AQShda yangi prezident o’z faoliyatini boshlar ekan, jurnalistlar Oq bilan bo’lgan to’rt yillik ixtiloflar nihoyasiga yetishidan umidvor.
AQShda jurnalist bo’lib ishlash borgan sari qiyinlashmoqda. Namoyishchilar va huquq-tartibot organlari zug’umlari, hatto prezident tahdidlari odatiy holga aylandi.
Sobiq prezident Donald Trampning Kapitoliyga hujum qilgan tarafdorlari “AP” axborot agentligi jihozlarini sindirib tashladi. Bino eshiklariga “Mediani o’ldir” yozuvini osishdi.
O’tgan to’rt yil davomida “CNN” telekanaliga qo’lbola bomba jo’natildi. Annapolis shahridagi “Capital” gazetasi tahririyatida besh xodim otib tashlandi. Migrantlarni kuzatgan jurnalistlar ortidan hukumat josuslik qildi.
“Masala faqat prezident yoki uning yordamchilari matbuotni yoqtirmasligida emas; bu normal holat. Ular jurnalistlar uchun jismoniy xavf tug’diradigan darajada hujumga o’tishdi”, - deydi Milliy matbuot klubi rahbari Anjela Kin.
Tramp jurnalistlarni yolg’onchilik va noxolislikda aybladi.
“Har qanday prezident haqida xabar berilganda, qoida bo’yicha, u maqtalmaydi. Chunki bu yangilik bo’lmaydi. Shu bois Donald Tramp faoliyati keskin savol ostiga olindi. Jurnalistikaning ishi shu”, - deydi Kin.
Tahlilchilar fikricha, AQShning so’z erkinligi himoyachisi sifatidagi obro’si xalqaro maydonda pasaygan. “Vashington Post” muxbiri Jamol Qochiqchining Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida o’ldirilishiga nisbatan Vashington munosabati keskin tanqidlarga sabab bo’ldi.
“Jurnalistning qatl etilishi Saudiya hukumati bilan aloqalarga xalal berishini istashmadi”, - deydi “PEN Amerika” tashkiloti faoli Syuzan Nossel.
Uning aytishicha, huquq faollari AQSh hukumati yordamisiz dunyo bo’ylab qamoqqa tashlangan jurnalistlarni ozod etishda qiynaladi.
Davlat departamenti har doim mustaqil matbuotni qo’llab-quvvatlab kelgan. So’z erkinligiga qarshi, siyosiy asosdagi tazyiqlarni keskin qoralab bayonotlar chiqargan.
2012-yil Suriyada bedarak yo’qolgan amerikalik jurnalist Ostin Taysni qidirish ishlarida ham Oq uy ko’mak ko’rsatdi.
Prezident Jo Bayden huquq faollari va jurnalistlarni himoya qilishga hamda matbuot bilan aloqalarni tiklashga va’da berdi. Ammo uning jurnalistlarga munosabati har doim ham a’lo bo’lmagan.
Obama-Bayden ma’muriyati davrida rasmiy axborot ustidan nazorat kuchaytirilgan, ma’lumot sizdirgan manbalar jazolangan.
“Bular juda xavfli narsalar va ilgari bunaqa holatlarni ko’rmagan edik, lekin Obama-Bayden ma’muriyayi paytida shu narsalar bo’ldi. Matbuot erkinligi va axborot olish huquqi uchun kurashayotganlar Bayden-Harris ma’muriyatini yaqindan kuzatadi”, - deydi Kin.
Namoyishlarni yoritayotgan jurnalistlar uchun himoya choralari kuchaytirilishi va AQSh so’z erkinligi uchun turib berishi kerak, deydi faollar.
“Bayden ma’muriyati dunyo bo’ylab nishonga olingan individual jurnalistlar nomidan gapirishni boshlashi kerak”, - deydi Syuzan Nossel.
AQShda yangi prezident o’z faoliyatini boshlar ekan, jurnalistlar va huquq faollari uni yaqindan kuzatishda davom etadi.