mirziyoyevning matbuot erkinligi orqaga qaytmas jarayon ekanligi haqida takroriy chaqiriqlari rostdan ham iqtidordagi hukumatning so’z erkinligini ta’minlashga doir siyosiy irodasidan darakdek.

Ammo bu chaqiriqlar va siyosiy irodadan qat’i nazar o’zbek jurnalistlari, blogerlari ichki senzuradan voz kechishga shoshilayotgani yo’q. Ehtiyotkorlik bejiz emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan jurnalistlardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, shaxsan u Davlat xavfsizlik xizmatining muntazam kuzatuvi ostida, yozgan har bir maqolasi, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi yuzasidan hisobot beradi.

Bu jurnalistga nisbatan adovat qo’zg’ashga urinish aybi bilan ma’muriy ish ochilgan. Ish hali sudgacha yetib bormagan, ammo u surishtiruv davomida maxsus xizmatlar o’zi haqida 200 betlik ma’lumotlar to’plaganiga guvoh bo’lgan.

“Maxsus xizmatlarning oddiy jurnalist, bloger haqida buncha hajmdagi ma’lumot to’plagani albatta meni xavotirga soladi, har bir chiqishing nima bilan tugashini bilmaysan”, - deydi jurnalist.

Sharhlovchi Anvar Nazir mamlakatdagi so’z erkinligi bilan bog’liq so’nggi vaziyatni tanqidiy baholaydi. Uning fikricha, tepadan berilayotgan bayonotlar va amaldagi holat boshqa-boshqa.

“Men so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat ancha o’zgarmoqda degan fikrdan yiroqman. Jiddiy muammolarni, fuqarolik jamiyati, so’z erkinligiga doir muammolarni ko’tarayotgan blogerlar ustidan nazorat avvalgidek. Faqat bosim usuli boshqa ko’rinishga, “gibrid” usulga o’tmoqda. Bu xuddi Rossiyada kuzatilayotgan holatga o’xshash. Tahdid bevosita davlat idoralari tomonidan emas, balki mahalla yoki boshqa bir nodavlat tashkiltotlar, noma’lum guruhlar vositasida amalga oshirilmoqda. Mana yaqinda bloger Abduqodir Mo’minov mahalladagi noma’lum kishilar tomonidan bosimga uchradi, bir guruh ayollar u yashayotgan uyga borib to’polon ko’tarib kelishdi. Muxolif partiyaga doir chiqishlari bilan tanilgan bolgerga nibatan kim provokatsiya uyushtirgani noma’lum. Bloger, jurnalistlarga nisbatan bosimlarning “gibrid” ko’rinishga o’tayotgani ancha tashvishli holat. Yoki hozirgacha yagona mustaqil nashr bo’lib qolayotgan “Adabiyot” gazetasi bilan bog’liq holat - noma’lum guruh bu gazetani soxta, yasama sonini chop etdi, tarqatdi. Bunday olib qarganda, bu davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi jinoyat, lekin huquq-tartibot idoralari buni kim amalga oshirgani yuzasidan hamon sukutda. Vaholanki, real hayotda bu gazetani chop etish uchun biror bosmaxonadan rozilik olishning o’zi muammo”, - deydi Anvar Nazir.

Prezident Mirziyoyev o’qituvchilar kuni munosabati bilan chiqishida matbuot savollariga chidamayotgan ayrim amaldorlar faoliyatiga to’xtaldi. OAV bilan muloqotga bormayotgan rahbarlarning kelajagi yo’qligini, ular xizmatidan voz kechilishini aytdi.

Ammo hokimiyatga kelganiga to’rt yildan oshayotgan Shavkat Mirziyoyevning o’zi prezidentlik muddati nihoyalab borayotganiga qaramasdan hozirgacha matbuot bilan ochiq muloqot o’tkazgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG