Pompeo, Komilov telefonlashdi

  • Amerika Ovozi

Toshkent, 3-fevral, 2020

O'zbekiston va Amerika tashqi ishlar vazirlari bugun telefonda muloqot qilgan. 16-21 noyabr kunlari Toshkentdan rasmiy delegatsiya Vashingtonda bo'lib, muzokaralar olib borgan edi.

Davlat departamentining bildirishicha, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Davlat kotibi Mayk Pompeo orasidagi bugungi suhbatda AQSh tomon O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashini eslatgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar davom etishi va jadallashishiga umid bildirgan Pompeo Amerika respublikani taraqqiy ettirishga qaratilgan jarayonlarni olqishlashini aytgan.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston: Yillik maslahatlashuv endi Strategik sheriklik dialogi


Pompeo inson huquqlari, diniy erkinlik, inson savdosiga qarshi kurash, fuqaro jamiyati va jurnalistlar uchun sharoitni yaxshilash, erkinliklarni kengaytirish xususida ham alohida to'xtalgan.

Komilov AQSh eksportchilari va investorlari uchun imkoniyatlar hamda mamlakatda xususiylashtirish bilan bog'liq masalalarni qayd etgan.

O'zbekiston va Amerika bosh diplomatlariga ko'ra, siyosiy-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, xavfsizlik va inson manfaatlari bilan bog'liq yo'nalishlar bugungi rishtalarning asosiy asosidir.