Pompeo Xitoyni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatda aybladi

  • Amerika Ovozi

Uyg'urlar haq-huquqlari uchun o'tkazilgan norozilik namoyishi, Istanbul, Turkiya, 2020-yil, 1-oktabr

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Oq uyga yangi prezident ko’chib kirishidan bir kun oldin Xitoyni insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda va genotsidda ayblab bayonot chiqardi. Uning aytishicha, Shinjon viloyatida musulmon uyg’urlar va boshqa ozchilik diniy guruhlarga qarshi sodir etilgan vahshiy qilmishlar uchun Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) javobgar.

Bayonotda yozilishicha, Xitoy Xalq Respublikasi kamida 2017-yil mart oyidan beri XKP buyrug’i va nazorati ostida bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa ozchilik etnik guruhlarni majburiy hibsda saqlash, bepusht qilish, qiynash, majburiy mehnatga jalb etish, so’z, vijdon va harakat erkinligini ashaddiy tarzda cheklash kabi jinoyatlarni sodir etib kelmoqda.

Pompeo bu jinoyatlarni II Jahon urushi davrida fashistlar qo’l urgan vahshiyliklarga qiyosladi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

“II Jahon urushi so’ngida Nyurenberg sud jarayonida insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlar javobgarlikka tortilgan; xuddi shu jinoyatlar endi Shinjonda yuz bermoqda”, - deyiladi AQSh Davlat kotibi bayonotida.

Shuningdek, Pompeo Xitoyni uyg’urlar va boshqa diniy ozchilik elatlarga qarshi genotsid sodir etganlikda aybladi.

Uning aytishicha, Xitoy davlati uyg’urlarni yo’q qilishga tizimli ravishda harakat qilmoqda va shu bois genotsid hanuz davom etmoqda.

Yer yuzida iqtisodiy, harbiy va siyosiy jihatdan ikkinchi eng qudratli davlat mutasaddilari etnik va diniy ozchilik guruhlarni majburiy assimilyatsiya orqali sekin-asta yo’q qilish siyosatini olib bormoqda, deyiladi bayonotda.

Pompeo Xitoyni barcha tutqunlarni zudlik blan ozod etishga va majburiy mehnat, qiynoqlar, tug’ruqlarni nazorat qilish, bolalarni oilalaridan ayirish, harakatni cheklash va lagerlar tizimini yo’q qilishga chaqirdi.

U, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va davlatlarni AQShga qo’shilib, bu jinoyatlar uchun mas’ullarni javobgarlikka tortish jarayonini boshlashga undadi.

“Biz jim turmaymiz. Agar Xitoy Kommunistik partiyasi o’z xalqiga, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid sodir etishiga yo’l qo’yib berilsa, uncha uzoq bo’lmagan kelajakda u erkin dunyoga qarshi nimalar qilishi mumkinligini tasavvur qilib ko’ring”, - deya o’z bayonotini yakunlaydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.