AQSh federal sudyasi malakali xodimlarga beriladigan vizalar uchun Donald Tramp ma’muriyati joriy etgan ikki tartibni bekor qildi.
Aks holda, ish beruvchi kompaniyalar H-1B vizasi bilan yollangan mutaxassislarga katta maosh to’lashga majbur bo’lishi mumkin edi. Shu turdagi vizada nazarda tutilgan ixtisosliklar ro’yxati qisqargan bo’lar edi.
Maoshga doir yangi qoida oktabr oyida kuchga kirgan. Ixtisosliklarni qisqartirish tartibi keyingi haftadan amal qilishi rejalangan edi.
Sudya Jeffri Uaytning ta’kidlashicha, Mehnat vazirligi yangi tartiblar kuchga kirgunga qadar 30 kun mobaynida tahliliy munosabati, fikr-mulohazalarini bildirishi lozim edi. Biroq vazirlik bu davrni sukut bilan o’tkazgan.
Uayt, shuningdek, Tramp ma’muriyatining cheklovlar COVID-19 pandemiyasi davri taqozosi bilan joriy etilganiga doir izohini ham inkor etgan.
Ichki xavfsizlik vazirligi COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz davrida H-1B dasturidan mantiqli foydalanish lozimligini aytgan. Viza egalarining ishga yollanishi maoshlarga va AQShdagi mutaxassislarning bandlik bilan bog’liq shart-sharoitlariga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi kerak, deya izoh bergan edi.
Biroq sudya Uaytga ko’ra, ma’muriyat oktabr oyida qoidalarni e’lon etmagan holda ish o’rinlarini himoya qilish uchun favqulodda holatda chora ko’rayotganini iddao qilmoqda.
“Garchi ishsizlik darajasi misli ko’rilmagan darajada ortgani tufayli zudlik bilan chora ko’rish zarurligi aytib kelingan bo’lsa-da, ma’muriyat olti oy mobaynida biror amaliy qadam tashlamagan”, deb yozdi sudya.
H-1B vizalari kamida bakalavr darajasiga ega bo’lgan yuksak malakali mutaxassislarga beriladi. AQSh yiliga 85 mingga yaqin shunday vizalarni taqdim etadi. Dunyoning turli mamlakatlaridan texnologiya, muhandislik va tibbiyot sohasidagi kadrlarni AQShda vaqtincha ishlash uchun jalb etadi.